«Oilaviy bolalar uylaridagi noxush holatlar oldinlari ham bo`lgan. Lekin hozirgidek bloger va jurnalistlarning faolligi bo`lmaganligi sababli o`sha payt ochilmagan», — dedi Milliy gvardiya axborot xizmati rahbari.
Etim bolalar Milliy gvardiya tasarrufiga o`tganidan keyin Xorazmdagi kabi noxush holatlar ko`paygandek bo`ldi. Bunday holatlarda Milliy gvardiya o`zining vakolati doirasida qandaydir choralar ko`radimi?
Xorazmdagi oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchilari bilan bo`lgan holat bir yoki ikki marta emas, davomiy bo`lganligi ijtimoiy tarmoqlarda muhokama bo`ldi. Xo`sh, hozir bu holat bo`yicha qanday ishlar qilingan? O`zi umuman bunday holatlarni oldini olish uchun qanday choralar ko`rilmoqda?
Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida Milliy gvardiya tomonidan o`tkazilgan matbuot anjumanida Rost24.uz muxbirining Xorazmdagi holatlar bo`yicha bergan savoliga Milliy gvardiya axborot xizmati rahbari Davronbek Jumanazarov javob berdi:
— Respublika bo`yicha yopilgan oilaviy bolalar uylari qatorida Xorazmdagi oilaviy bolalar uyi ham yopilgan. Chunki o`z vaqtida o`rganishlar davomida hokimiyatga taklif kiritilgan. Bu kabi salbiy holatlar mehribonlik uylarining Milliy gvardiyaga biriktirilmasdan avvalgi, biz kirib bormagan paytimizdagi mehribonlik uyidagi sharoit va o`sha paytdagi tarbiya bilan bog`liq, qizlar bilan bog`liq tarbiyasizliklar o`sha payti ham bo`lgan. Lekin hozirgidek bloger va jurnalistlarning faolligi bo`lmaganligi sababli o`sha payt bunday holatlar ochilmagan. Biz ham o`sha payti faqat tadbirlar uchun borganmiz, bolalarning ko`ziga qarab, sharoit yaxshi ekan deb chiqib ketaverganmiz. Milliy gvardiya biriktirilganidan keyin o`zimiz guvohi bo`ldik, nazoratga olganmiz», — deya javob berdi u.
Ma`lumot uchun, bugungi kunda respublika bo`yicha 2 ta mehribonlik uyi faoliyat olib bormoqda. Ya`ni, Toshkent shahridagi 30- va 22-sonli mehribonlik uylarda 255 nafar tarbiyalanuvchi tarbiyalanmoqda. Hozirda mavjud jami 138 ta oilaviy bolalar uylarida esa 744 nafar bola tarbiyalanmoqda.