Byudjetdan ajratilgan 1,5 trillion so`m yana havoga uchadimi?

05.11.2023 10:22

2024 yil uchun taqdim etilgan davlat byudjeti loyihasida Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligiga byudjet tomonidan 46 trln 647 mlrd so`m mablag` ajratilishi belgilangan.

Shundan, 1,5 trln so`m mablag` umumiy o`rta ta`lim muassasalarida darsliklarni yangilash bilan bog`liq xarajatlarga yo`naltirilishi nazarda tutilgan.

Yangi o`quv yili boshlanishi arafasida Maktabgacha va maktab ta`lim vazirligi "boshlang`ich sinflar uchun 775 nomda yaratilgan yangi avlod darslik majmualari 72 mln nusxada chop etilmoqda", deya xabar berdi. Shuningdek 2023 yil maktab darsliklariga byudjetdan 920 milliard so`m ajratilganligi ma`lum qilindi.

Pullarning taxminiy egasi kim?

Bugun ta`limda tushunarsiz vaziyat yuzaga kelgan: ayni paytda boshlang`ich sinflarning ayrimlari "Novda" darsliklaridan, ayrimlari Milliy o`quv dasturi asosidagi darsliklardan va ayrimlari 2017 yil darsliklaridan tahsil olmoqda. 6, 7, 10 sinflar Milliy o`quv dasturi asosidagi darsliklar bilan, 5, 8, 9, 11 sinflar esa 2014-2018 yillar darsliklari bilan o`qitilmoqda.

Prezident farmoni asosida, UNESCO va boshqa xalqaro tashkilotlar ishtirokida katta kuch va mablag` sarflab yaratilgan, bir necha bosqichlarda muhokamalardan o`tgan Milliy o`quv dasturi o`quvchilarga tarqatilganidan hali 2 yil o`tmay turib prezidentga yangi  "Novda Edutainment" darsliklari taqdim etildi va sentabr oyidan 1-4 sinf o`quvchilari shu darslik asosida o`qitila boshladi.

"Novda edutainment" haqida nimalar ma`lum?

2019 yil AOKA rahbari, hozirda Prezident administrasiyasi Axborot siyosati departamenti rahbari Komil Allamjonov tashabbusi bilan AOKA qoshida yangi avlod darsliklari yaratish uchun “O`qituvchi” ilmiy-metodik markazi tashkil etilgan edi.

2020 yilda ushbu markaz yopildi. Tugallanmay qolgan darsliklar Xalq ta`limi vazirligiga topshirilishi kerak edi, ammo topshirilmadi. Allamjonovning o`zi bu haqda "Ozodlik" radiosi"ga bergan intervyusida "Chala qolib ketgan ishni o`zimizning mablag`lar hisobiga uni tugatib yana davlatga berganmiz, menimcha, bu hech qanaqa e`tiroz tug`dirmaydigan holat deb o`ylayman", – dedi.

Keyinroq, 2023 yil yanvar oyida Komil Allamjonov "Boshlang`ich sinf o`quvchilari uchun sifatli darsliklar, sifatli ta`lim shu yil sentyabr oyidan boshlanadi. Tayyorgarlikka 4 yil vaqt ketdi", deb bayonot berdi. Maktab ta`limi sohasiga aloqasi bo`lmagan odamning darslik yaratishga kirishishi va uni respublikaning butun hududiga tarqatishi alohida mavzu.

Bu yil "Novda Edutainment" tomonidan ishlab chiqarilgan maktab darsliklari aholi va ziyolilar tomonidan eng ko`p muhokama va e`tirozlarga uchradi.

Aynan shu "Novda Edutainment" darsligi yaratuvchilaridan biri Yuliya Risyukova hozirda Ta`limni rivojlantirish markazi direktori o`rinbosari, bir paytlar Komil Allamjonovga qarashli "Avtotest" avtomaktabida ishlagan, AOKAda "O`qituvchi" markazi direktori o`rinbosari bo`lgan.

"Novda edutainment" loyiha rahbari Vohid Hamidov esa Ta`limni rivojlantirish markazi rahbari, undan avval Allamjonov bilan "Avtotest" maktabida ishlagan.

Komil Allamjonov o`zining “Allamjonov aybdor” kitobida “1-sinfdan 11-sinfgacha milliy ta`lim tizimi ishlab chiqish rejam bor. Bunga 5 yil ketadi. Xudo xohlasa, 4 yildan keyin men O`zbekiston uchun eng zo`r ta`lim tizimini taqdim qilaman", deya yozgan edi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
6
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар