Ta`lim tajriba o`tkazadigan soha emas — mutaxassis

11.10.2023 10:54

Bu yilgi "Novda edutainment" tomonidan O`zbekistondagi maktablar uchun yaratilgan darsliklar ijtimoiy tarmoqlarda ko`plab muhokamalarga sabab bo`ldi. Kimdir uning imloviy xatolari haqida gapirsa, yana boshqasi topshiriqlarning qiyinligini aytadi.

Muhokamalardan so`ng ko`plab savollar o`rtaga chiqdi: Ushbu darsliklarning yaratilishi qachon boshlandi? Qaysi standartlar asosida tayyorlandi? Nega shu paytgacha ta`lim tizimida amald abo`lgan Milliy o`quv dasturi asosida yaratilgan darsliklarni chiqarib, yangi darsliklarni kiritdik? Nega?

2019 yili AOKA rahbari Komil Allamjonov (hozirda Prezident administrasiyasi Axborot siyosati departamentining rahbari) tashabbusi bilan AOKA qoshida “O`qituvchi” ilmiy-metodik markazi tashkil etilgan. Markazning vazifasi o`sha paytdagi darsliklarga raqobatchi tarzda zamon talablariga javob beradigan, innovasion yangi avlod darsliklarini ishlab chiqish edi. 2020 yilda markaz yopildi va tugallanmay qolgan darsliklar Xalq ta`limi vazirligiga topshirilishi kerak edi. Ammo topshirilmadi.

2021 yilda sobiq xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatov biz yuqorida aytgan darsliklarga umuman bog`liq bo`lmagan darsliklarni prezidentga taqdim qildi. Biroq, ushbu taqdimotga ko`p bo`lmasdan  yuqorida tayyorlanishi boshlangan darsliklar “fin tajribasi” deb atalgan nom bilan maydonga kirib keldi va hozir amalda foydalanilmoqda.

Komil Allamjonov o`zining “Allamjonov aybdor” kitobida “1-sinfdan 11-sinfgacha milliy ta`lim tizimi ishlab chiqish rejam bor. Bunga 5 yil ketadi. Xudo xohlasa, 4 yildan keyin men O`zbekiston uchun eng zo`r ta`lim tizimini taqdim qilaman”, deya yozgan. Allamjonov kitobida keltirgan o`sha ta`lim tizimiga hozirgi darsliklar asos bo`lsa ajab emas. Ammo darsliklar juda qisqa muddatda yaratildi va amaldagi kitoblar fin tajribasiga emas, ko`proq Qozog`istondagi "Almatikitap" nashriyoti darsliklarining namunalariga  o`xshaydi. Darsliklarni 4 qismga bo`lib tayyorlash ham "Almatikitap" nashriyotining g`oyasi.

Rost24.uz shu mavzuda ko`plab darsliklar muallifi, ekspert Komil Jalilov bilan suhbatlashdi:

— Komil aka, normal jamiyatlarda darsliklar bilan bog`liq muammolar yuzaga chiqsa qanday choralar ko`riladi?

Komil Jalilov: «Hech qaysi normal jamiyatda ta`lim biznesga aylanmaydi. Butun boshli ta`lim tizimi xususiy haydovchilarni imtihon qiladigan markazga tashlab qo`yilmaydi. Darsliklar ishlab chiqilgan holatda ham, normal jamiyatlarda parlament yoki jamoatchilik bu erda manfaatlar to`qnashuvi yo`qmi, deb savol beradi. Darsliklar uchun qaysi mezonlar asosida, nega aynan bu tashkilot tanlandi? Umuman normal jamiyatlarda jamoatchilik yoki yuqoridagilar ham bunday savollarni berar edi. Ammo bizda bunday narsa bo`lmadi».

Ekspertning so`zlaridan qisqacha iqtiboslar:

— “Novda” tomonidan yaratilgan darsliklarda fin emas, ko`proq Rossiya va Qozog`iston tajribasi bor. Finlandiya darsliklariga nisbatan topshiriqlar juda qiyin. Ba`zi topshiriqlarni hatto echimi ham chiqmaydi.

Ta`lim har yili yangilik kiritib o`zgartirilaveradigan soha emas. Uning natijasi bir necha yillar kutiladi. Maqsad tanlandimi, yangilik kiritavermay, oxirigacha borish kerak.

— Yangi yaratilgan darsliklarning topshiriqlari maktabdagi dars soatida belgilangan 45 daqiqaga mo`ljallanmagan, ba`zi topshiriqlarda o`zbek tilida yo`q so`zlar ham ishlatilgan, misol uchun 1-sinf Alifbe kitobidagi "innana" so`zini keltirish mumkin.

— O`zbekistonda umumiy o`rta maktab va oliy ta`lim etarli darajada tajriba maydoniga aylantirilmoqda. Bunday tajribalar esa kadrlar masalasida o`sishga emas, qulashga olib keladi.

— Ushbu holatlar ijtimoiy tarmoqlarda ko`plab muhokamalarga sabab bo`ldi. Ammo, bu holatga na Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligi, na yangi tashkil etilgan Ta`limni rivojlantirish markazi, va na darsliklarni nashr ettirgan mas`ul "Novda Edutainment" munosabat bildirgani yo`q.

Suhbatni to`liq holda yuqorida ilova qilingan video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
5
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар