Islom Karimovning birinchi xos soqchilari boshlig`i bo`lgan Jahongir Abirov, bugun oddiygina dala hovlisida yashaydi. 77 yoshga kirgan bo`lsa-da hali ham g`ayratli, sport bilan shug`ullanadi, kitob o`qiydi, o`zining chog`roqqina issiqxonasi va bog`ida mevalar etishtirib “Mehribonlik uy”lariga tarqatadi.
Mamlakatning birinchi rahbari bilan ishlagan odamning bugungi hayoti juda ham oddiy. Lekin, bu uni o`ylantirmaydi. “Mening hayotim mazmuni faqat Vatanga xizmat qilish edi. O`z burchimni bajarish uchun hamma narsadan voz kechganman. Bosh g`oyam esa halollik! Kim halol ishlasa, o`z manfaatini Vatan manfaatidan ustun qo`ymasa, ish faoliyati davomida birovning haqqiga xiyonat qilmagan bo`lsa, hech kimga adolatsizlik qilmasa, u tinch ishlaydi. Mana men tinch uxlayapman. Asosiy boyligim esa – oilam va manavi javondagi kitoblarim”, deya sobiq xavfsizlik tizimi xodimi Jahongir Abirov Rost24.uz axborot saytiga o`z hayotidagi qiziqarli hodisalarni so`zlab berdi.
Xavfsizlik tizimida ish boshlaganimda birinchi bo`lib davlatga qarshi jinoyatlar qiluvchi nolegal shaxslarni aniqlash bo`limida faoliyat olib borganman
Men qiyinchilikda, otasiz o`sganman, lekin eng ko`p qiziqqanim kitob o`qish edi. Hozirgacha ham kitobsiz hayotimni tasavvur qila olmayman. Kechki guruhda o`qiganman. Men uchun eng qimmatli narsa vaqt. Xuddi aynan u menga doim etmayotgandek tuyuladi. 16 yoshga kirmagan edim, soat 3 gacha o`qirdim, keyin sport mashg`ulotlari, undan keyin zavodga ishga borardik. Bir muddatdan so`ng harbiy xizmatga ketdim, u erda sport bilan shug`ullanishda davom etdim va chempion bo`ldim. Kelganimdan keyin ta`limda ishladim. Xavfsizlik tizimida ish boshlaganimda birinchi bo`lib davlatga qarshi jinoyatlar qiluvchi nolegal shaxslarni aniqlash bo`limida faoliyat olib borganman.
Bir kuni bir korxonada xorij agenti ishlayotgani haqida xabar keldi. Men uni uni topishim kerak edi
1970 yillarning boshi edi. Bir kuni bizga bir korxonada xorij agenti ishlayotgani haqida xabar keldi. Men korxonaga bordim. Kuzatdim. Bir kishi jamoaviy suratlarga umuman tushishni istamas ekan. E`tiborimni shu odam tortdi. Keyin surishtirsam u xodim o`zi jahon urushida qatnashgan, uylangan. Lekin e`tiborimni tortgan jihati u xotinining familiyasini olgan ekan. Keyin ikkinchi xotinga uylangan va yana familiyasini almashtirgan. Umuman olganda uch marta familiyasini almashtirgan ekan.
O`zini osgan odam bilan bog`liq holatni o`rgangandim. Aslida marhumni qora shinelli odam o`ldirgan edi
Bir marta o`zini osgan odam bilan bog`liq holatni o`rgangandim. O`shanda hammasi xuddi o`zini osgandek qilib uyushtirilgan ekan. Men voqea joyini o`rgandim. Aslida marhum o`zini osgandek bo`lsa-da, taburetkaning turishidan xuddi kimdir bu stulni tepib yuborgandek tuyulgandi menga. Keyin ko`chada surishtiruv o`tkazdim. Bir kampir va chol o`tirgan ekan. So`rasam qora shinelli odam aynan o`lim qayd etilishidan oldin xonaga kirganini aytishdi. Shundan keyin bu ishda haqiqiy aybdorni fosh qilganmiz. Aytmoqchi bo`lganim, bizni ishda eng kichik detallar ham ahamiyatga ega.
Meni Uchquduq koniga jo`natishdi: qo`limizda na hujjat bor va na to`pponcha...
1981 yil meni Uchquduq koniga jo`natishgandi, u erda hamma narsani boshidan boshladim va meni boshliq qilib tayinlashdi. U erda ham ishlash oson bo`lmadi. Qo`limizda na hujjat bor na to`pponcha, ammo qanday bo`lmasin, ishni bajarish kerak... O`zim to`g`ri borsam qabul ham qilishmaydi. Keyin bu vaziyatdan ham chiqdim. Telefon qildim-da o`zimni lavozimimni aytdim va birozdan keyin yordamchimni jo`natishimni va menga ma`lumot yuborishini so`radim.
U yo`q, demadi va keyinroq o`zim bordim, aslida hech qanday yordamchim bormagandi. Boshliq telefon qildimi, meni jo`natdi, dedim-da hujjatlarni o`rganishni boshladim. Vaziyatlardan shunday chiqishga to`g`ri keladi ba`zida...
Bir kuni Uran konida g`arbning razvedkasi vakili ishlayotganini va uni topishimiz kerakligi to`g`risida topshiriq keldi
Bir kuni Uran konida g`arbning razvedkasi vakili ishlayotgani va uni topishimiz kerakligi to`g`risida topshiriq keldi. 10 mingdan ziyod kartani o`rgandik. Xuddi guruch kurmagini tergandik terdim. Biz birinchi uchta kategoriyaga bo`ldik. Bir necha savollar qo`ydik: Xo`sh nega ishlashga kelgan, nimaga u uchun bu er qiziq bo`lishi mumkin. Axir u er zararli joy, 50 darajadan yuqori harorat. Oylik yoki o`zi yoshroq bo`lsa ekan, qiziqish uni boshlab kelgan, deyish mumkin.
Bir yigitni gaplari menda ham shubha uyg`otdi. Keyin bilsam, o`sha yigit oldin Afg`onistonda xizmat qilganida, bezorlik qilganini aniqladik va o`zimizning uslublar bilan qayta tekshirganimizda, aynan o`sha kishining aloqadorligi aniqlandi.
Uchquduqqa osmondan bir jism tushgandi
Bir kuni oddiy aholidan “bir yaltiroq jism yotibdi”, degan xabar keldi. Men o`zim bilan pirotexnikni oldim va 4 kishi etib bordik. Qarasak, bu sun`iy yo`ldosh ekan. Juda ehtiyotkor bo`lish kerak edi, bu biologik qurolmi, tegsangiz portlab ketadimi, yo`qmi bilmaysiz. Qarorni esa siz qabul qilishingiz kerak. Bu qarorda sizning hayotingiz ham garovda turadi. Biz harbiy samolyotni chaqirishga qaror qildik va u qurilmani harbiy samolyotda olib ketishgandi.
Uchquduqdagi dahshatli fojia — 200 dan ortiq jasadni terib tobutlarga solganman
80-yillar o`rtalari edi, Qarshi – UFA – Leningrad yo`nalishida havo kemasi bilan aloqa uzildi, degan xabar keldi. Men bir necha kichik guruhlar tuzdim. Ular tarkibiga cho`ponlar, geolog razvedkachilar, qutqaruvchilar kiritilgandi. Samolyotni tongi 4 larda topdik. Tekshirilganda ular yuqori bosim sababli havoning o`zidayoq halok bo`lishgan ekan. Bizga sink tobutlarga kuygan jasadlarni solish aytildi. Ularning shaxsini chiptalar va o`rindiqlar raqami yordamida aniqlagandik. Vaziyat juda mash`um edi...
“Farg`ona voqealari” — ommaviy tartibsizlarni to`xtatishni bizga topshirishgandi
Farg`ona fojiasiga guvoh bo`lgandim. O`sha vaqtdagi ommaviy tartibsizlarni to`xtatishni bizga topshirishgandi. Juda katta ish qilingandi. O`shnada bir o`zbekni jasadini hokimiyatga olib kelishdi va atayin “provokasiya” qilishdi. Yoki boshqa millatdan kimdir o`lsa, albatta, aynan uni millatiga doir alohida axborot tarqatishga harakat qilishardi. Juda qaltis vaziyat. Asosiy fitnachilarni aniqlash kerak edi. Bo`lmasa yanayam jiddiy tus olishi mumkin edi. Biz bu masalani ham guruhimiz bilan ishlagandik.
Islom Karimovni qo`riqlash topshirig`i
1990 yili may oyi o`rtalari edi. Rustam Inoyatov menga qo`ng`iroq qildi va endi Surxondaryoga ishga ketasan, dedi. Borishdan oldin Prezident bilan ko`rishishim kerak edi. Ikki kundan keyin rahbarimiz telefon qildi. Georgiy Kraynov meni Islom Abdug`anievichning oldiga olib kirdi. U esa o`z jamoamizni shakllantirishimizni aytishdi.
“Men Surxondaryoga kim men bilan borarkanman”, deb o`ylab tursam, aslida Prezident qo`riqlash xizmatini boshqarish topshirilgan ekan. Umuman kutilmaganda sodir bo`lgan bu tayinlov.
Prezident Karimov bilan birinchi sayohatim
Birinchi rahbar bilan birinchi sayohatimiz Turkmanistonga bo`lgandi. U erdagi hamkasbim bizni Prezident turadigan joyga olib borgandi. U menga bu erda hech kim yashamaydi, dedi.
Men uning bu fikrini faqat so`ziga ishonib emas, balki dalil bilan aniqlashim kerak edi. Shunchaki suv jo`mragini ochib ko`rdim. Zangli suv tushdi va bu holat bu erda hech kim yashamaganiga ishora edi.
Islom Karimovni xalq bilan ko`rishganda ko`proq himoya qilar edik
Islom Abdug`anievichni ikkita so`z bilan ta`riflab bo`lmaydi. Islom Abdug`anievich Karimovning Birinchi prezident bo`lishi – O`zbek xalqining yutug`i. Nima uchun? U juda dono, aqlli odam edi. Talabchan va o`ta mehnatsevar. U kechgacha xalq uchun ishlardi. U o`zining mehnati va siyosati bilan xalqaro miqyosda hurmat qozondi. Shaxsan Putin uni hurmat qilgan. Putinni bilasiz, u xalqaro miqyosda qanday obro`ga ega. Aytmoqchimanki, Putin Karimovdan ko`p narsalarni o`rgangan. U bundan uyalmagan.
Uni qachondan beri bilsam, u hech qachon ta`tilga chiqmagan. Ishga erta kelib, kech soat 10 da uyga qaytardi. Xalq bilan ko`rishganda ko`proq himoyalamoqchi bo`lardik, shunda u haddan ziyod tartib saqlayapsan, derdi.
Men Islom Abdug`anievich, sizni xalq yaxshi ko`radi, xudo ko`rsatmasin, biror gap bo`lsa, mening ishim chatoq bo`ladi. Harbiy prokuror olib borib tiqadi, derdim. Men o`z vazifamni bajaryapman. Topshiriq – topshiriq, men sizga sodiqman. Boshingizdan bir tola sochingiz to`kilishini ham xohlamayman, derdim.
Men bugun tinch uxlayapman
Mening hayotim mazmuni faqat Vatanga xizmat edi. O`z burchimni bajarish uchun hamma narsadan voz kechganman. Bosh g`oyam esa halollik! Kim halol ishlasa, o`z manfaatini vatan manfaatidan ustun qo`ymasa, ishi davomida birovning haqqiga xiyonat qilmagan bo`lsa, hech kimga adolatsizlik qilmasa, u tinch ishlaydi. Men bugun tinch uxlayapman. Asosiy boyligim esa, oilam va manavi javondagi kitoblarim, hukumat taqdirlagan medal hamda unvonlar... Hatto mashinam ham kreditda, hali uni to`lashim kerak, ishim ko`p... Odamlarni tushunmayman, o`z vaqtini moddiy boyliklar yig`ishga sarflaydi. Aslida hayotning mazmuni moddiyatda emas, shukr qilishda.