Maktablardagi agressiv holatlarlarga kim javobgar?

18.03.2024 08:24

Oxirgi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda maktab o`quvchilarining kaltaklanishi yoki tazyiqqa uchrashi bilan bog`liq holatlar avj olmoqda. Buni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolardan ham bilish mumkin. 

Agar ta`limga oid  “yangiliklar” nomi ostida bu videolarni jamlasak, ijtimoiy tarmoqlarda har oy chiqadigan yangi rukn paydo bo`ladi. 

2024 yil boshlanganiga endigina 3 oy bo`ldi, bu vaqt ichida Navoiyda o`qituvchi 2 nafar o`quvchini kaltakladi, Chinozda o`qituvchi o`quvchining boshini devorga bir necha bor qattiq urib, jarohat etkazdi, Xorazmda o`qituvchi boshlang`ich sinf o`quvchilarini urdi, Navoiyda direktor yoki milliy gvardiya xodimi o`quvchilarni sport zaliga yig`ib, sochini oldirdi va yaqinda Marg`ilondagi maktabda o`qituvchi ruxsatsiz hojatxonaga chiqqan o`quvchining boshini telefon bilan urib yordi.

Maktablarda bolalarga nisbatan bunday holatlar uchun kimlar javobgar? 2024 yilning 14 fevralida Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligi hamda Milliy gvardiya hamkorligida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan tashkil etilgan matbuot anjumanida Hokimliklar maktabning moddiy texnik bazasini,  Milliy gvardiya davomat masalasini, Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligi esa, yagona davlat siyosatini nazorat qiladi deyilgan.

Bolalar ombudsmani ushbu holatlarga nisbatan o`zining ijtimoiy sahifasida munosabat berib boradi, ammo Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligi bularning bizga aloqasi yo`q, qabilida ish tutadi. Misol uchun, oxirgi sodir bo`lgan Navoiydagi va Marg`ilondagi holatlar bo`yicha Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligi hech qanday munosabat bildirmagan.

Tadqiqotlarga ko`ra, o`qituvchilik - stress yuqori bo`lgan kasblardan biri hisoblanadi. Olimlarning fikricha, ish talabi yuqori, mustaqil qaror qabul qilish imkoniyati past bo`lgan ishlarda stress xavfi yuqori bo`ladi. Ishda talab qilinadigan harakatdan unga to`lanadigan ish haqi kam bo`lgan holatlarda ham stress xavfi yuqori bo`ladi. Garchi o`qituvchilarning oyligini ko`p yillardan beri ming dollarga oshiramiz deb aytilsa-da, bizda o`qituvchilarning aksariyati o`rtachadan past oylikka ishlaydi.

Maktabgacha va maktab ta`limi vaziri Hilola Umarova O`zbekiston milliy axborot agentligiga 12 mart kuni bergan intervyusida jamiyatda ayollarning, ayol o`qituvchilarning o`rni yuqori darajada ekanligini aytib o`tgan. Ammo, maqolaning hech bir joyida bugungi maktab o`qituvchilardagi asabiy zo`riqish holatlari va  ushbu holatlarning sabablari haqida gapirilmagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda yuqoridagi kabi holatlar tarqalganidan so`ng, jamoatchilikning aksariyati o`qituvchini yoki o`quvchini ayblaydi, jurnalistlar va jamoat faollari esa, tizim tepasida turganlarning ushbu muammolarni hal qilishda qanday choralar ko`rilyapti, degan savolni o`rtaga tashlaydi. Ammo ta`limga daxldor tashkilotlarni ko`paytirish bilan ovora hukumat yoki soni bor-u, o`rni sezilmaydigan tashkilotlar bu savolga javob bermaydi yoki bera olmaydi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
2
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар