Markaziy bankka bir oy oldin ipoteka bank xodimlari tomonidan shikoyat tarzidagi murojaat yo`llangan.
Markaziy bankda 22-25/1368 raqami bilan qabul qilingan mazkur shikoyatda Ipoteka bank rahbariyati tomonidan amalga oshirilgan bir qancha noqonuniy ishlar sanab o`tilgan.
Unda oxirgi 3 oy ichida kreditlar qoldig`i 3,5 baravarga oshib 3 trillion so`mga etganligi aytilmoqda. Shuningdek, shikoyatda sug`urta kompaniyalari bilan Ipoteka bank o`rtasida korrupsion kelishuv bo`lganligi ham bayon etilgan.
“Ajratilayotgan kreditlarga garov sifatida sug`urta polislari olinmoqda. Bu sug`urta to`lovining bir qismi noqonuniy ravishda bonus sifatida bankka qaytarib berilyapti. Bu esa sug`urta shartnomalarida sug`urta qoplamasi to`lab berilmasligiga sabab bo`ladigan, bank manfaatiga to`g`ri kelmaydigan istisno holatlar kiritilgan bo`lib, bunday holatlar keyinchalik bankka sug`urta qoplamasi sifatida qaytarilgan mablag`larni bankdan qaytarib olish riskini ham keltirib chiqaradi, natijada kreditlar garovsiz qolish xavfini keltirib chiqaradi”, – deyiladi shikoyatda.
Murojaatda aytilishicha, Ichki audit natijalariga ko`ra, sug`urta kompaniyalaridan qisqa muddat ichida 33,1 milliard so`m bonus kelib tushgan ekan. Bonus sifatida kelgan mazkur summa esa tanish-bilishlar uchun ajratilgan noqonuniy kreditlarni yopish uchun yo`naltirilgan.
Ushbu murojaat bo`yicha Markaziy bankdan munosabat so`radik.
Markaziy bank matbuot xizmatining ma`lum qilishicha, “Ipoteka-bank” ATIB xodimlari tomonidan yo`llangan shikoyat anonim murojaat deb qabul qilingan.
Mazkur shikoyat bo`yicha Markaziy bank Ijro apparati tomonidan “Ipoteka-bank” ATIBning o`ziga yo`naltirilgan xatda murojaat o`rganilib, o`rganish xulosasi 2023 yil 15 noyabrgacha mualliflarga yuborilishi hamda bu haqida Markaziy bankka axborot taqdim etilishi so`ralgan.
Markaziy bank Axborot xizmati mazkur mojarolar bo`yicha Ipoteka bank xulosasi haqida hozircha hech qanday ma`lumot bermadi.