Alifbodagi 4 ta Sh, Ch, Oʻ, Gʻ harflarini o`zgartirish bo`yicha berilgan takliflar ijtimoiy tarmoqlarda ko`plab muhokamalarga sabab bo`ldi. Bu o`zgarishlarni ko`plab jurnalist, blogerlar ham yoqlab chiqdi.
30 yil yil oldin boshlangan bu islohot hozirgacha o`zgarmay kelmoqda. Aslida yuridik jihatdan lotin alifbosiga o`tish 2010 yilda yakunlangan. Ammo biz hali ham kirill, lotin va yangi o`zgarayotgan alifbo orasida arosatda yuribmiz.
Alifbodagi 4 ta harf o`zgarishini ko`pchilik katta islohot emas, deya baholadi. Lekin bu hozirgi lotin va kirill orasida sarson bo`layotgan avlodning savodsizlik darajasini qaysi darajaga olib boradi yoki bu yil yangi chiqarilgan darsliklarni chiqargan nashriyot yana kitoblarni qaytadan chiqarmaydimi? Byudjet pullarini hisobsiz ishlatayotgan amaldorlar uchun alifbo islohati yangi bir bahona bo`lib qolmasmikan? Balki shu 4 ta harfni yozilishini texnik jihatdan qulay qilish yo`li ham bordir. Soliq to`lovchilar pulini maqsadli ishlatishni bizning amaldorlar qachon o`rganar ekan? Alifbo islohatiga ehtiyoj bormidi?
Rost24.uz ushbu mavzuda jamoatchilik fikrini o`rgandi. Aholining fikrlari esa turlicha bo`ldi:
— o`zgarish kiritish shunchaki o`quvchilar miyasini chalg`itishga sabab bo`lmoqda;
— darsliklardan foydalanishda yana qiyinchiliklar bo`ladi;
— savodsizlikni oshiradi;
— qo`shimcha xarajat bo`ladi;
— shu holida qolgani yaxshi;
— taklif qilinayotgan ba`zi harflar turk alifbosida bor kabi fikrlarni aytib o`tdi.
Bugun o`zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 34 yil bo`ldi. Shuncha vaqt davomida aholi kirill alifbosidan lotin alifbosiga to`liq o`ta oldimi? Bu borada ham jamoatchilikka savol berganimizda asosiy yosh qatlam lotin alifbosi qulayligini, yoshi kattalar esa kirill alifbosidan voz kecha olmaganini aytib o`tdi. Ba`zilari esa vaziyat taqozosi bilangina lotin alifbosini o`rgangan.
Yangi va qulaylashtirish islohati savodsizlikka olib borishi va yana besamar sarflanayotgan xalqning pullariga borib taqalishini hisobga olsa, yaxshilab o`ylab qaror qabul qilish maqsadga muvofiq bo`ladi.