Bu yil ham abiturientlarga test savollari qiyin tushdimi?

25.08.2023 21:20

O`tgan yilgi imtihon natijalari hisobiga, bu yil test savollari osonlashtirilgan edimi? So`ngi yillarda test sinovlarida yoshi katta abiturentlar ham ko`paymoqda. Ularga qulay tilda alohida test kitoblari tayyorlandimi yoki tayyorlanadimi?

Rost24.uz muxbirining ushbu savollariga Bilimni baholash agentligining boshqarma boshlig`i Zafarbek Olimbekov quyidagicha javob berdi:

«Test topshiriqlari kitobi miqdori ehtiyojga ko`ra shakllantiriladi. Mazmun jihatdan esa, hukumatning belgilangan hujjatlariga ko`ra umumta`lim fanlari davlat ta`lim standartlari va o`quv dasturlariga moslashtiriladi. Natija qanday bo`lishidan qat`i nazar, ta`lim standartlarida baholash mezonlari belgilab qo`yiladi, baholash mezonlariga asosan abiturentlarning bilimlarini baholaymiz. Umuman olganda, ta`lim muassasalarida ta`lim standartini minimal darajasini o`zlashtirgan bolaga ta`lim to`g`risidagi davlat namunasidagi hujjat beriladi. Shu sababli baholash mezonlarini pasaytirishda mantiq mavjud emas. Berilayotgan testlarda eng sodda savoldan eng murakkab savollargacha beriladi», — dedi Z. Olimbekov.

Shuningdek, Olimbekov oxirgi yillarda abiturentlarning yosh ko`rsatkichi e`tiborga olinayotgani qayd etib, yoshi katta abiturentlarga qulay tilda alohida test kitoblari tayyorlanishi masalasiga shunday javob qildi:

«Vazirlar mahkamasining qaroriga asosan, 2023 yil 1 yanvardan boshlab barcha hujjatlar lotin alifbosida yuritilishi kerak. Bugungi kunda lotin alifbosida umumiy o`rta ta`lim maktabini tugatgan avlodning yoshi 37 ni tashkil qilyapti, keyingi yil 38 yoshni tashkil qiladi. Lekin shunga qaramasdan lotin alifbosida emas,  kirill alifbosida topshirmoqchi bo`lgan abiturientlarning soni 4 mingga yaqin. Shu sababli, bu yil ham ularning qulayligi uchun kirill alifbosida test topshiriqlari kitobi tayyorlandi», — dedi u.

Ma`lumot o`rnida, shu yil 888 ming 472 nafar abiturient test imtihonlariga kirgan. Shundan, 439 ming 337 nafar (49,4%) abiturient o`tish balining eng quyi chegarasi bo`lgan 56,7 balni ham to`play olmagan. (Ma`lumki, 56,7 balldan kam to`plaganlar kvotada joy bo`lsa ham o`qishga kira olmaydi). 56,7 dan ko`p ball to`plagan abiturientlar soni esa 449 ming nafarni (50,6%) tashkil qilgan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар