Oila va xotin-qizlar qo`mitasining qog`ozlardagi hisoboti o`qib berildi

21.08.2023 17:30

Hisobotdagi chiroyli raqamlarda negadir o`zini o`ldirayotgan xotin-qizlar haqida ma`lumot yo`q.

Oila va xotin-qizlar qo`mitasi matbuot xizmati rahbari Saodat Boymirzaeva Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida o`tkazilgan brifingda hisobot o`qib eshittirdi.

Brifingda Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 31 martdagi “Xotin-qizlar muammolarini o`rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi 145-sonli qarori asosida xotin-qizlarga davlat tomonidan berilgan yordam turlari va ularning soni haqida aytib o`tildi.

"Davlat oliy ta`lim muassasalari magistratura bosqichidagi xotin-qizlarning kontrakt summasi uchun  har yili davlat tomonidan kamida 200 mlrd so`m mablag` ajratiladi. Shuningdek, 36 mingdan ziyod ayol-qizlar uchun 2023 yilning o`tgan davri mobaynida 335,5 mlrd so`m foizsiz imtiyozli kreditlar ajratilgan. Uy-joyga muhtoj ayollarning 7 131 nafariga yordam ko`rsatilgan", – deyiladi qo`mitaning hisobotida.

Bundan tashqari, tadbirkorlik bo`yicha nechta ayol va qizlarga yordam berilgani haqida ham batafsil ma`lumot berildi.

Negadir savollardan qochib osongina qog`ozda yozilgan ma`lumotlarni o`qib berish hamma tashkilotlar uchun bugun urfga aylandi. Xoh muammosi ko`p tashkilot bo`lsin,  xoh muammodan holi,  farqi yo`q.  Hisobot uchun omma oldiga chiqib qo`ydimi, qo`ydi. Hisobotlar esa doimgidek maqtov, alqash va o`zining ishlayotganini ko`rsatishga qaratilgan chiroyli gaplardan tashkil topgan.

Oila va xotin-qizlar qo`mitasi ham jamiyat oldida ana shunday o`ziga bevosita taalluqli muammolarga ko`z yumadigan tashkilot bo`lib qolmoqda.

Chunki ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ommalashgan Xorazm va Sergelidagi ayol va qizlar bilan bog`liq noxush voqealar kabi nozik jins vakillarining zo`ravonlik va tazyiqqa uchrab vafot etishiga doim sukut bilan javob qaytarib kelgan.

Bugun o`tkazilgan brifingda ham ayollar bilan bog`liq shunday holatlar haqida hech qanday ma`lumot berilmadi. Ijtimoiy tarmoqlarda Xorazmdagi oilaviy bolalar uyidagi qizlar bilan bog`liq, Sergelidagi qizcha yoki farzandlari bilan o`zini derazadan tashlagan ayol, bugungi Farg`onada 20 yoshli kelinchak o`zini osib o`ldirgani haqidagi xabarlarga na munosabat bildirildi, na bunday xabarlar haqida ma`lumot berildi.

Qo`pol qilib aytganda, O`zbekistonda xotin-qizlar bilan bog`liq tashkilotning borligi ham bilinmaydi. Tashkilotning rasmiy sayti va telegramdagi sahifasini kuzatsangiz, hech qanday muammo yo`q, faqat hisobot va ma`lumotlar berib boriladi. 
  
Bundan tashqari mas`ul tashkilotlar ishlamayotganidan ayollar huquqlari buzilsa, kimga yoki qaerga murojaat qilinishi mumkinligi haqida ham bilishmaydi. Huquqlari buzilgan va jabrlangan ayollar bilan bog`liq holatlarni esa, jamoat faollari ko`tarib chiqqanidan so`ng ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvga aylanib bo`lgach, xabar topamiz. Mas`ul tashkilotlar esa muammo haqida doimgidek sukut saqlashda davom etadi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
5
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар