Moskvadagi yig`ilishda mamlakat bosh vaziri Mixail Mishustin Rossiya O`zbekistonda Rossiya dasturlari asosida ta`lim rus tilida olib boriladigan bir nechta maktab qurishga tayyorligini ma`lum qildi.
Bunga javoban Aripov: «Rus tilidagi maktablar qurish bo`yicha takliflarni katta minnatdorchilik bilan qabul qilamiz», — dedi.
Ushbu rozilik ortidan faollar Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan keyin Rossiya o`quv dasturlariga bosqinni oqlovchi mavzular kiritilganidan xavotir bildirgan bo`lsa, Bosh vazir matbuot kotibi taklif mohiyati (yana) “noto`g`ri talqin qilinmoqda”, deb munosabat bildirdi.
18 sentyabr kuni Moskvada O`zbekiston va Rossiya hukumat rahbarlari darajasidagi qo`shma komissiya yig`ilishi bo`lib o`tdi.
Yig`ilishda Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin Rossiya o`zbek tomoni manfaatdor bo`lsa, O`zbekistonda Rossiya dasturlari bo`yicha rus tilida ta`lim beriladigan bir nechta maktablar qurishga tayyorligini ma`lum qilgan.
«O`quvchilar shu tarzda rus madaniyati va an`analari bilan yaqindan tanishishlari mumkin bo`ladi», — dedi Mixail Mishustin.
Bunga javoban, O`zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov: «Rus tilidagi maktablar qurish bo`yicha takliflarni katta minnatdorchilik bilan qabul qilamiz», — degan va O`zbekistonda jami 10 mingdan ortiq umumta`lim maktablari mavjudligini va ularning 10 foizi rus tilida ta`lim berishini alohida ta`kidlagan.
Aripovning rus tilidagi maktablar qurish bo`yicha takliflarni “katta minnatdorchilik bilan qabul qilamiz”, degan gaplaridan keyin ta`lim eksperti Komil Jalilov O`zbekistonning “Ta`lim to`g`risida”gi qonuniga ko`ra, O`zbekistondagi ta`lim tashkilotlarida O`zbekiston davlat ta`lim standartlarini va (yoki) davlat ta`lim talablarini bajarish majburiy ekanini qayd etib, Rossiya suveren Ukraina hududiga bostirib kirganidan keyin Rossiya o`quv dasturlariga ushbu bosqinchilik urushini oqlovchi darslar va mavzular kiritilgani, umuman, maktab ta`limi ham propagandaning bir qismiga aylanganidan xavotir bildirdi.
Shundan so`ng Bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov ushbu xabarlarga munosabat bildirdi.
«Bugun Moskva shahrida O`zbekiston Respublikasi va Rossiya Federasiyasi hukumat rahbarlari darajasidagi Qo`shma komissiyaning 4-majlisida madaniy-gumanitar yo`nalishdagi hamkorlik bo`yicha bildirilgan muayyan taklif mohiyati noto`g`ri talqin qilinmoqda», — dedi Hidoyatov.
Uning aytishicha, davlatlar o`rtasidagi o`zaro rasmiy kelishuvlarga asosan, bir davlat hisobidan boshqa davlat hududida maktab va shunga o`xshash ijtimoiy ob`ektlar qurish an`anasi jahon tajribasida mavjud. Bu o`zaro ijtimoiy yordam sifatida tasniflanadi.
«Xorijiy mamlakatlar tomonidan qurib beriladigan maktablarning ta`lim dasturlari dastlab soha mutaxasissislari tomonidan milliy urf-odat, qadriyat va an`analarimiz, tariximiz, amaldagi qonun hujjatlarimiz, mavjud ta`lim standartlarimiz nuqtai nazaridan chuqur o`rganib chiqiladi.
Agar qurib berilishi taklif etilayotgan maktab va uning dasturi yuqorida nazarda tutilgan talablarga mazmunan mos kelsa, ushbu ta`lim muassasasining faoliyat yuritishi uchun o`rnatilgan tartibda lisenziya beriladi», — deyiladi rasmiy munocabatda.
Avvalroq ham Bosh vazir matbuot kotibi tarmoqlarda Bosh vazir Abdulla Aripov ishtirok etgan majlisda mamlakatda diniy radikallashuv kuchayib borayotganidan tashvish bildirilgani, davlat xizmatchilari, hukumat a`zolari orasida ham xizmat joylarida namoz o`qish, diniy rusumdagi anjumanlarga borish tendensiyasi kuchaygani tanqid ostiga olingani va Aripov “Amaldorlar yo dinni tanlasin, yoki davlatdagi ishini tanlasin”, degani haqidagi xabarlarga munosabat bildirib, Bosh vazir ishtirokida o`tkazilgan majlis tafsilotlari noto`g`ri talqin qilinayotganini qayd etgan edi.