Milliy seriallarimiz milliy kontentga qarshi ishlanmayaptimi?

10.05.2024 21:07

Mulohaza  

"Xotinchalish qayniuka", "Kundosh"," Xotining zo`r narsa edi", "Azart", "Dushman", "Xotinboz", "Ayolim foxishami?", "Beva ayolning kirdikorlari", "Singlisining erini sevgan opa", "Xiyonatkor", "Kundoshlik azobi", "Zo`rlangan qiz", "Xiyonatda qo`lga tushgan kelin", "Bir uyda ikki xotin bilan yashagan odam", "Axlatga aylangan qismat", "Dugonamning eri", "Erimdan shubhalanyapman", "18 yoshli jazman", "Erini zaharlagan ayol"...

Bu hali shunchaki "milliy" seriallarga berilgan nomlar!  
Voqealar rivojini esa bayon etishga na qalam va na til ojiz...  

Gapning indallosi shuki, "milliy serial" deb efirga uzatilayotgan ushbularni serial deyishga ham tilim bormayapti, o`shalar faqat o`zlikni, milliylikni yo`qotish uchun dastak bo`lib qolmayaptimikan? Oila davrasida o`tirib ko`rishga yaramaydi, uyalib ketasan sarlavhasidan... 

Shu "milliy seriallar"ga talab borligidan ularning soni urchib boryaptimi? 

Misol uchun, “Nomus”da zarracha ham nomusni topib bo`lmaydi, “Jurnalist” serialida esa jurnalistning o`zi yo`q. Nomi jarangdor, o`zi esa…

Bir rasmiy yig`ilishda shu seriallar bo`yicha savol bergandim. 

Kattakonroq amaldor xususiy telekanallarni boshqara olmaymiz, chunki ular xususiy-da, mayli, men bir bu muammoni tegishli tashkilotlarga etkazaman, echim topamiz, degan edi! 

Ishonmaysiz aytsam, echimni hali-hamon kutaman, ko`o`o`o`p kutsam keragooov... 

Telekanal xususiy ekan, kechirasizlar-u xalq xususiy emasku! Qo`lida hunari bor, o`qigan ayollar serial ko`rishga vaqt topmas, ammo ishlamaydigan, ovunchog`i televizor bo`lgan uy bekalari ko`r-ko`rona serialdagi voqealarga ergashmoqda. 

Bunday saviyasi past seriallarning oldini olish uchun echimni o`zimiz topishimiz kerak. Tanlov o`z qo`limizda, serial o`rniga biror-bir badiiy kitob o`qish 100 marta manfaatli. Seriallar hayotdan olinyapti, degan qarashlar bor, xo`sh, shunday engiltaklikdan iboratmikan hayot? "Ko`rpaga qarab oyoq uzatish" deb jim yurish kerak emas. Serialni hayotdan olmoqchi bo`lsangiz xaqiqiy xalqning ichiga kiring, ular bilan suhbatlashing, ularning dardini tinglang, ular ishtirokida serial oling! Toshkentning qaysidir kafesida, boy xonadonda serial olishdan, bir xillikdan zerikmadingizmi? Biz kimning avlodimiz, o`zingizga savol bering, janob serial oladiganlar!? Siz ham "o`zbek milliy serial"larini  ko`rasizmi? Nima beradi sizga? Xalqqa nima berayapti deb o`ylaysizmi?  Hayotda o`rnak olishga arziydigan ziyoli insonlar ko`p.  Marhamat oling shular ishtirokida serial, kim to`sqinlik qiladi?

Nemis yozuvchisi Georg Lixtenberg aytadi: "Qaerdaki loqaydlik – u erda xato, qaerdaki sovuqqonlik – u erda jinoyat".  

Ko`pchilik o`zbek milliy  seriallarini ko`rmayman deb inkor etishadi, ana shu loqaydlik hisobiga o`zbek milliy seriallari qo`shtirnoq ichiga tushib, bulg`andi...

Xo`sh, buni kim nazoratga oladi?  

Bolaligimni yaxshi xotirlayman. "Suyunchi", "Osmondagi bolalar", "Kichkina tabib", "Tangalik bolalar", "Chinor ostidagi duel", "Mehrobdan chayon", "Kecha va Kunduz", "Maysaraning ishi", "Kelinlar qo`zg`oloni", "Mahallada duv-duv gap", "Maftuningman"larni qayta-qayta ko`rsam ham to`ymayman, har ko`rganimda ilgari payqamagan sirlarni kashf etaman. Bu kinolar asrlar o`tsa-da, o`z qiymatini yo`qotmasligiga ishonaman! 

Ma`lumot o`rnida bir so`z aytsam ishonasizmi? Milliy seriallar ishlab chiqarishni qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish uchun respublika miqyosida faoliyat yurituvchi telekanallarga Kinematografiya  agentligi  tomonidan har yili 12 milliard so`mdan kam bo`lmagan miqdorda subsidiya mablag`lari ajratilar ekan. Shuncha mablag` ajratilsa-da, nega seriallar o`zini, ketgan xarajatini oqlamayapti? Bu kabi katta mablag`larga shu maishiy mavzudagi seriallar ishlanishi qanchalik adolatli? 

Qahramonlarning soxtaligi, shevadagi so`zlardan foydalanish, tirnoqlar olinmasligi, yuz, lablar shishgan sun`iy qiyofalar, kiyinish madaniyati, bularning barchasi hissiyotga xizmat qilayapti.

Bu kabi mayda muammolarga to`xtalsak, serialning ma`nosi, xalqqa nima berishi haqida, umuman olganda, asrlar o`tsa-da, o`lmaydigan seriallar olishga sira ko`zim etmaydi...

Shu qadar maishiy mavzuda o`ralashib qolganmiz. "Kalavaning uchini yo`qotganimiz"ga ancha bo`ldi, aynan seriallar borasida. 

Bu ketishda o`zligimizni ham yo`qotishdek bir jar yoqasidamiz, degan xavotir qiynaydi meni... 

Muqaddas SADDINOVA, 

jurnalist

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
3
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар