Xalq deputatlari Yangihayot tuman Kengashi deputati Abduqahhor Iminoxunov nodavlat oliy ta`lim muassasalari ochilishda ularga individual tarzda imtiyozlar berilganiga e`tiroz bildirdi. Farmon va qarorlar bilan xususiy oliygohlar uchun alohida maxsus chiqartirilgan har bir imtyozni bekor qilish vaqti kelganini bildirgan deputat quyidagicha izoh berdi:
O`zbekistondagi barcha nodavlat oliy ta`lim tashkilotlari uchun yagona shart-sharoitlar yaratilishi, yagona talablar qo`yilishi kerak.
Prezident farmoni, Vazirlar Mahkamasi qarori kabi hujjatlar bilan ayrim nodavlat oliy ta`lim tashkilotlariga berilgan individual imtiyozlar bekor qilinishi va barcha uchun yagona qonun-qoidalar ishlab chiqilishi kerak.
Toshkentdagi Vestminster xalqaro universiteti, Toshkentdagi Turin politexnika universiteti, Toshkentdagi Inxa universiteti, Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti kabi (halqaro hamkorlik asosida tashkil etilgan deb ataluvchi) bir qator universitetlarga aynan ular uchun qabul qilingan Prezident farmoni yoki Vazirlar Mahkamasi qarori bilan O`zbekiston Davlat ta`lim standartlari va Malaka talablari me`yorlariga mos kelmaydigan xorijiy universitetlar o`quv rejalari asosida ta`lim xizmatlarini ko`rsatish huquqi berilgan.
Mazkur universitetlar tashkil etilgan paytda mamlakatimizda ulardan boshqa nodavlat ta`lim muassasalari bo`lmagan, bu sharoitda ularga ma`lum bir imtiyozlar berilishi tushunarli edi.
Hozirgi kunda mamlakatimizda juda ko`plab nodavlat oliy ta`lim tashkilotlari faoliyat olib borilmoqda. Amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar talablariga ko`ra ularning barchasida ta`lim jarayoni Davlat ta`lim standartlari va Malaka talablari asosida tashkil etilishi shart.
Maxsus farmon va qarorlar bilan tashkil etilgan ba`zi bir nodavlat universitetlarida mazkur talablarga rioya qilmaslik imtiyozi mavjud.
Oliy ta`lim xizmatlari bozorida halol raqobat muhitini shakllantirish uchun bozordagi barcha ishtirokchilarga bir xil shart-sharoit yaratilishi talab etiladi.
Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligidan oliy ta`lim tizimini tartibga soluvchi barcha normativ-huquqiy hujjatlarni monopoliyaga qarshi kurash nuqta nazaridan qayta ekspertizadan o`tkazish va individual imtiyozlar taqdim etuvchi normativ-huquqiy hujjatlarni bekor qilib, barcha uchun barobar, yagona qonun hujjatlarini joriy etilishida amaliy yordam berishlarini so`rab qolamiz.
Toshkentdagi Vestminster xalqaro universitetiga lisey o`quvchilarini liseyning so`nggi kursida o`qish bilan bir vaqtda universitetning 1-kursida ham o`qish, liseyda o`qishni tamomlaganda universitetning 1-kursini ham yakunlash, keyin yana 3 yil o`qib, bakalavr darajasiga erishish huquqi berilgan, bu huquq boshqa nodavlat universitetlariga berilmagan.
Mana shuning o`zi tizimda nosog`lom raqobat muhiti shakllanganligini ko`rsatadi. Bir nodavlat universitetiga ruxsat berilgan faoliyat boshqa barcha nodavlat universitetlariga ham ruxsat berilishi shart.