Vazirlik hisoboti: O`zbekiston davlat qarzi 3 mlrd dollarga ko`paygan

18.08.2023 18:30

O`zbekiston davlat qarzi qoldig`i 2023 yil 1 yanvar holatiga 29,2 mlrd AQSh dollarni tashkil etmoqda. Shundan, davlat tashqi qarzi – 25,9 mlrd dollar, davlat ichki qarzi esa 3,3 mlrd dollar ekani ma`lum bo`ldi. Bu haqida Iqtisodiyot va moliya vazirligining 8 oy kechikib e`lon qilingan O`zbekiston davlat qarzi holati va dinamikasi sharhiga bag`ishlangan hisobotida ochiqlangan.

Ushbu raqamlarni 2017 yildagi holat (11,6 mlrd dollar) bilan taqqoslasak, davlat qarzi 17,6 mlrd dollarga ko`payganini ko`rish mumkin. Agar 2021-2022 yillardagi qarzdorlik bilan, 2023 yilning boshidagi holatni chamalasak, davlat qarzi yana 3 mlrd dollarga ko`paygani ko`rinadi.

Lekin, davlat qarzi O`zbekiston yalpi ichki mahsulotiga nisbati 2021 yil boshida 39,0 foizdan 2022 yil yakuniga qadar 36,4 foizgacha pasaygan.

E`tiborli jihati, davlat ichki qarzi qoldig`i 2022 yilda 599,4 mln. AQSh dollarga ko`payib, 2023 yilning 1 yanvar holatiga 3,3 mlrd. AQSh dollarni tashkil etmoqda. Bu o`z-o`zidan ichki qarzdorlik 2021 yil yakunida 2,7 mlrd. AQSh dollari bo`lganini anglatadi.

Yuqorida davlat tashqi qarzi qoldig`i 2022 yilda 2,4 mlrd. AQSh dollariga oshib, 2023 yilning 1 yanvar holatiga 25,9 mlrd. AQSh dollarini tashkil qilgani aytildi. Endi shundan: 
O`zbekiston Respublikasi nomidan jalb qilingan tashqi qarz – 19,8 mlrd. AQSh dollarni yoki davlat tashqi qarzining 76,5 foizini;

O`zbekiston Respublikasining kafolati ostida jalb qilingan tashqi qarz – 6,1 mlrd. AQSh dollarini yoki davlat tashqi qarzining 23,5 foizini tashkil
etgan.

Quyida davlat tashqi qarzining kreditorlar kesimida taqsimlanishi bilan tanishing:

O`zbekiston Respublikasining xalqaro moliyaviy institutlardan (XMI)
jalb qilgan tashqi qarz portfeli hajmi 13,8 mlrd. AQSh dollarini yoki davlat
tashqi qarzining 53,2 foizini tashkil etib, mazkur kreditlar uzoq muddatli hamda imtiyozli foiz stavkalarida taqdim etilgan. Xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan davlat tashqi qarzi qoldig`ining asosiy qismi:

— Osiyo taraqqiyot banki (6,0 mlrd AQSh dollari),
— Jahon banki (5,5 mlrd AQSh dollari), 
— Islom taraqqiyot banki (0,9 mlrd AQSh
dollari) 
Osiyo infratuzilmaviy investisiyalar banki (0,5 mlrd AQSh dollari) hissasiga to`g`ri keladi.

Hisobotda qayd etilishicha, davlat tashqi qarzining manbalari diversifikasiyasi ta`minlangan bo`lib, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari (XHMT) hissasiga davlat tashqi qarzi qoldig`ining 9,5 mlrd. AQSh dollari yoki 36,8 foizi to`g`ri keladi. O`zbekistonning asosiy kreditorlari Xitoy eksimbanki, Xitoy davlat taraqqiyot banki, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi va boshqa mamlakatlarning xorijiy hukumat moliya tashkilotlari hissasiga to`g`ri kelib, asosan turli investision dasturlarni davlat kafolatlari ostida moliyalashtirilishi uchun qarz mablag`lari jalb qilingan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
3
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар