Dunyodagi eng gavjum shaharlardan biri — Londondagi tirbandlik muammosini hal qilishda bozor mantig`ini qo`llash samara bergan: shaharda tirbandlik avj oladigan soatlarda mashina haydash narxi oshirib qo`yilgan.
Hukumat 2003 yilda soat 7:00 dan 18:30 gacha bo`lgan vaqt oralig`ida London markazidagi taxminan 21 km.kv.lik hududga kiradigan barcha haydovchilar uchun 8 dollar miqdorida to`lov belgiladi.
2005 yilda bu to`lov 13 dollarga oshirildi, 2007 yilda esa to`lov evaziga kiriladigan hudud kengaytirildi. Deyarli 700 ta joyda kameralar o`rnatilib, to`lov qilmasdan mashina haydaganlarga 130 dollar miqdorida jarima solindi.
Dastur ishga tushganidan bir oy o`tib olingan natijalar hammani hayratlantirdi:
— Shaharda transport harakati 20 foizga kamaydi;
— Tirbandlik hududi deb ataladigan yo`llarda o`rtacha tezlik ikki baravar oshdi;
— Avtobuslar kechikishi ikki baravar kamayib, avtobusdan foydalanadiganlar soni 14 foizga ko`paydi.
Bu qanday yuz bergan?
Yuqori narxlar talabni pasaytirib, ba`zi haydovchilarni kamroq mashina haydashga undagan va yo`llardagi vaziyat yaxshilangan.
Yo`llarda mashinalar kamaygani sababli jamoat transporti London ko`chalarida tezroq harakatlana boshlagan va bu holat shaxsiy avtomobildan foydalanishga zarurat qoldirmagan.
Iqtisodchilarning fikricha, yo`llarni kengaytirish, qo`shimcha ko`priklar qurish va shunga o`xshash choralar tirbandlikka echim bo`la olmaydi, aksincha, avtoulovdan foydalanishni rag`batlantiradi va oqibatda tirbandlikning yanada ortishiga olib keladi.
«Yalang`och iqtisodiyot» kitobidan