«Zona»dagi do`stining hurmati uchun qamoqxonada konsert bergan san`atkor

18.02.2021 06:53

U Mustaqillik bayramiga bir kun qolganida yurak xurujiga uchragan

O`zbekiston xalq artisti Nuriddin Haydarov o`zining yutuqlaridan behad quvongan, gohida ortiqcha iztirob chekkan kunlari ham ko`p bo`lgan.

Bir gal g`alati voqea ro`y berdi. Mashhur xonandalaridan biri respublika gazetasida «Qo`shiq taqlidchiligi – illat!» sarlavhali maqola chop ettirdi. Unda haqiqiy taqlidchilar bir chetda qolib, negadir aynan o`zining hamyurti hisoblanmish Nuriddin Haydarovni nishonga oldi. «U falonchining naq o`zi bo`lib kuylaydi, ashulalari bir chaqaga arzimaydi», degan mazmunda pisanda qildi. Holbuki, bu paytda Nuriddin o`z ovozi va o`z uslubiga ega san`atkorga aylangan, shaxsiy qo`shiqlari ancha ko`paygan, xalq orasida obro`si baland edi. Tanqidchi negadir bular haqida to`xtalmagan, faqat uning avvalroq ustozlari usulida aytgan bir-ikkita qo`shig`ini qoralagandi.

Turgan gap, nogahon panadan otilgan tosh yosh xonandaga qattiq ta`sir qildi. U yuragiga zaharli o`qdek sanchilgan noo`rin tanqiddan qattiq gangib qoldi. Nazarida, ustozlari ishonchini oqlolmaganday, muxlislar mehrini qozonolmaganday, hamma uning ustidan kulayotganday tuyuldi. Alaloqibat kayfiyati buzilib, ancha vaqt odamlar ko`ziga ko`rinmay yurdi. Hatto, bir muddat ijoddan ko`ngli sovidi. Xayriyatki, irodasi mustahkam ekan. Bora-bora o`zini o`nglab oldi. Oldingi qo`shiqlariga qaytadan sayqal berib, yangi-yangilarini yaratdi. Ijodiy bisotini ayricha ohang, ayricha jozibaga ega yuzga yaqin rang-barang qo`shiq bilan boyitdi. Men u bemavrid ta`na-malomatlarga qanday dosh bergani, o`zini otarchiga mengzagan «bashoratchi»ning gumonlarini qay tariqa chippakka chiqargani haqida maqola yozib, o`zim ishlayotgan «O`zbekiston adabiyoti va san`ati» gazetasida e`lon qildim.

Eng muhimi, Nuriddin ba`zi «yulduz»larga o`xshab o`ziga ortiqcha bino qo`ymagandi. Kimki ishi tushib yoki xizmatga aytib kelsa, uning istagini albatta bajo keltirish payida bo`lardi. Ayniqsa, do`stlaridan mehr-sadoqatini ayamasdi. Masalan, ancha yillar burun unga birovlarning kasofati urib qamalib qolgan sobiq sinfdoshidan xat keladi.

«Nuriddin, meni kechir, – deb boshlanardi maktub. – Tunov kuni «zona»dagilarga oqibatini o`ylamay, maqtanib qo`yibman. «Yaralmish» degan qo`shig`ingni radiodan eshitayotib, «Bu yigit qadrdonim bo`ladi», deb yuboribman. Ishonish qayda? Masxaralab ustimdan rosa kulishdi. «Qachonlardir birga o`qigan bo`lsa, bordir, endi sendan yuz o`girgani tayin. Axir, u el ko`zida yurgan odam, sen-chi?.. Sen bor-yo`g`i bir jinoyatchisan-da!» deya kesatishdi. E`tiroz bildirgandim, nozik joyimdan ushlashdi. «Chin do`sting bo`lsa, chaqir, shu erga kelib konsert bersin!» degan shart qo`yishdi... Nimayam qilardim, ochig`ini yozdim. Balki gaplarim nafsoniyatingga tegar, «Kunim kelib-kelib, qamoqxonada qo`shiq aytishga qoluvdimi?» deya or qilarsan. Yana bilmadim, ehtimol, o`tinchimni inobatga olarsan, jilla qursa, shu tomonlarga yo`ling tushganda, birrov kirib o`tarsan...»

Yo`q, Nuriddin do`stidan or qilmadi. Qarshiga bordi. O`sha erda «Pravda Vostoka» gazetasining viloyat muxbiri sifatida ishlayotgan qadrdoni, asli vodiylik taniqli jurnalist Qodirjon Sobirovga uchrashdi. U orqali mutasaddilarga dardini aytdi. Ko`p o`tmay, hammasi risoladagidek bo`ldi. Nuriddin sinfdoshi jazo muddatini o`tayotgan joyda konsert berdi. Yomg`ir shivalab turgan bo`lishiga qaramay, ochiq maydonda o`ttizga yaqin qo`shiq aytdi. Shu tariqa ham do`stining yuzini yorug` qildi, ham ezgulikka tashna qalblarni xushnud etdi.

U rafiqasi Manzuraxonni mudom asrab-avaylardi. Olti nafar farzandi va uch nabirasini eru ko`kka ishonmasdi. Hammasining kelajagidan umidi katta edi. «Kenjatoyim Jasurbek taekvando bo`yicha jahon chempioni bo`lganini ko`rsam, elga manzur yangi qo`shiqlar yaratsam, 75 yil yashasam» degan gapni bot-bot takrorlardi. Ammo...

Istiqlolimizning 13 yilligiga bag`ishlangan bayram konsertini u «Men nechun sevaman O`zbekistonni?» qo`shig`i bilan ochib berishi belgilangandi. Afsuski, tantanadan bir kun oldin to`satdan yurak xuruji tutib, yotib qoldi. Anjumanda uning o`rniga shogirdi Bekmurod Jo`raev qatnashdi. Sal keyinroq Nuriddin Surxondaryodagi o`zi qatnashishi lozim bo`lgan to`yga ham shu shogirdini jo`natdi. Uni kuzatayotib, «Qaytishingda menga Omonxona suvidan olib kel!» deya tayinladi. Tayinladi-yu, ertasi kuni olamdan o`tdi.

Nachora, Nuriddin ezgu niyatlari ro`yobini ko`rolmadi, loaqal so`nggi nafasi oldidan yurtimizning shifobaxsh suvini to`yib-to`yib icholmadi. Biri kam armonli dunyo deganlari, ehtimol, shudir. Ammo bir taskin shuki, u behuda yashamadi. O`zidan zuvalasi yaxshilik, ezgulik va mehr-muhabbat urug`i ila yo`g`rilgan bebaho xazina qoldirib ketdi.

Zero, uning dilrabo qo`shiqlari hamon xonadonlarimizda va turli davralarda yangramoqda, xotirasi esa xalqimiz qalbida yashamoqda. Eng muhimi, uning xalqqa xizmat qilishdek savobli ishini o`g`li – o`ziga xos iste`dod sohibi Hojiakbar hamda mehr-oqibatli shogirdlari sidqidildan davom ettirishmoqda...

Abdunabi HAYDAROV,

O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan jurnalist

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
5
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
19.02.2021 18:49
Rahmatli Nuriddinjon yana bir do’stining iltimosi bilan boshqa “zona” da ham konsert bergan, bu tahminan 2002 yil bo’lsa kerak... Beg’ubor, sodda va kamtarin inson edi... joyi jannatda bo’lsin!