Bu ishga nafaqat hokimiyat, chegara, bojxona, karantin xizmatlari qay darajada aloqador?
ANA XOLOS. Shunchaki kimgadir yaxshi ko`rinish, rahbarlarga o`zini ishlagandek ko`rsatish uchun qanday ko`zbo`yamachiliklarga qo`l uramiz...
O`z joyimizda qolish uchun qilinmagan ishlarni qilindi, bajarilmaganini bajarildi, deya to`playotgan hisobotlarimizga bir qarang...
Umrida bir so`mlik meva eksport qilmagan fermerlar nomiga rasmiy hujjatlarda Qozog`istonga, Rossiyaga intensiv ko`chatlar sotgani, uzum, shaftoli eksport qilganini yozib, hisobotlar topshirish kimga kerak bo`lib qoldi.
* * *
Quva tumanidan bir guruh bog`dorchilik fermer xo`jaliklari rahbarlari 2020 yilning sentyabr-oktyabr oylarida viloyat bojxona boshqarmasi, soliq idoralari tomonidan fermer xo`jaliklariga eksport faoliyati uchun vaqtida amalga oshirilmagan to`lovlarga o`rtacha 300-450 million so`mdan soliq va jarima to`lash bo`yicha ogohlantirish xatlari kelganida karaxt ahvolga tushib qolishdi…
Fermer xo`jaliklari rahbarlari viloyat «Tadbirkorlar uyi»da Xayrullo Bozorovga jiddiy bir muammoda yordam so`rab murojaat qilishdi. Boisi 2019 yili Quva tumani hokimi Ravshan Qurbonov nomidan kelgan mas`ul vakillar (endilikda sobiq hokim. Prezidentimizning 2021 yil 4-5 fevral kunlari viloyatimizga amalga oshirgan tashrifi davomida faoliyati qoniqarsizligi tufayli Quva tumanining to`rtta sektor rahbari ishdan olindi) tomonidan ushbu fermer xo`jaliklarining elektron raqamli imzo, muhrlari ixtiyoriy-majburiy ravishda olinib, ularning nomidan juda katta miqdorda eksport amalga oshirilgan.
Viloyat hokimi fermerlarning arz-dodini tinglab, bu muammoni qonuniy asosda hal etishga va`da berdi va shu erning o`zida viloyat hokimligi mas`ullariga ushbu holat yuzasidan aniq vazifalar topshirdi.
Bu murojaatdan keyin oradan bir oy vaqt o`tgan bo`lsa-da, fermerlar muammosi ijobiy hal etilmadi. Shu sababli quvalik fermerlar tuman hokimligi va viloyat idoralari o`rtasida sarsonu sargardon: hamon kalavaning uchi topilgani yo`q!..
— Fermerlarning talabi to`g`ri. Tuman hokimligi ham ushbu muammodan ko`z yumib, qutilib ketish niyatida emas, — deydi Quva tuman hokimi o`rinbosari Ahror Siddiqov. – Bu fermerlar bilan bevosita tuman hokimligi binosida Quva tuman hokimi, viloyat bojxona, soliq boshqarmalari mas`ul xodimlari, tadbirkorlar huquqlarini himoya qiluvchi vakil – biznes-ombudsman ishtirokida bir necha marotaba suhbatlashdik. 2021 yilning yanvar oyi yakunigacha muammoni bartaraf etish choralari izlanyapti.
Quva tumani hokimligida Ahror Siddiqov bilan uyushtirilgan yuzma-yuz suhbatdan qariyb bir oy o`tgach ma`lum bo`ldiki, tuman hokimligining bu va`dalari shunchaki vaqtincha jon saqlash uchun o`ylab topilgan navbatdagi yolg`on ekan.
Bir guruh fermerlar hamon adolat qaror topishidan umidi uzilgani yo`q: ular idorama-idora yurib, asl haqiqatni aniqlash maqsadida tinim bilishmayapti. Mas`ullar esa...
EKSPORT REJA-KO`RSATKIChLARI QANDAY ShAKLLANTIRILADI?
Quva tumani uchun 2020 yilda 59 mln. 261 ming dollarlik, shundan 40,6 mln. dollarlik qishloq xo`jaligi, 18,6 mln. dollarlik sanoat mahsulotlarini eksport qilish rejalashtirilgan edi. Amalda reja 52,9 foizga (31 mln. 375 ming dollar) bajarildi.
Viloyat miqyosida taqqoslaydigan bo`lsak, 2020 yil yakunlariga ko`ra eksport rejasi shahar-tumanlar ichida Quva tumanida eng past foizda bajarildi. 2020 yili eksport rejasini bajarish uchun 3- va 4-sektor hududida biror so`mlik ham sanoat mahsuloti xorijga chiqarilmadi.
«Far Muxtasar dunyo» fermer xo`jaligi rahbari Qahramon Hoshimov bundan yigirma yil oldin qir-adir bag`ridagi 1,7 gektar erni o`zlashtirib, 200 metr chuqurlikdan plastmassa quvurlar yordamida suv chiqardi. Shundan buyon besh yilda mevaga kirgan anorlarini uch marotaba sovuqqa oldirib, yangitdan ekdi. Maqbullashtirish jarayonida unga yana 9,5 gektar mevazor bog`lar biriktirilgan.
— Tuman hokimligi mas`ullari (bu xodimlar hozirgi kunda boshqa davlat idoralarida ishlab yuribdi) kelib, muhr va elektron raqamli imzoni majburan olib ketishdi, — deydi u. — Bir oydan keyin urushib-talashib, zo`rg`a muhrlarimizni qaytib olganmiz. O`shanda tumanning eksport rejasini yopamiz, fermerlarga hech qanday muammo bo`lmaydi deyishgandi…
Tajribali bog`bonning ta`kidlashicha, uning 84 yoshli onasiga aloqa xizmati xodimlari 2020 yilning sentyabr oyida go`yoki 225 ming AQSh dollari miqdoridagi eksportni amalga oshirgani sababli soliq va jarima uchun 330 mln. so`m to`lab qo`yish bo`yicha ogohlantirish xatini tashlab ketgan. Shundan buyon keksa onaxon, olti nafar oila a`zolarining egan-ichganida halovat yo`q.
Umrida bir so`mlik meva eksport qilmagan «Far Muxtasar dunyo» fermer xo`jaligi rahbari nomiga rasmiy hujjatlarda Qozog`istonga intensiv ko`chatlar sotgani, uzum, g`aynoli, shaftoli eksport qilgani yozilgan. Vaholanki, uning tasarrufidagi bog`ning sakson foizi anorzorlarni tashkil etadi.
«Bahor» MFYdagi qir-adirda joylashgan «Olchin» fermer xo`jaligi rahbari Dilmurod Hojimurodov ham qilmagan eksporti uchun soliq va jarimadan bo`lgan 330 mln. so`m qarzini to`lash haqida ogohlantirish xati olgan.
— Maqbullashtirish jarayonlaridan so`ng 10,7 gektar erda 12 ta bog`bon birlashtirilgan. Fermer xo`jaligimiz a`zolari ichida 30 sotix erga ega bog`bon ham bor, — deya suhbatimizni davom ettiradi Dilmurod aka. – 2020 yilning sentyabr oyida soliq va jarimadan bo`lgan soxta qarzimizni to`lashni talab qilib, suvni o`chirib qo`yishgani sababli anorlar yorilib ketdi. 35 mln. so`mlik xarajat qilib, arzimas daromadga ega bo`ldik.
Shu hududdagi «Isfandiyor» fermer xo`jaligiga (rahbari Ilhom Yunusov) 375 mln. so`m, «Vohid Ismoil saxovati» fermer xo`jaligiga (rahbari Vohidjon Qurbonov) 330 mln. so`m, «Ozodlik Ozodbek saxovati» fermer xo`jaligiga (rahbari Alisher Egamberdiev) 322 mln. so`m miqdorida soliq va jarima uchun qarzdorlik belgilangan.
— Birortamiz bir so`mlik eksport qilmaganmiz, — deydi bu bog`bonlar biz bilan suhbatda. — Aslida emagan somsaga pul to`lashga majbur qilinayotgan quvalik biz kabi fermer xo`jaliklari ko`pchilikni tashkil etadi. Ammo aksariyati adolat qaror topishidan umidini uzgan, ba`zilari vaziyatni sirtdan kuzatib turgan bo`lsa, 18 nafar fermerlar idorama-idora haqiqatni yuzaga chiqarish uchun harakatdamiz. Quva tumani hokimligi, bojxona, soliq idoralari mas`ullari esa qo`ynimizni puch yong`oqqa to`ldirishdan nariga o`tishmayapti.
BU SAVOLLARGA QAChON, KIM JAVOB BERADI?
Maqolani tayyorlash jarayonida vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida viloyat bojxona, soliq boshqarmalari hamda o`simliklar karantini inspeksiyasi mas`ullariga qayta-qayta murojaat etdik. Mas`ullar korrupsiyaning oldini olish maqsadida murojaatlar elektron tarzda ko`rilishi, shu sababli jabrdiyda fermerlar va ular jo`natgan mahsulotlar haqida aniq ma`lumotga ega emasliklarini ta`kidlashdi.
Bu orqali mas`ullar O`zbekiston Respublikasining «Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to`g`risida»gi Qonunining 8-moddasi bo`yicha belgilangan tartibni qo`pol ravishda buzishmoqda.
Shuningdek, O`zbekiston Respublikasining «Axborot olish kafolatlari va erkinligi to`g`risida»gi Qonunining 3-, 4-, 5-, 6-, 7-moddalarida ko`rsatilgan majburiyatlarini bajarmayapti. Ularning fikricha, muammoning ildizi Quva tumani hokimligida va barcha savollarga javobni hokimlik mas`ullaridan so`rash kerak.
Fermerlar bu orada uch marotaba tumanlararo iqtisodiy sudiga chaqirildi. Sudda bor haqiqatni takror va takror gapirishdi, lekin masala hamon hal bo`lgani yo`q. "Sichqon-mushuk o`yini davom etyapti": mas`ullar ko`r-ko`rona sun`iy ravishda yuzaga kelgan qarzdorlikni undirish payida, jabr-diyda fermerlar esa adolat izlab sarsonu sargardon…
— Biz to`lashimiz zarur bo`lgan summa miqdori kichikroq mablag` bo`lsa ham mayli edi, – deydi fermerlar. — Shuncha yil erdan bola-chaqa boqayotganimiz haqqi to`lab qo`yardik. Ammo bunday katta pulni to`lash uchun uy-joy, mashinamizni sotsak ham etmaydi-da!..
Shu o`rinda bir mulohaza. O`tgan yili Rossiyada viloyatdan eksport qilingan pomidorda kasallik aniqlangani uchun bir muddat nafaqat pomidor, mamlakatimizdan jo`natiladigan qishloq xo`jaligi mahsulotlariga taqiq qo`yildi. Mahsulotlar sifati, bojxona nazorati borasidagi ishlar xuddi quvalik fermerlarga bo`lgan munosabatdagidek «Sen menga tegma, men senga tegmayman» qabilida bo`lsa, yana pomidor voqeasi kabi ko`ngilsizliklar kelib chiqmasligiga kim kafolat beradi?!
Aslida belgilangan tartibga ko`ra, xorijga eksport qilinayotgan har bir mahsulot sifati nazoratdan o`tkazilib, sertifikat berilishi lozim. Viloyat bojxona boshqarmasida mahsulot eksport qilayotgan tadbirkorlik sub`ekti bo`yicha barcha ma`lumotlar jamlangan bo`lishi zarur. Mevalar qaysi avtomashinalarda chegaradan chiqarilgan, muvofiqlik karantin sertifikati, bojxonadan qanday va qancha yuk qaerga, qachon chiqarilgani haqidagi hujjatlar qani?
Bu ishga nafaqat hokimiyat, chegara, bojxona, karantin xizmatlari qay darajada aloqador? Aslida eksport qilinganmi o`zi?
Prezidentimizning joriy yil 4-5 fevral kunlari viloyatimizga amalga oshirgan tashrifi chog`ida o`z vazifasiga noloyiqligi uchun Quva tumanining to`rtta sektor rahbari – hokim, prokuror, IIB va davlat soliq inspeksiyasi boshlig`i ishdan olindi. Xo`sh, mazkur fermer xo`jaliklari singari muammolari oylar, yillar davomida cho`zilib kelayotgan 261 ming nafar quvaliklarning bugungi hayoti va kelajagi bilan bog`liq muhim hayotiy masalalar endi echim topadimi?
Quva tumanining yangi hokimi va sektorlar rahbarlari bu borada qat`iyat, shijoat ko`rsata olarmikan?
Botir MADIYoROV,
jurnalist