O`zbek olimlari nega dunyo tan oladigan yangilik qilmayapti?

23.09.2023 13:40

Olimlarimizga olamshumul yangilik qilishlari uchun nima to`sqinlik qilyapti? Sharoitmi, mablag`mi yoki o`zbek olimlarining salohiyati yo`qmi?

Rost24.uz tibbiyot fanlari doktori, prefessor Zarifboy Ibodullaev bilan so`nggi yillarda O`zbekistonda ilm-fanga bo`layotgan e`tibor va uning rivojiga qaysidir ma`noda to`siq bo`layotgan bir qator omillar hamda shunga aloqador boshqa mavzularda, xususan, tibbiyot yo`nalishida saqlab qolingan super-kontrakt masalasi hamda xususiy va davlat oliygohlarida ilmiy ishlar uchun yaratilgan sharoit, ichki muhit borasidagi farqlari xususida suhbat qildi.

Olimlarimizga olamshumul yangilik qilishlari uchun nima to`sqinlik qilyapti? Sharoitmi, mablag`mi yoki o`zbek olimlarining salohiyati yo`qmi?

Zarifboy Ibodullaev: Endi, nemis o`zbekdan salohiyatliroq yoki yapon koreysdan salohiyatliroq, deb aytish mutlaqo noto`g`ri. Bilasizmi, qaerga katta mablag` ajratilsa, sharoit yaratilsa, u erda olamshumul kashfiyotlar bo`laveradi.

Zarifboy Ibodullaev

Masalan, Janubiy Koreyada ilm-fanga yalpi ichki mahsulotning 4,2 foizi ajratilyapti, Isroilda 4 foizdan oshiqroq, Yaponiyada 3,5 foiz, Shvesiyada 3,3 foiz, Amerikada 2,84 foiz, Rossiyada 1,10 foiz, Qozog`iston 0,9 foiz va O`zbekistonda 0,8 foiz (2022 yilda) ajratilishi belgilangan. Bu milliard-milliard dollarlarda hisoblansa, Evropada juda katta mablag` ajratiladi. Yana bir marta aytaman, sharoit, laboratoriya va katta mablag`.

Chunki, isbot qilish shart bo`lmagan narsa shuki, ilmga ajratilgan mablag` 10 yildan keyin, 30 yildan keyin, kerak bo`lsa 50 yildan keyin ilm-texnologiyaning zaruriyatiga qarab, natija berishni boshlaydi.

Ushbu savolga o`tgan yilgi mas`ul vazirlik hisoboti ham qisman javob bo`lishi mumkin:

«Ilm-fanni 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to`g`risida»gi prezident farmonida 2022 yilda ilm-fanga O`zbekiston yalpi ichki mahsulotining 0.8 foizi ajratilishi belgilangan.

Statistika agentligining ma`lumotlariga ko`ra, aynan 2022 yilda O`zbekiston yalpi ichki mahsuloti hajmi 888,34 trln so`m yoki 80,4 mlrd dollarni tashkil etgan. Shunda farmonga asosan ilm-fanga 0.8 foizi, ya`ni 643,2 mln dollar yo`naltirilishi kerak bo`lgan.

Lekin, hozirda Oliy ta`lim vazirligiga qo`shib yuborilgan Innovasion rivojlanish vazirligining «2018-2022 yillardagi asosiy faoliyat natijalari»ga bag`ishlangan hisobotda 2022 yilda ilm-fan va ilmiy faoliyatni moliyalashtirish uchun 954 mlrd so`m yoki 80 mln dollar mablag` ajratilganligi ko`rsatilgan (Vazirlikning mazkur ma`lumotini Rost24.uzʼga Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi matbuot kotibi Nazokat Abduqunduzova tasdiqladi).

Yuqoridagi farmon va hisobotga tayanadigan bo`lsak, ilm-fan va ilmiy faoliyatni moliyalashtirish uchun aniq belgilab berilgan mablag`dan 8 barobar kam ajratilgan. Buni qanday tushunish mumkin?!

Zarifboy Ibodullaev: Hamma masalaning og`riqli tomoni shunda. Deyarli juda ko`p sohalarda prezident farmoni qabul qilingan, masalan,  mana ilm-fan sohasiga qariyb 645 mln dollar ajratilishi farmonda belgilab berilgan, shunda bor-yo`g`i 80 mln dollardan oshiqroq mablag` ajratilgan. Bu albatta, juda achinarli, achinarli hol. Biz o`rganib qolganmiz, qaerda nimadir yurishib ketmasa, oliy hukumatni tanqid qilamiz, gapiramiz. Ammo pastdagi ijro bilan bog`liq holatlar juda achinarli holatda. Oxirgi paytlarda farmonni o`qigandan keyin, xavotirga ham tushadigan bo`lganman, shu narsa bajariladimi yoki yo`qmi, deb.

Ilm-fan bilan bog`liq tanqidiy chiqishlarimizda ko`p gapirganmiz, aytganmiz. Mana masalan, Oliy ta`lim vazirligining ma`lumotiga ko`ra, O`zbekistonda jami prefessor o`qituvchilar soni 39 ming 333 nafar, shundan ilmiy darajadagilar 15 ming 750 nafar, fan doktorlari sal kam 3 000, fan nomzodlari (PhD) sal kam 13 ming. Oliygohlarda ilmiy darajasi borlar esa 39,8 foiz, 20 yil oldin 51 foiz edi. To`g`ri, oliygohlar ochilgani hisobiga foiz tushib ketayapti, deyish mumkin. Lekin, ilm-fan bilan shug`illanadigan, talabalarga im-fanni o`rgatadiganlar 39,8 foiz…

Shu o`rinda bir narsani aytib o`tay, ilm degani maqolalar soni bilan yoki qaysidir ma`noda fan doktori va fan nomzodlari bilan ham belgilanmasligi mumkin. Masalan, bizning kafedrada 30 ga yaqin fan doktori bor, lekin ularning birontasi ham olamshumul kashfiyot yoki xorijiy davlatlar sotib oladigan ilmiy-texnologiya qilayotgani yo`q. Ya`ni, ilmiy darajalarning soniga bog`liq emas, ilmiy taraqqiyotning darajasi. Agar shunday bo`lsa, hozir Rossiyadan o`zib ketgan bo`lar edi.

Bizda eng qiziq narsa shuki, olim, prefessor 70 yoshga kiradi, shunda uning tarjimai holini o`qiysiz. 70 yoshga kirgan olimimiz 35 ta fan nomzodi, deylik, 12 ta fan doktori etishtirib chiqargan, deysiz. Uzr endi, o`sha olimni o`sha oliygohdagilardan boshqa tanimaydi, boringki, yondosh oliygohlar tanishi mumkin yoki 11 ta tibbiyot instituti bo`lsa, tibbiyotchilar tanishi mumkin, lekin dunyo tanimaydi, nega?

Ya`ni, maqolalar soniga bog`liq emas, to`g`ri ilmiy ishni maqola bilan bayon qilasiz, lekin texnologiya qani? Ilm nima, texnologiya nima? Ilm bu dissertasiyaning ichida turgan, monografiyaning ichida turgan nazariy ma`lumot. Texnologiya nima? O`sha dissertasiyaning ichidan, monografiyaning ichidan chiqib, xalq xo`jaligiga kirib borib, har xil zo`r texnologiyaga aylangan narsa…

Olim doim norozi bo`lib gapiradi. Hozirda vazirlikning innovasiya sohasida qilib turgan ishidan ko`nglim to`q emas. Chunki, biz uch qavatli ko`prik qurmoqchi bo`lsak, nega turklarni chaqiryapmiz? Ilmiy maqolalar shuncha ko`p bo`lsa, nega hali bolalar aravachasi o`tmasdan turib, strategik ahamiyatga ega bo`lgan ko`rik qulab tushdi, qani bu erda innovasiya kiritilgani? Innovasiya degani ilmni hayotga tatbiq qilish degani. Bundan 30 yil oldin Asaka tumanida avtomobil zavodlari qurildi, nega hali ham koreyslar bergan model bo`yicha chiqaryapmiz, qani o`zbek avtomobili? Mana nimada gap. Nega haligacha kompyuterga o`xshagan narsalarni haligacha xorijdan olib kelamiz? To`g`ri, ba`zi Artelʼga o`xshagan kompaniyalar ishlab chiqaryapti, deymiz. Lekin, texnologiya yo`q, boring mana, Rossiyaning telekanallarida o`zbek olimi mana buni yaratdi, deydigan kashfiyot-u ixtiro kerak.

Suhbat davomida Zarifboy Ibodullaev qo`shni Qozog`iston bilan O`zbekistondagi tibbiyot, ilm-fan va ta`lim sohasidagi keskin farqni aniq misollar solishtirdi. Shuningdek, «O`zbekistonda ilm-fan jar yoqasiga kelib qoldi, Fanlar akademiysi qariyalar uyiga aylanib qoldi» degan chiqishlari ortidan unga qarshi bir qancha olimlar chiqishlar qilganini ta`kidladi.

Bundan tashqari, Ibodullaevdan xususiy va davlat oliygohlarida ilmiy ishlar uchun yaratilgan sharoit, ichki muhit borasidagi farqlar, Sog`liqni saqlash vazirining tibbiyot yo`nalishidan “super-kontrakt”ni olib tashlash bo`yicha taklifini nega hukumat qo`llab-quvvatlamagani haqida ham so`raldi hamda taklif va fikrlari tinglandi.

Suhbatni to`liq holda yuqorida ilova qilingan video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар