“O`zarxiv agentligi tizimida o`tgan 9 oy mobaynida amalga oshirilgan ishlar” hisoboti bo`yicha matbuot anjumani o`tkazildi. Unda fuqarolar o`ziga tegishli ma`lumotlarni olish elektronlashtirilganligi ham aytib o`tildi.
Shaxs o`zining oilasi kelib chiqishiga doir ma`lumotlarni olishi uchun qanchadir mablag` to`lashi kerakmi? Arxivdagi ma`lumotlar bilan tanishish uchun fuqarolardan qanday hujjatlar talab etiladi?
Rost24.uz muxbirining ushbu mazmundagi savoliga “O`zarxiv” agentligi direktori Ulug`bek Yusupov quyidagicha javob berdi:
«Shaxsga oid ma`lumotlar, ya`ni, shaxsiy tarkibiy hujjatlar onlayn ravishda ko`rsatiladi. Agarda u ijtimoiy huquqiy mazmundagi so`rov bo`ladigan bo`lsa, misol uchun, nafaqaga chiqayotgan fuqaro bo`lsa hujjatlari, ya`ni oylik ish haqi bo`lishi mumkin yoki ishlaganligi haqidagi hujjat bo`lishi mumkin, shu mazmundagi ma`lumotni olayotgan bo`lsa, unga bepul ravishda xizmat ko`rsatiladi.
Bu arxiv hujjatidan ko`chirma shaklida beriladi. Ba`zi fuqarolar o`zlariga oid hujjatning to`liq ma`lumotini berolmasligi mumkin, ya`ni buyruq raqami, qaysi tashkilotda ishlaganligi yoki mehnat daftarchasini yo`qotib qo`ygan holatlarda bu bo`yicha ma`lum bir mablag` to`lashlariga to`g`ri keladi. Bu summa hozirda 60 ming so`mni tashkil etadi.
Bugungi kunda arxivlar fuqarodan hech qanday hujjat talab qilmaydi, faqatgina hujjatlar bo`yicha ma`lumotlar talab qilinadi. Masalan, fuqaro Yagona interaktiv davlat xizmatlari orqali murojaat qiladigan bo`lsa, o`sha erda o`zining pasport ma`lumotlarini, qaerda ishlagani haqidagi ma`lumotlarni ko`rsatadi. Biz o`sha fuqaro ko`rsatgan ma`lumotlar asosida so`ragan ma`lumotidan arxiv ko`chirma sifatida ma`lumotnoma taqdim etamiz», — dedi U. Yusupov