“Yangi O`zbekiston” massivlari uchun Prezident bergan imtiyozlardan kim foydalanmoqda?

18.09.2023 08:27

“Yangi O`zbekiston” massivlarini aholiga imkon qadar arzon narxda qurib sotish uchun prezidentning ikkita farmoni bilan juda katta imtiyozlar taqdim etilgan edi.

2021 yilning dekabr oyida prezidentning «Yangi O`zbekiston” massivlarini qurish va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi PF-32 sonli farmoni bilan  30 ta hududda "Yangi O`zbekiston” massivlarini qurish belgilangan edi.  

«Yangi O`zbekiston” massivlari” nomi bilan qurilayotgan ko`p qavatli uy-joylar tannarxi imkon qadar arzon bo`lishi uchun PF-32-sonli farmonning o`zida bir qancha imtiyozlar berilgan:

  • uy-joylar qurilishi uchun er uchastkalari tadbirkorlik sub`ektlariga elektron onlayn-auksion orqali ijara huquqi asosida realizasiya qilinadi; 
  • massivlar qurish loyihalarini ishlab chiqish, tashqi avtomobil yo`llari, ichimlik va oqova suv ta`minoti tarmoqlarini qurish — Davlat byudjeti mablag`lari hisobidan;
  • tashqi elektr va gaz ta`minoti tarmoqlarini qurish — «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ va «Hududgazta`minot» AJlarning o`z mablag`lari hamda asoslangan hisob-kitoblarga ko`ra, Davlat byudjetidan ajratiladigan qisqa muddatli foizli ssudalar hisobidan;
  • hududlarni obodonlashtirish va ko`kalamzorlashtirish ishlarini bajarish — mahalliy byudjet hisobidan;
  • ijtimoiy soha ob`ektlari (maktabgacha ta`lim muassasalari, umumta`lim maktablari, tibbiyot punktlari, isitish qozonxonalari va boshqalar)ni qurish — Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag`lar hisobidan amalga oshiriladi, deyiladi farmonda.

 

Bu ro`yxat shu bilan tugamaydi. “Yangi O`zbekiston" massivlarini quruvchilar uchun prezidentning PF-33-sonli farmoni bilan ham bir qancha imtiyozlar taqdim etilgan:  

Ya`ni, “Yangi O`zbekiston” massivlari uchun ishlatiladigan sement mahsuloti va energiya tejamkor bazalt qoplamalarini olib kelishda 2023 yil 1 yanvargacha bojxona bojining nol stavkasini qo`llash

2024 yil 1 yanvarga qadar 27 turdagi qurilish va maxsus texnikalar hamda yuk tashish transport vositalari importida bojxona boji va utilizasiya yig`imining nol stavkasini qo`llash kabilar shular jumlasidan.  
 
MILLIONLARDA FARQ QILADIGAN RAQAMLAR

Qisqasi, davlat tomonidan zarur bo`lgan barcha imtiyozlar qo`shqo`llab berildi. Ammo qurilayotgan uylar tannarxi prezident kutganidek bo`ldimi?

Poytaxtning Sergeli tumanidagi “Qumariq” mahallasida 17 gektar maydonga qurilayotgan “Yangi O`zbekiston" massivini misol tariqasida olaylik. 

Hujjatda “Yangi O`zbekiston” massivi bo`lgan hududda “Tower up” nomi bilan qurilish ishlari boshlangan bo`lib, mazkur massivni qurib foydalanishga topshirish “PEARL BUILD” ma`suliyati cheklangan jamiyatiga taqdim qilingan. Massiv bunyod etilishi jami 3 bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan, ayni damda ishlar  1-bosqichda ketmoqda. Ushbu loyiha bo`yicha 42 ta 16 qavatli uy qurilishi kerak. Loyiha rejasiga maktab, bog`cha va poliklinika ham kiritilgan, bu ijtimoiy binolarning barchasi davlat tomonidan qurilishi belgilangan.

Endi ushbu hududda “Tower up” nomi ostida qurilayotgan “Yangi O`zbekiston” massivlarini “PEARL BUILD” MChJ taqdim etayotgan narxlarga diqqatingizni qaratamiz: 

1-bosqichda 2023 yil oxirigacha bitkazilishi rejalashtirilgan jami 8 ta ko`p qavatli uylardagi xonadonlarning 1 metr kvadrati qavatlariga qarab 11 500 000 so`mdan 12 500 000 so`mgacha belgilangan.

Shuni alohida ta`kidlash kerakki, “Tower up” sotuv ofisidagi menedjerlarning aytishicha, ushbu massivdagi uylar ipoteka kreditlariga sotilmas ekan.

Eng qizig`i, bunday imtiyozlarga ega bo`lmagan boshqa xususiy qurilish tashkilotlari uylariga taklif qilinayotgan narxlar ham xuddi shunday. Eng yuqorisi 12 million so`mgacha boradi. 

“Yangi O`zbekiston” massivlarini qurish uchun prezidentning yuqorida keltirilgan ikkita farmonidagi imtiyozlar uy-joy quruvchi tashkilotlarni qo`llab-quvvatlash uchun emas, aksincha, “Yangi O`zbekiston” massivlaridagi ko`p qavatli uy-joylar tannarxini imkon qadar arzon bo`lishi uchun, aholini rozi qilish uchun edi.

Ammo Poytaxtda qurilayotgan “Yangi O`zbekiston” massivlarining narxlari Prezident kutganidek emas shekilli.

Narxlarga aniqlik kiritish uchun boshqa viloyatlarda qurilayotgan “Yangi O`zbekiston” massivlarining narxlari bilan taqqoslab ko`ramiz.

Viloyatlarda qurilayotgan “Yangi O`zbekiston” massivlaridagi uylar narxi (100 foiz tayyorlari) 4 million so`mdan – 6 million so`mgacha ekan. 

Toshkentda “Yangi O`zbekiston” massivlarida qurilayotgan xonadonlarning o`rtacha narxi 12 million, viloyatlarda esa o`rtacha 5 million. Tafovut – 2 barobardan ko`proq.

To`g`ri, poytaxtda viloyatlarga nisbatan er qimmat. Ammo, viloyatlarda sotib olingan erga eng balandi 9 qavatgacha qurilayotgan bo`lsa, Toshkentda ayni shuncha maydonga 16 qavat qurilmoqda. Aytmoqchi bo`lganimiz, ortiqcha qurilayotgan 7 qavat tag-joy uchun sarflangan mablag`ni qoplamaydimi? Tan olib aytganda, talab bor joyda imtiyozlar ham unutilmoqda.

PF-32-sonli farmonda shaxsan Qurilish va uy-joy kommunal xo`jaligi vaziri o`rinbosari D. Adilovga uy-joylarning narxini pasaytirish bo`yicha shaxsiy javobgarlik yuklangan. 

“Qurilish vazirining birinchi o`rinbosari D.K. Adilovga «Yangi O`zbekiston» massivlarida qurilish-montaj ishlarini o`z vaqtida va sifatli amalga oshirish, ularda mahalliy zamonaviy qurilish materiallari va uskunalarini keng qo`llash orqali uy-joylarning narxini pasaytirish hamda quruvchi tashkilotlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin”, deyiladi farmonning 14-bandida.

Farmonning 13-bandida esa, respublika “Bosh prokuraturasiga «Yangi O`zbekiston» massivlari qurilishida narxlarning asossiz oshirilishi, raqobat to`g`risidagi qonunchilik buzilishi hamda tasdiqlangan loyihalarning o`zboshimchalik bilan o`zgartirilishiga yo`l qo`ymaslik ustidan ta`sirchan nazorat o`rnatish belgilangan. 

Shuningdek, farmonning 2-bandida elektron onlayn-auksionda g`olib deb topilgan tadbirkorlik sub`ektlariga ko`p qavatli uy-joylar qurilishi uchun «SSS» va undan yuqori reytingga ega bo`lgan qurilish tashkilotlarini jalb qilishga ruxsat etiladi, deyilgan.

E-auksionda “Yangi O`zbekiston” massivini qurish uchun Sergeli tumanidagi “Qumariq” mahallasida 4 gektar erni yutib olgan “PEARL BUILD” MChJ farmon chiqqanidan ikki oy o`tib tashkil etilgan. 

Yana xayratlanarli jihati shundaki, E-auksionda 2022 yil 4 mart kuni o`ynalgan 1022932-Lotni yutib olgan “PEARL BUILD” MChJ auksion boshlanishidan 6 kun oldin – 2022 yil 28 fevral kuni tashkil topgan. Shu erda savol tug`iladi: prezident farmonida belgilab qo`yilgan «SSS» reyting talabini olish uchun 6 kun etadimi? 

Ushbu savolga Vazirlar Mahkamasining 09.11.2020 yildagi “Loyiha-qidiruv va qurilish-pudrat tashkilotlari reytingini hisoblash va yuritish tartibini joriy etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi 699-sonli qaroridan javob topish mumkin.

Shu o`rinda, prezident farmoni bilan bir qancha imtiyozlar berilgan kattagina loyiha xususiy qurilish tashkilotlariga qo`shqo`llab topshirilayotganda qandaydir shartlar qo`yilmaganmi, shartnomalar qanday tuzilgan, degan haqli savollar tug`iladi. Ushbu savollarni Qurilish va uy-joy kommunal xo`jaligi vazirligiga yo`lladik. Ammo savollarimiz javobsiz qoldi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
12
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар