O`z davrida “O`zbekiston malikasi” bo`lgan Gulnora Karimovaning Shveysariya banklari kassalarida to`planib qolgan 840 million dollarlik boyligi – hukumat buyrug`i bilan muzlatib qo`yilgan edi.
Financial Timesʼning yozishicha, Shveysariya bo`ylab fuqarolik sudlarida uzoq davom etgan huquqiy urushga yaqinda barham berilib, sud boylikka kim ega bo`lishi kerakligini hal qilishi mumkin. Bular: Shveysariya va O`zbekiston hukumatlari; Zeromax nomi bilan keng tarqalgan xolding kompaniyasining kreditorlari yoki qamoqxonadagi 51 yoshli Karimovaning o`zi.
28 sentyabr kuni, o`n yillik tergovdan so`ng Shveysariya prokuraturasi Karimovaga qarshi jinoiy ish qo`zg`atdi. Nashrga ko`ra, ayblov xulosasi Shveysariyaning Zug shahrida joylashgan Zeromax kreditorlarining da`volariga sabab bo`lgan. Ushbu xolding kompaniya 2010 yilda bankrot bo`lib, 4,6 milliard dollar qarzga botgan edi. Bungacha esa kompaniya konglomerat to`qimachilikdan tortib tabiiy gaz sanoatigacha bo`lgan o`ndan ortiq tarmoqlarda aktivlarni qo`lga kiritib, O`zbekistondagi eng yirik ish beruvchi darajasiga chiqqan bo`lgan, ko`pchilik uni Gulnora Karimovaga aloqador deb hisoblagan.
Zeromax kreditorlarining da`volari shuki, Karimovaning $840 milliondan tegishli qismi ularga kompensasiya qilishi kerak. Nashrga ko`ra, kompaniyaning kreditorlari – braziliyalik futbol yulduzlaridan tortib, Germaniyaning Qora o`rmonidagi hunarmandlargacha bo`lgan bir guruh shaxslardir.
Shveysariya hukumati Zeromax va Karimova o`rtasida hech qanday aloqa yo`q, deb hisoblaydi: 2018 yilgi sud qaroriga ko`ra, Zeromax na Karimova tomonidan nazorat qilingan, na unga foydali bo`lgan. Shuning uchun, pullarni O`zbekiston hukumati olishga haqli.
Biroq, Financial Times nashri Shveysariya polisiyasining hisobotlaridan birini qo`lga kiritganini yozmoqda. Unda kreditorlar iddao qilganidek, Karimova va Zeromax o`rtasidagi aloqalar batafsil bayon etilgan.
Bir misolda 2016 yilda Shveysariya polisiyasi Karimovaning Jenevada ijaraga olgan seyflarini tintuv qilish uchun order olgani tasvirlangan. Tintuvda hashamatli zargarlik buyumlari, jumladan, Boucheron brendidan bo`lgan 2,5 million dollarlik bitta olmos uzuk topilgan, ularning barchasi Zeromax tomonidan moliyalshtirilgan.
Jenevadagi zargarlik do`konlaridan birining egasi polisiyaga bergan bayonotida Karimova zargarlik buyumlarini shaxsan sotib olgani va pulni Zeromax nazoratidagi bank hisobvarag`idan o`tkazganini aytgan.
Gulnora Karimova esa o`zi va Zeromaxʼga qo`yilgan poraxo`rlik ayblovlarini rad etgan.
«U (Karimova) barcha ayblovlarni rad etadi va oqlanishi uchun kurashadi. Shveysariya banklarida muzlatilgan pul qonuniy ravishda uniki», — deydi Karimovaning Jenevadagi advokati Greguar Manje.
Shveysariya O`zbekiston bilan Karimovaning pullarini 2020 yilda qaytarishni boshlash bo`yicha kelishuv imzolagan.
Biroq, boylik uchun kurash davom etayotganini hisobga olsak, barcha tomonlar yaqinda bo`ladigan Shveysariyadagi sud — nihoyat qonuniy chigallikni bartaraf etishiga umid qilmoqda. Lekin, jinoiy sud jarayonining aniq sanasi hali belgilanmagan.