Bugun Alisher Navoiyni jahon biladimi? Buyuk allomaning bizga qoldirgan ma`naviy boyligini uning hayot yo`lini qanchalar jahon adabiyotshunoslariga tanita oldik? Bu borada davlat miqyosida qaror va farmonlar chiqarilgan bo`lsada, ijrosi qoniqarlidek ko`rinmaydi.
Tarjimon, shoir, bir qancha o`zbek va ingliz tilidagi she`riy to`plamlar muallifi A`zam Obidov Alisher Navoiy nomi va ijodini jahonga tanitish masalasini ko`tarmoqda. U “bitta ijrochi direktor, bitta mutaxassis va hisobchi bilan Navoiyni dunyoga ko`rsatib bo`larkanmi?” degan savolni o`rtaga tashlamoqda. Uning fikricha bugun hatto o`zini dunyoga tanita olmayotgan qalamkashlar Navoiyni ham mamlakat tashqarisida tanita olmaydi. “Hech yo`q Oybekning kamida 20 ta chet tiliga o`girilgan “Navoiy” romanini qayta nashr etib, “tayyor mahsulot”ni jahon bozoriga olib chiqishni bilmayotgan ijod ahli bilan Navoiyni dunyoga taratib bo`larkanmi?”, deydi Obidov.
Tarjimon A`zam Obidov o`z fikrini quyidagicha ifodalamoqda:
“Tarjimoni, adabiy agenti, adabiiy loyihalar koordinatori bo`lmagan, xalqaro adabiy munosabatlarni yo`lga qo`yishga hafsalasi yo`qlar-u aqalli 1 foizgina ijodkori biror xorijiy tilni o`rganishga astoydil kirishmayotgan, hatto o`zini dunyoga olib chiqib bilmayotgan ijodkorlar bilan Navoiyni qanday qilib dunyoga tanitish mumkin?
Biror jiddiyroq xalqaro tadbir o`tkazish uchun oylab Vazirlar mahkamasi, prezident qarorini kutib o`tiradigan tashkilotlar bilan biror narsa qilib bo`larmikin?
Bir dona bo`lsin yillik xalqaro she`riyat festivali, bittagina xalqaro yozuvchilar festivali, bir dona xalqaro ijod uyi, ikki dona xalqaro rezidensiya dasturi (har tugul bir dona bo`lsa ham o`zimizning mustaqil, byudjetdan bir tiyin ham olmaydigan, volontyorlikka asoslangan rezidensiya dasturimiz mavjud!) yo`q mamlakatda Navoiyni olamga targ`ib qilib bo`larkanmi?
Chet ellarda Navoiy instituti bo`lmagan, xorijliklarni tarjimaga qiziqtira olmagan, xalqaro aloqalarga ochilmagan xalq ijodkorlari bilan Navoiyni jahonga ko`rsatib bo`larmidi?
Eng muhimi, muloqotga ochilmagan, yuzma-yuz uchrashuvdan qochgan, o`zi qilishi vazifa etib yuklatilgan eng dolzarb tashabbuslarni “boshingizni og`ritib nima qilasiz?” deya ignor qilayotgan, adabiyot, san`at va madaniyat erkin bo`lsagina rivojlanishini umuman tushunishga aqli etmayotgan, bu borada tegishli qonunlar ishlab chiqmayotgan davlat hokimiyati organlari, agentliklar, uyushmalar bilan Navoiy shuhratini olam ichra paydo, jahon ahlin unga shaydo eta olarmikanmiz, yo Xudoyim!” deb turgan paytim», deb yozadi A`zam Obidov.