Poytaxtdagi 65 gektarlik bog` yo`q bo`lib ketishdan saqlab qolindi

07.10.2023 19:15

“Botanika bog`i” hokimlarga berilmaydigan bo`ldi. Ammo yana 195 ta istirohat bog`larini kim asrab qoladi?

“Botanika bog`i”ni asrab qolmoqchi bo`lganlar ham, yo`qotmoqchi bo`lganlar ham Prezident qarorlarini asos qilib ko`rsatmoqda.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi jamoatchilik e`tirozlaridan so`ng birgina “Botanika bog`i” (Bosh vazir A.Aripov imzolagan) qaror loyihasidan chiqarilishini ma`lum qildi. Agentlikka ko`ra, bu bo`yicha Fanlar akademiyasi taklif bergan.

Ammo, qaror loyihasida yana 195 ta istirohat bog`larini hokimliklar huzurida tuziladigan “Istirohat bog`larini boshqarish direksiyasi”ga o`tkazish rejasi turibdi.

Ushbu direksiyalarga istirohat bog`larida savdo qilish, pullik xizmat ko`rsatish, ob`ekt va er uchastkalarini ijaraga berish vakolati berilmoqda.

Biroq, loyiha tashabbuskori bo`lgan agentlik esa “loyihada bog`larni xususiylashtirish yoki boshqacha tartibda begonalashtirish ko`zda tutilmagan”, demoqda.

Ammo agentlik O`zbekistonda 262 ta bog`lar xatlovdan o`tkazilganini qayd etib, ulardan ayrimlari (196 tasi, jumladan, “Botanika bog`i” ham) tashlandiq va qarovsiz holga kelib qolganini, ularni boshqarish bo`yicha tizimli ishlar amalga oshirilmayotgani aniqlanganini bildirdi. Shu sababli, ulardan samarali foydalanish bo`yicha takliflar ishlab chiqilgani va takliflarni tegishli qaror loyihasi ko`rinishida kelishish uchun 11 ta vazirlik va idoralarga, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga Normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi (project.gov.uz) orqali yuborilganini ma`lum qildi.

«Mazkur qaror loyihasi barcha vazirlik va idoralar, jamoatchilik fikrini inobatga olgan va qayta ishlangan holda Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda kiritiladi», — deyiladi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabarida.

Mazkur mojaro bo`yicha Toshkent shahar hokimligi ham o`z munosabatini bildirdi.

Poytaxt hokimligining rasmiy munosabatida 2023 yil 24 martda imzolangan “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi 102-sonli Prezident qarori sabab qilib ko`rsatilgan.

«102-sonli Prezident qarori asosida respublikadagi bog`lar faoliyatini yanada takomillashtirish, aholining bo`sh vaqtini mazmunli o`tkazishi uchun qulayliklar yaratish, madaniy-ma`rifiy tadbirlarni o`tkazish imkoniyatlarini kengaytirish va ularni boshqarish tizimini takomillashtirish maqsadida, Davlat aktivlari agentligi tomonidan ishlab chiqilgan», – deyiladi Toshkent shahar hokimligi munosabatida.

O`zbekiston Fanlar akademiyasi ham Botanika bog`ini asrab qolish uchun Prezident qarori mavjudligini bildrdi.

«Prezidentning 2023 yil 31 maydagi “Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi  PQ-171-qaroriga muvofiq, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligiga Fanlar akademiyasi bilan birgalikda “Akademik F. Rusanov nomidagi Botanika bog`i faoliyatini takomillashtirish, shu jumladan, ilmiy salohiyatini kuchaytirish, moddiy-texnik bazasini yaxshilash, hududlarda ularning tajribasini qo`llash va filiallarini tashkil etish” bo`yicha Hukumat qarori loyihasi ishlab chiqildi va idoralararo kelishuvga joylashtirildi. Mazkur qarorning qabul qilinishi Botanika bog`ini boshqa vazirlik va idoralarga o`tkazish imkoniyatini cheklaydi», – deyiladi Fanlar akademiyasining rasmiy munosabatida.

Poytaxt markazida 65 gektar maydonga ega “Botanika bog`i”ni qo`lga kirita olmagan Toshkent shahar hokimligi mazkur mojaroli qaror tashabbuskori emasligini ham ma`lum qilib o`tdi.

«Hokimlik ushbu ilmiy dargohning mamlakat ekotizimini asrash, o`simliklar genofondini saqlash va ko`paytirishdagi ahamiyatini e`tirof etadi va uni istirohat bog`iga aylantirishga yo`l qo`ymaydi», – deyiladi Toshkent shahar hokimligining rasmiy munosabatida.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
2
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар