Samarqandda kuzatuv kameralari karerlardan ko`ra ko`proq ishlab chiqaruvchilarni nazorat qilmoqda. Nega?

15.02.2021 04:12

Jurnalist surishtiruvi

Tadbirkorning ishlab chiqarish korxonasi darvozasi yaqinida video kuzatuv kameralarini o`rnatish qonun talablariga qanchalik  to`g`ri keladi? Kuzatuv kamerasini o`rnatayotganlar buni raqamli iqtisodiyotni joriy etish zaruriyati bilan izohlashmoqda. Ammo bu borada hukumat talabi qanday?

Bir guruh samarqandlik tadbirkorlar ularning korxonasi yaqinida video kuzatuv kameralari o`rnatilganligi va buni qaysi tashkilot va qanday asosda amalga oshirayotganligiga aniqlik kiritishni so`rab kaminaga murojaat qildi. Ushbu masalani o`rganishga kirishar ekanman, u qator idoralar bilan bog`liqligi va jurnalist surishtiruvigacha olib kelishini o`ylamagan edim.

Kuzatuv kameralarini kim va nima uchun o`rnatgan?

Tadbirkorlardan video kuzatuv kameralarini o`rnatgan idora qaerdaligini bilib, o`sha tomon ravona bo`ldim. Samarqand shahridan chiqaverishda Qoradaryo qirg`og`ida joylashgan, peshonasida “Monterra” deb yozib qo`yilgan bir xonadan iborat binoga kirganimda, u erda o`zini dispetcher Hamid Ibragimov deb tanishtirgan xodim o`tirgan edi. U maqsadim nima ekanligini eshitgach, gapni ko`paytirmasdan, video lavha ko`rishni tavsiya etdi. Lavhani ko`rib, quyidagilarni bilib oldim.

Xufiyona iqtisodiyotga qarshi kurashish bo`yicha O`zbekiston Prezidenti topshirig`i doirasida qurilish sohasining muhim bo`g`inlaridan bo`lgan karerlarga video kuzatuv kameralarini o`rnatishga qaratilgan “Mining monterra” loyihasi amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha viloyat hokimligiga IT- texnologiyalar asosida er qa`ridan foydalanishni nazoratga olishga yordam beradi. Natijada karerlardan foydalanish uchun undiriladigan soliqning o`z vaqtida va to`laligicha mahalliy byudjetga tushishi ta`minlanadi. Hozircha uchta karerga to`rtta kamera o`rnatilgan. Viloyatda hammasi bo`lib 50dan ortiq karer mavjud. Ularda kameralar o`rnatib bo`lgandan keyin, boshqa viloyatlarda ham bu ish amalga oshiriladi.

Demak, kuzatuv kameralarini o`rnatishdan maqsad er qa`ridan kovlab olinadigan materiallar hajmini belgilash ekan.

Prezidentimiz raisligida 2020 yil 22 sentyabr kuni tarmoq va hududlarda raqamli iqtisodiyot hamda elektron hukumatni joriy qilish masalalari bo`yicha videoselektor yig`ilishi o`tkazilganligi haqida e`lon qilingan hisobotda shunday deyilgan: “Toyloq va Oqdaryo tumanlaridagi shag`al kavlab olish karerida mashinalarning yuk hajmini nazorat qilish tizimi yo`lga qo`yilgani natijasida oylik tushum 3 milliard so`mdan 8 milliard so`mga oshgan”. E`tibor qarating: bu erda shag`al kavlab olish kareridagi nazorat tizimi haqida gap ketmoqda.

Ushbu hisobotning davomida davlat soliq qo`mitasiga noruda karerlardan foydalanishda “yashirin iqtisodiyot”ga barham berish, buning uchun er qa`ri kavlanishi, yuk hajmi va mashinalar harakatini nazorat qiluvchi elektron tizimlarni ishga tushirish vazifasi yuklatilganligi uqtirilgan. Qarang, bu erda ham “er qa`ri kavlanishi, yuk hajmi va mashinalar harakatini nazorat qiluvchi elektron tizimlarni ishga tushirish” xususida so`z yuritilmoqda.

“Monterra” kompaniyasining rasmiy veb-saytida katta harflar bilan “Mining monterra” – karerlar uchun monitoring tizimi” deb yozib qo`yilgan.

Karerlar qolib, nega ishlab chiqaruvchilar nazoratga olingan?

Dispetcher H.Ibragimovga shu savolni berdim, ya`ni nima uchun karerlarning o`ziga emas, shag`alni sotib olib, undan turli qurilish materiallari ishlab chiqarayotgan korxonalarga video nazorat kameralari o`rnatilayotganligi sababini so`radim. U qisqa qilib, “buni boshliq biladi”, – dedi. Boshlig`ining telefon raqamini olib, u bilan xayrlashdim.

Ertasi kuni viloyat hokimligi binosidagi ish xonasida “Mining monterra” loyihasining Samarqand viloyati bo`yicha koordinatori Alisher Raimjonov bilan uchrashdim. A.Raimjonov viloyat hokimining harbiy masalalar bo`yicha maslahatchisi hamda Markaziy harbiy okrugi – Samarqand viloyati harbiy faxriylar kengashi ishlari raisi vazifalarida faoliyat ko`rsatar ekan. Karerlar bilan ishlash og`ir, ularni soliqqa tortish undan ham og`irligini inobatga olingan holda bu ishga harbiylardan tayinlanibdi. “Mendan oldin ushbu vazifani bajarishga tayinlangan ikki kishi bu yukni ko`tara olmadi”, – dedi suhbatdoshim.

A.Raimjonov suhbatimiz davomida er qa`ridan foydalanganlik uchun soliq qancha ko`p undirilsa, mahalliy hokimliklarga shuncha yaxshi ekanligi, chunki bu soliq mahalliy byudjetga tushishini ta`kidlab o`tdi. Shuningdek, karerlarda IT-nazorati o`rnatilishi er qa`ridan foydalanishni raqamlashtirish yo`llaridan biri bo`lib, sohada xufiyona iqtisodiyotga qarshi kurashda katta ahamiyat kasb etishini ham eslatdi. “Mining monterra” loyihasining mohiyati quyidagicha ekan: u ma`lumotlar bazasiga kerakli axborotni, ya`ni sotilgan mahsulot qaysi korxonaga tegishli ekanligini, u qaysi korxonaga yuborish uchun mo`ljallanganligini, mahsulot yuklanadigan mashinaning davlat raqami va xususiyatlarini, mahsulot nomi, uning hajmi va bahosini, mahsulotdan olinadigan soliq bo`yicha ma`lumotlarni kirtib, tahlil qiladi.

Shunday ekan, ya`ni kuzatuv kameralarini o`rnatishdan maqsad karerlardan foydalanganlik uchun soliqni (amalda barcha buni “nedra solig`i” deb atar ekan) o`z vaqtida va to`laligicha undirishga qaratilgan ekan, nega ular karerlarga emas, ulardan olgan yukni qayta ishlovchi korxonalarga o`rnatilmoqda? Axir, bu tadbirkorlik sub`ektlari “nedra solig`i”ni to`lamaydiku?!

Gapning ochig`i bu savolimga aniq, jo`yali va asoslangan javob ololmadim. A.Raimjonov karerlarni kuzatish og`ir ekanligi, ularning kirish-chiqish joylari ko`pligi, bir joyga kamera o`rnatsa, yuk ortilgan mashina boshqa tomondan chiqib ketishi mumkinligini uqtirdi. Shu sababli ishlab chiqaruvchi nazoratga olinib, u qancha va kimdan yuk olayotganligi aniqlanib, ma`lumot soliq idoralariga yuborilar ekan.

Balki ochiq maydonlardagi karerlarda A.Raimjonov aytgan holat bo`lishi mumkindir. Ammo bu erda daryo o`zanlaridagi karerlar haqida gap bormoqda. O`zim Zarafshon va Qoradaryodagi karerlarni borib ko`rdim. Ularda faqat bir joydan kirish va chiqish mumkin.

Er qa`ridan foydalanganlik uchun olinadigan soliq shu vaqtgacha qanday hisoblanardi?

Aslida daryo o`zanlarida qum-shag`al materiallarini qazib olishga ruxsat berilishidan maqsad ana shu o`zanlarni tozalab turish va daryo suvini bir maromda oqishini ta`minlashdan iborat. Daryo o`zanlarini tozalash jarayonida qum-shag`al materiallarini qazib olish bo`yicha buyurtmachi "Xavfsiz daryo" davlat unitar korxonasi (DUK) hisoblanadi. Ushbu korxona Prezidentimizning 9 iyul 2018 yil “Ichki bozorni qum-shag`al materiallari bilan barqaror ta`minlash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida” qaroriga muvofiq Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) huzurida tashkil etilgan.

"Xavfsiz daryo" DUK idorasi Toshkentda joylashgan bo`lib, viloyatlarda yuridik shaxs maqomiga ega bo`lmagan bo`linmalari tuzilgan ekan. Samarqand viloyatidagi bo`linma mutaxassisi Shuhrat G`ulomov bilan suhbatimiz ancha davom etdi. U korxona zimmasidagi vazifalar haqida batafsil so`zlab berdi. Jumladan, "Xavfsiz daryo" DUK FVV bilan birgalikda daryolar o`zanlarida qum-shag`al materiallari to`planib qolgan va tozalanishi lozim bo`lgan uchastkalar ro`yxatini tasdiqlash uchun Komissiyaga kiritadi. Bu ishga tadbirkorlik sub`ektlarini jalb qilish ushbu korxona tomonidan "E-IJRO AUKSION" elektron savdo maydonchasi orqali o`tkaziladigan tanlov yo`li bilan amalga oshiriladi.

Sh.G`ulomovning so`zlariga qaraganda, ayni paytda viloyat hududida 15 uchastkada tadbirkorlar qum-shag`al materiallarini kovlab olish bilan shug`ullanmoqda. O`z egasini kutayotgan yana 11ta uchastka bor ekan.

“Bo`linma mutaxassisi sifatida mening vazifam tanlovda g`olib bo`lgan tadbirkorga erni ajratib berishdan iborat. Shuningdek, vaqt-vaqti bilan hududni monitoring tarzda o`rganib chiqaman”, – dedi jumladan Sh.G`ulomov.

"Xavfsiz daryo" DUKning Toshkentdagi bosh ofisidan har oyda mutaxassislar kelib, qancha qum-shag`al materiallari kovlab olinganligini, qancha uzunlikdagi o`zan tozalanganligini o`rganib chiqadi. Shuningdek, ular kovlab olingan materiallar hajmini aniqlab, ma`lumotni soliq idorasiga yuboradi. Ushbu hujjat asosida tadbirkorlik sub`ekti to`lashi lozim bo`lgan soliq miqdori hisoblab chiqiladi.

Bu masalaga yanada oydinlik kiritish maqsadida viloyat soliq boshqarmasiga borib, Qo`shilgan qiymat ma`muriyatchiligi bo`limi bosh inspektori Husan Abdullaev bilan uchrashdim. Uning so`zlariga qaraganda, qum-shag`al materiallari kovlab olayotganlar er qa`ridan foydalanganlik uchun soliq va qo`shilgan qiymat solig`i to`laydi.

“Soliq kodeksi”ning “Er qa`ridan foydalanganlik uchun soliqni hisoblab chiqarish va to`lash” deb nomlangan 64-bobida qazib olingan 1 metr kub qum-shag`al aralashmasi uchun 7500 so`m to`lanishi lozimligi belgilab qo`yilgan.

“Har oyning 20-kunigacha o`tgan oy uchun tadbirkor tomonidan hisobot taqdim etilishi va qazib olingan mahsulotga qarab, soliq to`lanishi lozim. Biz to`langan soliq miqdorini "Xavfsiz daryo" DUK yuboradigan ma`lumotlar bilan solishtiramiz”, – dedi H.Abdullaev

Demak, shu vaqtgacha, ya`ni karerlarga kuzatuv kameralari o`rnatilguncha, er qa`ridan foydalanganlik uchun soliqni hisoblab chiqarish mexanizmi mavjud bo`lgan. Ammo zamon o`zgarib, barcha sohalarda raqamlashtirish joriy etilishi munosabati bilan ushbu yo`nalishda ham innovasion usullardan foydalanishga kirishildi. Karerlarga video kuzatuv kameralarni o`rnatish o`z vaqtida va to`laligicha soliq undirish uchun imkoniyat yaratadi.

Ha, aynan karerlarga o`rnatilgan kamera haqida gap ketmoqda. Samarqandda kameralar nega ishlab chiqaruvchilarni nazorat qilmoqda? Bu savolga aniq javob topolmagach, Samarqand viloyatida faoliyat yuritayotgan biznes ombudsman xodimi bilan uchrashishga qaror qildim. Biznes ombudsman devoni bosh inspektori Bunyod Xolmatov kaminani diqqat bilan eshitib, ushbu muammo bo`yicha hozircha unga tadbirkorlardan hech kim murojaat qilmaganligini, uni o`rganib, munosabat bildirishini uqtirdi.

Ishlab chiqarish bilan band bo`lgan tadbirkorlar ularni tashvishlantirayotgan muammo o`z echimini topishini umid bilan kutishmoqda.

Toshpo`lat Rahmatullaev,

jurnalist

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
2
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
26.02.2021 21:33
Mineral ogitni qaysi fermerga sotyabsan dib
26.02.2021 21:33
Hojathonaga kirishimizgayam kamera qoysa boladi
26.02.2021 21:32
Agar rostdan shunaqa bosa bilmadim kelajakda nima qilamiz