Pul aralashgandan keyingi zakovat: qonun buzilmagan, faqat vijdon unutilmoqda

20.01.2024 17:46

“Zakavot”ning Nizomidagi bo`shliq va maxsus “darcha”lar haqida

Yaqinda Oliy ta`lim muassasalari talabalari o`rtasida “Zakovat” intellektual olimpiadasining respublika bosqichi bo`lib o`tdi. 

Olimpiadada 135 ta OTM ishtirok etib, shulardan 50 ta OTM jamoalari, jumladan, 550 nafar talaba 6 ta yo`nalishda bellashdilar.

O`yin nihoyatda qizg`in va hayajonli daqiqalarga boy bo`ldi albatta, buni butun respublika bo`ylab ishqibozlar kuzatdi. Ammo hozir gap bu haqda emas.

“Zakovat”ga har yili 50 mlrd so`m ajratiladi. Ushbu mablag` intellektual o`yinni ommalashtirish, rivojlantirish, yangi iste`dodlarni ko`paytirish, bilimga bo`lgan qiziqishni orttirish maqsadida prezident qaroriga muvofiq davlat byudjetidan beriladi. Ushbu intellektual o`yin haqidagi qaror 2022 yilda chiqqan va shundan beri nihoyatda ko`p turnirlar o`tkazildi, katta mehnat qilindi. Ammo, pul bor joyda albatta qandaydir usullar qo`llanib, nafs ishga tushadiki, bundan gohida qaror-u qonunlar ham lol qolsa kerak. Chunki ularni buzmasdan ham foydalanish yo`llarini albatta topishadi.

Avvalgilarini qo`yib turaylik, yaqin kunlarda o`tkazilgan Talabalar turnirida turli yo`nalishlarda oliy o`rinlarni va umumjamoa hisobida 1-o`rinni egallab, g`olib bo`lgan talabalarni ko`rsangiz, hammasini tushunasiz. Albatta, o`yinda turnirda haqli ravishda ishtirok etib, barchani lol qoldirgan, o`z o`rniga o`ta munosib haqiqiy talabalar ham ko`p edi. Ammo...  Birinchi o`rinni olgan jamoadagi 30-40 yosh atrofidagi talabalar ushbu o`yinga oz bo`lsa-da qiziqqan barchaning e`tiroziga sabab bo`ldi. Chunki ular zakovatning doimiy o`yinchilari, o`sha eski, bizga tanish chehralar edi. Ularning eng katta yoshlilari asosiy suratlarda kadrdan biroz qochib suratga tushishgan bo`lsa-da, oyni etak bilan yopib bo`lmaydiku. Eng qizig`i, ular hech qanday qoidani buzishmagan. Shunchaki mazkur o`yin o`tkazilishi va unga milliardlab mablag` ajratilishi ma`lum bo`lgach, shunchaki biror xususiy universitetga nechanchidir mutaxassislikka o`qishga kirib qo`yishgan xolos. Xususiy universitetlar bilan istagancha kelishuvlar tuzish mumkin, muhimi noqonuniy bo`lmasa bo`ldi. Masalan, siz o`qishga qabul qilinasiz, o`qishga qatnolmaysiz, chunki ishingiz boshingizdan oshib yotibdi. Kontrakt to`lamaysiz, aksincha, kerak bo`lsa sizga to`lashsin. Zakovatda g`olib bo`lsangiz shusiz ham bu universitet hisobiga milliardlarni tushirasiz. Va nomini butun respublikada mashhur qilib berasiz. Bo`ldi. Hammasi oddiy. Nizom ham buzilgani yo`q, hech qanday noqonuniy ish yo`q.

Ishlar bunday ketsa, buni har qanday soha bilan qilish mumkin. Masalan, o`qituvchilar turniri o`tkazilganda xususiy maktablar bilan, shifokorlar turniri o`tkazilganda xususiy dorixonalar bilan degandek. Xuddi 2022 yilda jurnalist va blogerlar uchun o`tkazilgan turnirda bo`lgani kabi. O`shanda butunlay boshqa soha vakili bo`lgan zakovatchilar ham bitta kichik kanal ochish bilan blogerga aylanib qolgan edi. Aytish mumkinki, o`zini hurmat qilgan taniqli bloger yoki haqiqiy jurnalist bo`lgan bilimdonlar ham bor edi. To`g`ri, hammasi qonuniy.

Ammo vijdon-chi? Ajratilayotgan mablag`lar balki yosh iste`dodlarni kashf qilish uchundir? Balki barchasi sizning nafsingiz uchun emasdir? Bilimga, zakovatga bo`lgan hurmatni, mehrni mablag`lar evaziga qurbon qilmagan ma`quldir?

Yana ham ishonchlirog`i, bu o`yinni, davlat byudjetidan, xalqning soliqlaridan ajratilayotgan mablag`larni har yili bir xil, hamma turnirlarda chiqib kelaveradigan chehralar emas, haqiqiy egalarini topishi uchun Nizomni mukammallashtirish, qandaydir taqiqlar qo`yish kerakdir? Zakovatning ilgarigi hurmati, ilgarigi ziyosi qaerda qoldi? Hammasi oraga pul tushishi bilan havoga uchib ketdimi? Yaqinda zakovatda ijrochi direktor almashishi munosabati bilan kanallardan biri zakovat turnirlari haqida “adolatsiz nizomlarga asoslangan turnirlar” deb atagani hozirgi nizomda chindan ham bir qancha nazarda tutilmagan holatlar borligi, bulardan esa ba`zi uddaburonlar ustalik bilan foydalanayotganini tahlil qiladi.

Aytish mumkinki, bunday fikrlar deyarli barcha ushbu o`yinga qiziquvchi muxlis va ishtirokchilar tomonidan bildirilmoqda. Ko`pchilikning jiddiy e`tiroziga sabab bo`layotgan holatlarga barham berish uchun aniq qadamlar qo`yilishini, bunga jiddiy e`tibor qaratilishini kutib qolamiz.

Yana bir holat borki, bu borada e`tiroz bildirgan oddiy ishtirokchilar “Zakovat”ning ba`zi magistrlari tomonidan qattiq fikrlar qarshiligiga uchrayotgani aytilmoqda. Bu kulgili, shu bilan birga juda achinarli holat.

Hurmatli "zakovatchi", albatta siz hech bir qonun-qoidani buzmayotgandirsiz. Ammo qo`ying, talabalar ligasida talabalar o`ynasin. Prezident yordamchisi ta`kidlaganidek, kiritilgan sarmoya kelajak uchun, yoshlar uchun ham yo`l ochsin, xizmat qilsin.

Ma`lumot uchun, barcha yo`nalishlarda g`alaba qozongan talabalar taqdirlandi, shuningdek, intellektual olimpiadaning umumjamoa hisobidagi g`oliblariga pul mablag`larini prezident yordamchisi Saida Mirziyoeva topshirdi. 

Unga ko`ra, 1-o`rinni olgan University of science and technology xususiy universiteti 2 milliard so`m pul mukofotiga sazovor bo`ldi. 2-o`rin O`zbekiston Milliy universitetiga berildi va ularga 1,5 milliard so`m pul mukofoti berildi. 3-o`rinni esa Namangan davlat universiteti egallab, 1 milliard so`m yutib oldi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
27
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар