Jurnalist kira olmagan Xotin-qizlar qo`mitasiga bosim va zo`ravonlikdan azob chekib, najot izlab yurgan ayollarimiz qanday kira oladi?
“Mening yurtim” telekanalining jurnalisti Xotin-qizlar qo`mitasida shu sohaga taalluqli mavzuda intervyu olish uchun borgani va u erda cheklovga duch kelganini o`zining Feysbuk sahifasida yozib qoldirdi.
“Intervyu olish uchun binoning kirish hududidan joy qilib berishdi, ichkariga kirish uchun esa ruxsat berishmadi. Binoga mas`ul “rejim opa”dan dakki ham eshitdim. Islohotni yoritaman deb borgan joyimda, qo`l boshqaruvida ishlayotgan “kasalmand” tizimga duch kelib qaytdim”, – deydi voqeaga “Xotin-qizlar qo`mitasi nega binosiga jurnalistlar kirishidan qo`rqadi?” deya sarlavha qo`ygan MYu telekanalining jurnalisti Yulduz Ibragimova.
Voqea qanday bo`lganini quyida o`qishingiz mumkin:
Xotin-qizlar qo`mitasiga “Qizlar akademiyasi” platformasi bo`yicha intervyu olish uchun bordim. Bizni matbuot kotibi va tayinlangan mutaxassis kutib oldi. Hammasi risoladagidek o`tayotgan edi, toki biz intervyu olish uchun qulay joyni izlashga tushgunimizga qadar...
Tashqarida yomg`irli ob-havo, biz turgan birinchi qavatdagi xoll, ya`ni eshik oldi kirib-chiquvchilar bilan gavjum va shovqinli bo`lgani uchun, ikkinchi yoki uchinchi qavatdan tinchroq joy topib berishlarini iltimos qildim.
Shu payt bizning suhbatimizni eshitib turgan eshik oldidagi Milliy gvardiya xodimi bizga faqat shu joyda intervyu olishimiz mumkinligi, binoning boshqa qavatlariga o`tish taqiqlanishini aytdi.
Bu cheklovni kim qo`yganini so`raganimda, xodim "Binoning xavfsizligiga mas`ul “opa” deb javob berdi.
Men o`sha “rejim”ga mas`ul ayolni qarshimizga chiqib, holat bo`yicha tushuntirish berishini so`radim. Birozdan so`ng o`sha ko`rsatma bergan formali ayol kelib, bizga faqat o`sha joyda tasvirga olishimiz mumkinligini aytib, kamiga “Intervyuni ishxonangizga chaqirib olsangiz bo`lmasmidi?”, deb maslahat ham berib qo`ydi.
Men xodimdan qaysi huquqiy asosga tayangan holda bunday cheklov qo`yilayotganiga izoh so`radim. U esa haq-huquqlarini biladigan jurnalistga ro`para kelganini anglagan bo`lsa-da, vaziyatni yumshatish haqida o`ylamadi va javobdan qochishni afzal ko`rdi.
Meni hayron qoldirgan jihat shuki, bino xavfsizligiga javobgar xodimning hatto tashkilot matbuot kotibini ham bir tiyinga olmayotgani, tushuntirishga urinayotgan hamkasbini umuman pisand etmayotgani edi.
U Saodat Boymirzaevaga qarab, “Ana, Zulayho Bahriddinovnaga qo`ng`iroq qilib ruxsat oling-da, keyin bilganingizni qiling!”, deb jaxl qilib ko`zdan g`oyib bo`ldi. Keta turib, o`z bo`ysunuvidagi milliy gvardiya xodimiga bizning hujjatlarimizni yaxshilab tekshirishni ham tayinlab o`dag`ayladi!
Qiziq, bosh vazir o`rinbosarining Xotin-qizlar qo`mitasidagi shu kabi mayda tashkiliy ishlarni hal qilishdan boshqa ishi yo`qmikin?
Xullas, islohotni yoritaman deb borgan joyimda, qo`l boshqaruvida ishlayotgan “kasalmand” tizimga duch kelib qaytdim!"
Shuningdek, jurnalist o`z postida bosh vazir o`rinbosari Zulayho Mahkamovaga murojaat qilib, tasvirga olish mumkin emasligi haqida topshiriq haqiqatdan berilgan bo`lsa, u qaysi asoslarga ko`ra berilganini so`ragan. O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyaning yangi tahrir 82-moddasida Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to`sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo`lishi aniq qilib belgilab qo`yilgan bo`lsa-da, hali ham davlat idoralari yoki ayrim shaxslar tomonidan OAV xodimlari faoliyatiga ochiqchasiga to`sqinlik qilish holatlari kuzatilmoqda.