Bosh vazir qarorni imzolasa, yana bir oliy ta`lim muassasasining mingdan ortiq talabasi ko`chada qolishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 12 yanvardagi “Davlat mulki ob`ektlaridan samarali foydalanishni tashkil etish to`g`risida”gi qarori loyihasida Toshkent shahar Shayxontohur tumani, “Samarqand darvoza” ko`chasi, 60-uyda joylashgan Toshkent kimyo-texnologiya institutining 2700 kv.m.dan iborat bo`lgan 1-3 qavatlardagi bino va inshootlarini tegishli hududi bilan O`zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Akademik liseyiga operativ boshqaruv huquqi asosida tekin berish to`g`risidagi taklifiga rozilik berilsin, deyilgan.
Ushbu qaror loyihasiga kiritilgan Tushuntirish xatida “Samarqand darvoza” ko`chasi, 60-uyda joylashgan Toshkent kimyo-texnologiya institutiga qarashli mazkur bino-inshootining 2700 kv. metrdan iborat bo`lgan 1-3 qavatlaridan FOYDALANILMAYDI, degan mazmundagi ma`lumot kiritilgan.
Qaror loyihasiga kiritilgan binoning 1-3 qavatlarida Toshkent kimyo-texnologiya institutining "Menejment va professional ta`lim" fakulteti joylashgan bo`lib, ayni kunda mazkur fakultetning 6 ta kafedrasida ming nafardan ortiq talaba tahsil olmoqda. 120 nafar professor, o`qituvchilar va yana 20 nafar bino xodimlari faoliyat yuritmoqda ekan.
Qaror bilan O`zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Akademik liseyiga olib berilishi kerak bo`lgan mazkur binoning 4, 5-qavatlarida ayni shu lisey joylashgan. Mazkur liseyning 358 nafar o`quvchilariga shart-sharoit yaratib berish uchun 1024 nafar talaba o`quv binosisiz qolishi mumkin, agar Bosh vazir qaror loyihasini imzolasa.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayyorlanadigan qaror loyihasi uchun kiritilgan tushuntirish xatida esa, hozirgi kunda binoning 2700 kv. metrdan iborat bo`lgan 1-3 qavatlari bo`sh turibdi, deyilgan.
Vaholanki, ushbu binoda, 6 ta kafedradan iborat butun boshli bir fakultet o`zining ming nafardan ortiq talabasiga oliy ta`limdan dars berib kelmoqda.
Fakultet dekanatining bergan ma`lumotlariga ko`ra, 894 nafar talaba kontrakt to`lov shartnoma asosida o`qishar ekan. Bu to`lov shartnomalar bilan esa, byudjetga bir yilda 8 mlrd 18 million so`m tushum bo`lar ekan.
Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan qog`ozdagi xulosada davlat hisobiga yiliga 8 milliard so`mdan ortiq mablag`ni tushum qilayotgan katta bir tashkilotning mavjudligi inkor etilmoqda.