Open budjet: bu yil bayram qiladiganlar taxminan uch barobarga kamayishi mumkin

31.03.2024 16:55

“Tashabbusli byudjet” loyihasi so`nggi yillarda ommalashdi. Aholi g`olib bo`lish uchun har qanday innovasion yo`llarni qo`llab ko`rishmoqda. Bu loyihaga mas`ul Iqtisodiyot va moliya vazirligi ham ham qarab turgani yo`q, ular ham imkon qadar g`oliblar sonini kamaytirish choralarini izlashmoqda.

Iqtisodiyot va moliya vazirligini cho`chitgan raqamlarga e`tibor qaratamiz: 2023 yilgi birinchi mavsumda 16 million o`zbekistonlik ovoz berib, rekord yangilangan edi. Natijada esa, 1666 ta loyiha g`olib deb topilgan. G`olib loyihalar ijrosiga 1,6 trillion so`m ajratildi. Keyinchalik 2 mingtadan ortiq ovoz olib g`olib bo`lolmagan yana 1,3 mingta loyihani moliyalashtirish uchun qo`shimcha 1,3 trillion so`m ajratilishi belgilandi. Bundan tashqari, tanlovda 1,5 mingta ovoz olib, g`olib bo`lolmagan loyihalar 2024 yilgi byudjet dasturiga kiritilishi belgilandi.

Loyiha o`zbekistonliklar orasida shu qadar ommalashdiki, 2023 yildagi birinchi mavsumda ovoz berganlar soni 2021 yilda ovoz berganlardan 13 baravar ko`p bo`ldi. Raqobat kattaligidan, odamlar o`z loyihasi g`olib bo`lishi uchun turli yo`llarni izlashga majbur bo`lgan.

Ommalashish davom etayotgani bois, 2024 yil mavsumida g`oliblar soni yanada ko`payish ehtimoli sezilib qolgandi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi esa, raqamlar yanada katta ko`rinish hosil qilmasligi uchun choralarni izlay boshladi. Chunki, hukumatning “Tashabbusli byudjet” loyihasi bo`yicha aholi oldida o`tgan yildagi qarzi ham turibdi.

Izlanishlar samara berdi. Natija shuki, “Bir odam – bir ovoz” sxemasi tanlandi. Ya`ni, Iqtisodiyot va moliya vazirligining maxsus elektron bazasini elektron hukumat bilan integrasiya qilish orqali bir fuqaro bir martadan ko`p ovoz berish imkoniyati cheklandi.

O`tgan yillarda nomida nechta sim-karta bo`lsa, shuncha ovoz berilar edi. Odamlar hattoki, o`nlab sim-karta sotib olib, ovoz bera boshlashgan edi. Ular ko`chasi asfalt bo`lishi, farzandlari o`qiydigan maktablar ta`mirlanishi uchun har qanday yo`llarni izlab topishayotgan edi. 

Endi esa “bir odam – bir ovoz” loyihasi bilan imkoniyatlar cheklab qo`yildi. Bu esa, g`oliblar soni karrasiga kamayishini anglatadi.

O`zbekiston aholisi 36 milliondan ortiq bo`lsa, ularning 20 milliondan ziyodi ovoz berish huquqiga ega. Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma`lumotiga ko`ra, “Tashabbusli byudjet”ning 2023 yil birinchi mavsumida 16 129 764 fuqaro ovoz berishda qatnashgan. Bu yurtimiz aholisining qariyb 45 foizi hisoblanadi.

So`nggi yildagi raqamlar o`sishiga e`tibor qaratadigan bo`lsak, 2021 yilgi ovoz berish jarayonida 1,1 million fuqaro qatnashgan bo`lsa, 2022 yilning birinchi mavsumida ular soni 6,7 milliondan ziyodroq bo`lgan edi. 2023 yilning mos davrida 16 million ovoz yig`ilgan. Bir yilda faollik 9,3 millionga oshganini ko`rsatmoqda. Yildan yilga oshib borayotgan raqamlar joriy yilda ham yangi rekord o`rnatishi kundek ravshan bo`lib qolgandi.

G`oliblar sonini kamaytirishga xizmat qiladigan “bir odam – bir ovoz” sxemasiga o`tish uchun turli takliflar berildi. Ular orasida berilgan ovozlarni IMEI orqali identifikasiya qilish, telefon raqamlarga JShShIRni integrasiyalash va jarayon yakunlangach, nofaol sim-kartalarni aniqlash kabilar bor edi.

“One ID” orqali ovoz berishga o`tish taklifi ham berilgan. Ammo, bu taklif fuqarolar uchun murakkab jarayon bo`lgani sababli qanoatlantirilmadi. O`tgan yilda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ovoz berish jarayoniga Face ID tizimini tatbiq etmoqchi bo`ldi, ammo bu ham odamlarga qiyinchilik tug`dirishi hisobga olindi.

“Bir odam – bir ovoz” prinsipiga o`tilgandan so`ng ko`chada ovoz uchun kurashlar yanada avj olganini kuzatish mumkin. Mazkur uslub ovozlar narxini ham keskin oshirib yubordi. Ayni kunda bitta ovoz narxi 50 ming so`mgacha ko`tarilgan. Hattoki, mingta ovoz uchun mashinasini ham tikayotganlar uchramoqda. Bu xarajatlar albatta fuqarolarning shaxsiy mablag`idan amalga oshirilmoqda.

Yildan-yilga raqobati kuchayib borayotgan ovoz yig`ish jarayoniga esa har doimgiday byudjet tashkilotlarining xodimlari ham jalb qilinishi achinarli hol.

«Ochiq byudjet» portali ma`lumotlariga ko`ra, 2024 yil birinchi mavsumi uchun 9443 ta mahalla fuqarolar yig`inidan 35 575 ta tashabbus kelib tushgan bo`lib, shundan 28 919 tasi ma`qullangan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan ma`qullangan tashabbuslar soni salkam 30 mingtaga etgan ammo, “Bir odam – bir ovoz” prinsipi bilan cheklov joriy qilingandan so`ng etarli ovoz to`play oladigan loyihalar soni keskin kamayishi mumkin.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар