O`zbeklar sotqin xalq emas — jadidshunos

06.10.2023 09:44

Bundan 85 yil avval 4 oktyabr sanasida Toshkent shahrining Bo`zsuv kanali bo`yida Qodiriy, Cho`lpon, Fitrat va yana yuzlab ziyolilar qatl etilgan.

Hozirgi Shahidlar xotirasi maydoni —  yuzlab jadidchilik namoyondalarini o`ldirilgan qatlgoh hisoblanadi.

Ushbu mudhish sanadan bir necha yil o`tib Yunusobod tumanining Oqil ota qabristoni go`rkovi Ahmadxon ota qabr nasib etmagan millat ziyolilarining murdalarini o`zi ishlaydigan qabriston hududiga olib kelib ko`mgan.

«50 yillardan keyin qatag`on qurbonlarining avlodlari tomonidan ota-bobolarining qabri qaerda ekani haqida so`rov boshlangan. Lekin NKVD o`zining qilgan jinoyatlarini sir tutish maqsadida buni yashirgan. Keyinchalik Alvastiko`prik yonidan tuproq olish jarayonida mashina chuqurga tushib ketadi va u erdan son-sanoqsiz suyaklar topiladi. Bu suyaklarni mahalliy go`rkovlar, shu jumladan, Ahmadxon ota olib ketib qabristonga ko`madi.

Keyinchalik, ma`lumotlar va tafsilotlar jamlanib aniq xulosaga kelindiki, qatl ko`p joylarda bo`lgan, ammo 1938 yildagi umumiy qatlgoh mana shu er, Shahidlar xotirasi maydoni bo`lgan.

Bundan tashqari, viloyatlarda ham qatlgohlar bo`lgan, masalan, Buxoro va Samarqand hududida eski quduqlar qurbonlar suyaklari bilan to`lib ketgan. Sobiq sho`ro hukumati qatag`onga oid ma`lumotlarni xalqaro nizoga aylanib ketmasligi uchun sir tutgan. O`zbekistonda qatag`on qurbonlari 100 ming kishini tashkil etadi, degan gapni ko`p aytishadi, bu sobiq sho`ro hukumatining xulosasi, biz bunga hech bir ko`rinishda rozi bo`lmaymiz, sababi, bir necha tumanning o`zida topilgan murdalar soni bundan ko`p.

Biz bu kabi ma`lumotlarni yana qidiramiz va kuchlarni birlashtirish uchun qo`shni Qozog`iston, Qirg`iz respublikalari bilan ilmiy-tadqiqot hamkorligini yo`lga qo`yyapmiz.

Nima uchun 4 oktyabr sanasiga alohida urg`u beramiz? 1929 yilda O`zbekistonda qatag`on boshlangan edi. Munavvarqori boshchiligida 84 ta yirik ziyolilar yo`q qilindi. Lekin qatag`onning kulminasiyasi 1938 yilning 4 oktyabrida bo`ldi. Shu kuni millat ziyolilarining Turkiston orzusi tuproqqa ko`mildi, — dedi Shahidlar xotirasi muzeyi ilmiy xodimi, jadidshunos olim Bahrom Irzaev 1938 yillar qatag`oni haqida gapirarkan.

O`zbekistonda qatag`onning bu qadar keng ko`lamda amalga oshirilishiga ko`pchilik tez-tez eslab turadigan sotqinlik sabab bo`lganmi, degan savolga jadidshunos olim keskin rad javobini berdi.

«Aslo bu ma`noda biror millatga nisbatan bularda sotqin ko`p, deb bo`lmaydi. Fransiyaning ham, hattoki xalqining birdamligi e`tirof etiladigan Yaponiyaning ham boshiga sotqinchilik balosi tushgan.

Masalan, Germaniya zulmi ostida qolgan fransuzlarning deyarli hammasi o`z qardoshi-yu qo`shnilari haqida yozib bergan. Bu biror millatga xos xususiyat emas.

Har bir insonda qo`rquv bo`ladi, bu insonga xos instinkt. Agar o`zbeklarda qurbonlar ko`p bo`lsa demak mardlar, ilmlilar ko`p bo`lgan. Qaerda ziyolilar ko`p bo`lsa mustamlakachilar qattiqroq rejimda ish ko`radi. Bizda bor millatini sotmaslik uchun o`limni “Men uchun bayram”, deb yozib qoldirgan qodiriylar, bizda bor “Bugun meni o`ldirsang o`ldirasan, ertaga men yashamayman”, degan Cho`lponlar.

Qatag`onning ommalashishini o`zbeklar orasida xoinlik ko`p bo`lgani bilan izohlash dushmanlar tomonidan o`ylab topilgan. Men bu tarifni qahramon bobolarimizga qilingan tuhmat, deb qabul qilaman.

Aslida, uzoq yillar davomida ish rejasi shunday tuzilgan. Manba berayotgan xufyalar ismi o`rniga ziyolilarning qarindoshlari ismlari yozib qo`yilgan.

Sho`ro hukumati o`ylaganki: “Ertaga bu millat, albatta, uyg`onadi va o`shanda biz shu so`zni aytamiz”. Totalitar tuzum o`zining kirdikorlarini yashirish uchun 1950 yillardan boshlab Stalin sizni qaerdan bilardi? qabilida gapira boshladi.

Yana bir tomondan, oq varaqlarga imzo chektirilgan bo`lishi mumkin. Ko`plar keyinchalik yig`lab aytib bergan voqealar bor. Xalqqa bu kabi tuhmat qilish zolimning nog`orasiga o`ynashdir», — dedi jadidshunos olim Bahrom Irzaev.

Manzildan tayyorlangan lovhani to`liq holda yuqorida ilova qilingan video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
4
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар