Milliy valyutamizni almashtirish kerak — iqtisodchi

27.09.2023 07:47

Valyuta mamlakat pul birligi bo`lib, davlat va jamiyat hayotida juda muhim ahamiyatga ega. O`zbekiston milliy valyutasi - o`zbek so`mi 1994 yilda ishlab chiqarilgan. 29 yil ichida so`m shu darajada qadrsizlandiki, hozirgi kunga kelib, 12 ming so`m 1 dollarga teng bo`lib qoldi.

Rost24.uz sayti o`zbek so`mining yildan-yilga tushib borayotgan qiymati va uning mamlakat iqtisodiyotiga ta`siri haqida iqtisod fanlari doktori, professor To`lqin Boboqulov bilan suhbatlashdi.

– So`m ishlab chiqarilgan yilidan hozirgi kunga qadar bu darajada qadrsizlanib ketishiga nima sabab bo`ldi?

– Pul muomalasi yo`nalishi mutaxassisi sifatida milliy valyutamizning qadrsizlanishi sabablarini uzoq yil o`rganganman. Salkam 30 yil davomida nima uchun valyuta kursini ushlay olmadik?

Birinchidan, biz muomalaga ortiqcha pul chiqaruvchi kanallarni yopa olmadik. Bu kanallardan birinchisi — tabiiy monopoliya xizmatlari va mahsulotlari narxining oshishi. Gaz, elektr energiyasi, yoqilg`i shular jumlasidandir. Ularning narxi oshsa, boshqa tarmoqlarda ham narxlar ko`tariladi. Shu orqali muomalaga ortiqcha pul chiqadi.

Ikkinchi kanal: uzoq yillar davomida Markaziy bankning mustaqilligini ta`minlay olmadik. Davlat byudjetiga mablag` etmay qolsa Markaziy bankdan kredit olib uni yopdik. Qachonki, davlat Markaziy bankdan kredit olib, davlat byudjeti yopilsa, muomalaga tovarlar bilan ta`minlanmagan pullar chiqadi.

Uchinchi kanal: juda katta miqdordagi kreditlar qaytarilmadi. Unga sababchi bo`lgan aybdorlar esa jazolanmadi. Qonunchilikning o`zida ham bu belgilanmagan edi. 2017 yil 12 sentyabrga kelibgina, amalga oshmay qolgan investisiya loyihalari uchun kimlar aybdor bo`lishi va jazo olishi haqida qonun qabul qilindi. Undan avval esa, olingan milliardlab mablag`lar o`zini oqlamadi. Masalan, "Bolalar taomlari holding"ga (Yangiyo`l) Milliy bank bergan kreditdan 1 dollar ham tushum bo`lmadi. Bunga Angrendagi "Kaolin" qo`shma korxonasi va boshqa yuzlab loyihalarni misol qilib keltirish mumkin.

Buning so`mning qiymatiga qanday ta`sir qilishini aytadigan bo`lsak: kredit xuddi pul kabi to`lov vositasini bajaradi. Kredit hisobidan ish haqi to`lanadi, xomashyo sotib olinadi, binolar quriladi va hokazo.  Qaytarilmagan kreditlar O`zbekistonda talab inflyasiyasi kuchayishiga olib keldi. Markaziy bank esa bunga e`tibor bermadi.

To`rtinchi kanal: naqd pullarning bankdan tashqari aylanmasi rivojlanib ketdi. Markaziy bank bunga ham cheklov qo`yolmadi, chunki bankning sobiq rahbari Mullajonovning bunga kuchi etmasdi. Misol uchun: soliq to`lamaslik uchun "Zeromaks" 49 nafar xodimiga ish haqini naqd pulda to`lagan. Buni hamma bilgan, lekin chora ko`rolmagan, chunki buning ortida Gulnora Karimova turgan.

So`mning qadrsizlanishiga birinchi sabab muomalaga ortiqcha pul chiqaruvchi kanallar bo`lsa, ikkinchi sabab — eksport va import, ya`ni tashqi savdo balansi. Biz uni sun`iy ravishda boshqarishga urindik.

Uchinchidan, konvertasiya muammosiga barham berolmadik. Tadbirkorlar joriy hisob raqamida pul bo`lishiga qaramay, birjada dollar sotib ololmasdi. Xorijdan investisiya ham, kerakli asbob-uskuna ham olib kelolmay qiynaldi. Bu orqali tadbirkorlarni ichki bozorni tovar bilan to`ldirish imkoniyatidan mahrum qildik. Biz konvertasiyani hal qilmadik, tadbirkorlarni "o`ldirdik".

Birinchi prezident I.Karimov 2013 yilda Xalqaro Valyuta Jamg`armasi oldida katta majburiyat olgan edi, lekin uni bajara olmadi. Sababi, prezident oldidagi iqtisodiy blok rahbarlari keksa prezidentni konvertasiyani ochsak zaxira tugaydi, degan vajlar bilan aldadi. Konvertasiya cheklovi so`mning qadrsizlanishiga katta ta`sir o`tkazdi.

– Inflyasiyaga barham berilgani bilan so`mning qiymatini tiklash qiyin. Iqtisodchi sifatida qanday choralar ko`rishni taklif qila olasiz?

– Tashqi savdo balansi defisitini kamaytirish kerak. O`tgan yili 11 mlrd dollar, bu yil 6 oylik yakun bo`yicha 5 mlrd dollar, ya`ni import eksportdan shuncha katta. Bu valyuta kursiga juda katta bosim ko`rsatmoqda.

Ikkinchidan, davlat byudjeti defisitini tashqi qarz hisobidan qoplayapmiz. Qachonki, davlat byudjeti tashqi qarz hisobidan qoplansa, milliy valyutadagi pul ko`payib ketadi, inflyasiya kuchayadi, bunga barham berish kerak.

Dunyo tajribasida yana bir yo`l bor, O`zbekistonda ishlab chiqarish mumkin bo`lgan tovarlarni vaqtincha import qilmay turish kerak. Chunki import eksportga qaraganda juda katta. Har qanday davlat shunday qilgan, faqat vaqtinchalik. To`g`ri, bu protesionistik siyosat, lekin noilojlikdan buni qilish mumkin.

Vanihoyat, oxirgi chora — so`mni almashtirish. So`mni almashtirmasak bo`lmaydi, chunki bu qadrsiz valyuta bilan islohot qilib bo`lmaydi. Pulni almashtirgandan so`ng, uning qadri tushib ketishiga sabab bo`luvchi omillarga chek qo`yish kerak. Agar buni qilolmasak almashtirmaganimiz ma`qul, sababi bu juda katta xarajatni talab qiladi.

1994 yilda valyuta almashtirilganda birinchi savdoda kurs 7 so`m bo`ldi, ertasiga 12 so`m bo`ldi, mana pul qanday qadrsizlandi. Qariyb 100 foiz. Bizning o`tkazgan pul islohotimiz o`zini oqlamadi.

– Evropa mamlakatlarida umumiy valyuta — evro bor. BRICS mamlakatlari, undan tashqari, Argentina va Braziliya ham qo`shma valyuta ishlab chiqarish niyatini bildirdi. Markaziy Osiyo mamlakatlari ham umumiy valyuta ishlab chiqarsa bo`ladimi? Respublikalarning iqtisodiy salohiyati yoki boshqa jihatlari bunga qanchalik qodir?

– Dunyoda muvaffaqiyatli joriy qilingan yagona valyuta — bu, evro. Ammo uni joriy qilish uchun 30 yil vaqt ketdi, Evropaning rivojlangan mamlakatlari nisbatan ortda ketayotgan davlatlar: Ispaniya, Irlandiya, Gresiya va Portugaliyaning intfratuzilmasini rivojlantirishda yordam berish uchun fond tashkil qilindi. Evropa Ittifoqi yagona valyuta joriy qilish uchun 4 bosqichdan o`tdi. Agar Markaziy Osiyo respublikalari ham umumiy valyuta tashkil qilishni istasa shu 4 bosqichning har birini yaxshilab o`rganib chiqishi zarur. Qolaversa, respublikalarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanganlik darajasi bir xilda bo`lishi lozim, hozir rivojlanganlik darajamiz har xil ekanini hisobga olsak, yaqin 20 yil ichida yagona valyuta haqida o`ylab ko`ra olmaymiz.

Yaqinda Markaziy bank konvertasiyani cheklash bilan bog`liq qaror chiqarib, ertasi kuni uni bekor qildi. Bank raisining so`zlariga ko`ra, bu harakatdan maqsad banklarning sanksiyaga tushib qolishining oldini olish ekan. Bu da`volar qanchalik to`g`ri?

– Markaziy bank rahbari Nurmurodovning so`zlarini eshitdim, menimcha, Nurmurodovning o`zi ham aytgan gaplariga ishonmasa kerak. Chunki bu hech qanday sanksiya bilan bog`liq emas. Konvertasiyaga cheklovni Xalqaro Valyuta Fondining roziligisiz joriy qilolmaymiz, Nurmurodov buni bila turib qildi, u konvertasiya birjasiga so`mda beriladigan buyurtmalarni kamaytirmoqchi bo`ldi. Chunki boshqa yo`li yo`q-da, kurs tushib ketyapti.

Nurmurodov yaxshi bilsa kerak, konvertasiya muammosi Karimovga qimmatga tushgan. 2001 yil aprel oyida Xalqaro Valyuta Fondi Toshkentdagi vakolatxonani yopib, O`zbekiston bilan aloqani uzdi. Eng yomoni, vakolatxona rahbari Vashingtonga borgach, O`zbekistonni erga uradigan "Konvertasiya uchun 14 argument" nomli maqolani fond saytida e`lon qildi. Bu shunday hurmatli tashkilotki, uning saytidagi maqolani butun dunyo ishbilarmonlar toifasi o`qiydi.

Keyinchalik, prezident Karimov fond bilan aloqani tiklashga harakat qildi, foydasi bo`lmadi. Oradan vaqt o`tib, 2001 yil 11 sentyabrda AQShda terakt bo`ldi, bu biz uchun imkoniyat bo`ldi. Tolibonga zarba berish uchun AQSh Afg`onistonga yaqin hududlardan harbiy baza qidirdi. Qashqadaryodagi Xonobod aeroportidan foydalanish uchun shartnoma tuzildi. Shunda I.Karimov AQSh prezidenti Bushga Xalqaro Valyuta Fondi bilan aloqani tiklashda yordam berishini iltimos qildi. Fond bilan aloqani tiklashning o`zi bo`lmagan.

– O`zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov mutaxassisligi bo`yicha iqtisodchi bo`lgan, ammo mamlakat iqtisodiy hayotida yo`l qo`ygan xatolari ham bor. I.Karimovning eng katta xatolari nimalar bo`ldi?

– Karimov iqtisodchi bo`lgan, lekin ulkan xatolarga yo`l qo`ygan. Birinchi xatosini boya aytib o`tdim: Markaziy bank qonunda belgilangan vazifani bajara olmasa-da, Markaziy bank raisi Mullajonovni ishdan bo`shatmadi.

Ikkinchi xatosi: Xalqaro Valyuta Fondi oldida olgan majburiyatlarini bajarmadi, konvertasiyani yopib qo`ydi. O`zi olgan majburiyatni o`zi bajarmadi.

Uchinchi jiddiy xatosi: Iqtisod bilan bog`liq muammolarni aytishning iloji bo`lmay qoldi. Bironta muammoni aytsangiz, ishdan bo`shatardi yoki qamardi. Mamlakatda qo`rquv muhiti yuzaga keldi. Shuning uchun hozirgi rahbarlarning ko`pchiligi juda qo`rqoq.

– Endi o`zbek so`mining taqdiri nima bo`ladi? Shu ketishda qiymati tushib boraveradimi?

– Biz endi pulni almashtirishimiz kerak. Valyutani almashtirish uchun zarur sharoitlarni yaratib, albatta, pulni almashtirishimiz kerak. Bu qadrsiz valyuta bilan buyuk islohotlar qilib bo`lmaydi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
7
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар