Pul ayirboshlashga kiritilayotgan qo`shimcha talablar soddalashtirish hisoblanadi – Markaziy bank

10.11.2023 15:18

Pul ayirboshlash amaliyotiga kiritilayotgan o`zgartirish yuzasidan Markaziy bank munosabat bildirdi.

Munosabatda valyuta ayirboshlashdagi cheklovlar – qulayliklar yaratish, qo`shimcha hujjatlar talab qilish – soddalashtirish deya izohlangan 

Bir necha kun avval Markaziy bank tomonidan O`zbekistonda valyuta operasiyalarini amalga oshirish qoidalariga o`zgartirishlar kiritish yuzasidan loyiha tayyorlanib umumxalq muhokamasiga qo`yilgan edi.

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov tomonidan taklif qilingan mazkur qonun loyihasida xo`jalik yurituvchi sub`ektlardan valyuta ayirboshlash uchun bir nechta qo`shimcha hujjatlar talab etilishi belgilab qo`yilgan.
Ya`ni, ular quyidagilar hisoblanadi:

— Valyuta operasiyasini amalga oshirish uchun tuzilgan kontrakt (shartnoma, bitim, invoys);

— Chet el valyutadagi lizing va kreditlarga xizmat ko`rsatishda – asosiy summa va foiz to`lovlarini qaytarish jadvali;

— Xorijiy investorlarning foydasi, dividendlari va boshqa daromadlarini repatriasiya qilishda – foyda taqsimlanganligi va dividendlar to`langanligi to`g`risidagi hujjat, auditorlik firmasi yoki soliq organining xulosasi hamda daromad solig`i to`langanligi to`g`risidagi soliq organlarining tasdiqnomasi;

– Qoidalarning 17–19 bandlariga muvofiq, norezidentlar tomonidan mablag`larni ularning chet eldagi hisobvaraqlariga o`tkazishda – milliy valyutadagi mablag`larning qonuniy yo`l bilan topilganligini asoslovchi hujjatlar taqdim etilishi kerak.

Mazkur qonun loyihasi esa jamoatchilik tomonidan kattagina e`tiroz va qarshiliklarga sabab bo`ldi.

Muhokama davomida loyihaga kelayotgan e`tiroz va takliflar yuzasidan Markaziy bank munosabat bildirdi.


Mazkur hujjatga kiritilayotgan o`zgartirish va qo`shimchalar valyuta operasiyalarini cheklash yoki qat`iylashtirishni emas, balki amalda mavjud normalarga aniqlik kiritish, ayrim operasiyalarni amalga oshirish jarayonini yanada soddalashtirish, tarqoq normalarni umumlashtirishni nazarda tutadi”, – deyiladi Markaziy bank munosabatida.


Shuningdek, Markaziy bank tomonidan qonun loyihasiga bildirilgan izohlarda quyidagi jihatlar ham oqlov sifatida sanab o`tilgan: 

— Yangi qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiqlashtirish;

— Amaldagi normalarni turli xil talqin qilish holatlarining oldini olish maqsadida, xo`jalik yurituvchi sub`ektlar tomonidan chet el valyutasini sotib olishda banklarga taqdim qilinishi lozim bo`lgan hujjatlarni aniq belgilash;

— Chet el valyutasini sotib olish buyurtmanomalarini ko`rib chiqish jarayonini soddalashtirish;

— Xo`jalik yurituvchi sub`ektlar hamda norezident jismoniy shaxslarga valyuta operasiyalarini amalga oshirishda qo`shimcha qulayliklar yaratish;

— Bank kassalari orqali mijozlarga naqd chet el valyutasini chiqim qilish bilan bog`liq normalarni umumlashtirish.

Markaziy bank so`nggi ikki oy ichida ikkinchi bor valyuta ayirboshlashga cheklov o`rnatishga urinib ko`rmoqda. Joriy yil 15 sentyabr kuni Markaziy bank o`zining ichki qarori bilan valyuta ayirboshlashga cheklov o`rnatgan edi. MBning bu harakati jamoatchilikda katta e`tirozlarga sabab bo`lganidan so`ng, bank bu qarorini bir sutkadan keyin - 16 sentyabr kuni bekor qilgan edi. 

Bu safar esa yangi qonun bilan valyuta ayirboshlashni murakkablashtirish orqali cheklovlar o`rnatish uchun ilk qadam tashlanmoqda.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар