Tarixni qayta tiklash uchun kitoblar kamlik qiladi – Nabijon Boqiy

08.12.2023 10:27

Tarixning qora kunlari haqidagi hujjatlar badiiy adabiyotga ko`chdi. O`z asarlarida tarixiy faktlar, hujjatlarni jamlagan Nabijon Boqiyning yangi "Qodiriy qidirgan kitob", "Madfun Turkiston", "Qatlnoma" kabi asarlari "Tirilish" nashriyoti tomonidan nashr qilindi va taqdimot o`tkazildi. Ular orasida "Qatlnoma" yozilganiga ancha bo`lgan, ammo ma`lum vaqt taqiqlarga uchragan asar hisoblanadi. Taqrizchi Bahodir Karim "Qatlnoma"ga so`z boshi yozar ekan, quyidagi fikrlarni aytib o`tgan.

"Qatlnoma"ni o`qigan adabiyot muxlislari, ayniqsa, yoshlar ertaga G`afur G`ulom nasri va she`rlaridan, Oybekning "Navoiy" romanidan, Qahhorning ajoyib hikoyalari-yu "Sarob"idan yuz o`girmasmikin? Minglab oddiy kitobxonlarning yozuvchi zotidan ixlosi qaytib, hafsalalari pir bo`lmasmikin? Shusiz ham odamlar o`rtasida oqibat, o`zaro hurmat, ishonch yo`qolib borayotgan bir pallada adovat urug`ini sochish, xalqni, millatni jipslashtirish o`rniga o`rtaga sovuqchilik solish kerakmikin?

Shunday katta tarixni jamlagan asarni adabiyot ahliga taqdim qilish jarayonlari qanday bo`lgan? Nabijon Boqiyning so`zlariga ko`ra, "Qatlnoma" yozib tugatilganidan so`ng uni o`sha paytdagi Oshkoralik kengashi raisi Erkin Vohidov o`qib chiqqan va "Bu erda yozilganlar insonlarning hammalari ustozimiz, bunday holatlarni eshitib yurganmiz, lekin bu darajada ekanini bilmagandik", degan ekan.

Yozuvchi Nabijon Boqiyning ijod qilishida Yozuvchilar uyushmasining o`rni qay darajada, degan savolni ham berdik, Nabijon Boqiy uyushma haqida gapirar ekan, "Ular o`z aravasini tortayapti, men ham. Uyushmadan boshqa menga yordam beraman deganlar ham juda ko`p. Men ularga yoqish uchun kitob yozib, uy olishni xohlamayman", degan fikrlarni aytdi.

Yozuvchiga, "Millatning uyg`onish darajasi qaysi bosqichda va u qachon uyg`onadi?", degan savolni ham berdik, javobi esa kutganimizdek bo`ldi. 

"Millat uyg`onishi uchun kitoblar kamlik qiladi, bu kitoblarga bog`lab filmlar ishlar kerak. Turkiya butun boshli tarixiga oid filmlar ishladi. Bizda ham shunday bo`lishi kerak", – deydi N.Boqiy.

Bundan tashqari, Nabijon Boqiy bilan suhbat jarayonida hozirda Qozog`istondagi maxfiy arxiv hujjatlaridan foydalanayotganini aytib o`tar ekan, bizda bir nusxa sahifani 20 ming so`mga ko`chirib olish mumkinligi, lekin u erda o`ta maxfiy, deyilgan hujjatlar ham yozuvchiga bepul taqdim etilayotganini aytib o`tdi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар