Ichki ishlar xodimlari sobiq “melisa”ning vaxshiylarcha qilgan jinoyatini yashirmoqchi bo`lishgan.
O`zbekiston inson huquqlari Ezgulik jamiyatining raisi Abdurahmon Tashanovning xabar berishicha, ushbu tasvir kecha Samarqandning Bog`ishamol dahasidagi Ozod Sharq ko`chasida olingan ekan.
Bolani Damas mashinasiga zanjirlangan holatda ko`rgan atrofdagilar 102 ga qo`ngiroq qilishgan. Voqea joyiga etib kelgan Ichki ishlar xodimlari zo`ravon shaxsning sobiq xodim ekanini bilgach, guvohlarga zo`ravonlik bo`lmagani haqidagi dalolatnomaga qo`l qo`ydirishgan.
“Huquqni muhofaza qilish organi sobiq xodimi tomonidan bandi qilingan bolakay hozirda Samarqand shahar IIB 4-bo`limida, taqdirini bilmaymiz. Ammo bolani bandi qilgan, uni qiynagan odam uyida bemalol o`tiribdi.
Taxminimizcha, Allohning bu murg`ak yaratig`i ertangi rasmiy xabarlarda "xudo urgan" bo`lib chiqadi. Astag`firulloh...”, – deya izoh qoldirgan A.Tashanov.
Bandi qilingan bola bo`yicha munosabat bildrigan Bosh prokuratura matbuot xizmati ham tergov harakatlari ichki ishlar organlariga topshirilganini ma`lum qilgan.
“Samarqandda bolaga nisbatan zo`rovonlik qilinganligi holati yuzasidan Jinoyat kodeksining 138-moddasi (Zo`rlik ishlatib g`ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi. Hozirda ichki ishlar organlari tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov jarayoni nazoratga olingan”, – deyiladi Bosh prokuratura munosabatida.