2022 yilda mahallalarda xotin-qizlar faoli lavozimi joriy etilgan edi. Ushbu lavozimning joriy etilishi qaysidir ma`noda xotin-qizlarga nisbatan zo`ravonlik holatlarini kamaytirishi aytilgan. Lekin 2023 yilda xotin-qizlarga nisbatan zo`ravonlik holatlari ko`paydi. Sizningcha, ushbu lavozim qanchalik o`zini oqladi?
Rost24.uz jurnalistining ushbu savoliga Oila va xotin-qizlar qo`mitasi boshqarma boshlig`i O`g`iloy O`rozova quyidagicha javob berdi:
"Xotin-qizlar zo`ravonligiga qarshi kurash faqat xotin-qizlar faolining yoki qo`mitaning vazifasi emas, bu hamkorlikda qilinadigan ish hisoblanadi. Chunki bu - butun dunyodagi eng global muammo. O`zbekistonda zo`ravonlik qilganlarga nisbatan jazo choralari kuchaytirildi, yangi qonunlar qabul qilindi. Bu illatga nisbatan bosqichma-bosqich kurash olib borilmoqda. Men sizning xotin-qizlar faolining o`rni sezilmayapti, degan fikringizga ham qo`shilmayman. Bitta mahallada 10 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi, xotin-qizlar faoli esa bitta.
Bugungi kunda biz yangi qabul qilinayotgan qonun va qarorlarni xalqqa etkazishga harakat qilyapmiz. Mana, 829-qarorning qabul qilinishida ham bir yil davomida senat raisi, prezident yordamchisi boshchiligida ishchi guruh tuzilgandi, bu qonunni ishlab chiqishda ham juda ko`p qarshiliklar, muhokamalar bo`lgan edi. Qonun baribir qabul qilindi. Xotin-qizlar faolining asosiy vazifasi ham jamiyatga shu o`zgarishlarni etkazishdan iborat", – dedi O`g`iloy O`rozova.
Qiziq, butun respublikaga, aholiga televidenie, radio, davriy nashrlar, ijtimoiy tarmoqlar orqali qayta-qayta ma`lum qilingan, ochiq manbalarda bemalol o`rganish, tushunish mumkin bo`lgan bir o`zgarishni jamiyatga etkazish uchun alohida bir shtat ochish, alohida lavozim joriy qilish kerakmi? Xotin-qizlar faolining vazifasi faqat shundan iboratmi? U chindan ham 10 ming atrofidagi aholi istiqomat qiluvchi mahallalarda bir o`zi hech ish qila olmaydigan bo`lsa, davlat byudjetidan maosh oluvchi bu lavozimning bizga nima keragi bor edi? Har bir o`zgarishni, qaror va farmonlarni aholiga tushuntirish uchun alohida lavozimlar joriy qilinsa, soliqlardan maosh oluvchi, ammo hech bir ish ko`rsatmaydigan lavozimlar qanchaga etishi mumkin?
Savollar ko`p. Ayollarni himoya qilish uchun qonun va qarorlar chiqarilishi yaxshi, ularning amalda qay darajada ishlayotganiga esa asta-sekin guvoh bo`lib boryapmiz.