Vazirlar Mahkamasining yangi qaroriga ko`ra, yotoqxona etishmasa, etib kelmagan navbat uchun talabaning o`zi aybdor bo`ladimi?
Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta`lim muassasalari talabalarini turarjoy bilan ta`minlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi 376-son (14.08.2023 y) qarori qabul qilindi.
Qarorga ko`ra, 2023/2024 o`quv yilida 1-kurs talabalari davlat OTMlarining yotoqxonasiga joylashish uchun davlat xizmati markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz)ga elektron ariza berishi belgilandi.
2024/2025 o`quv yilidan boshlab esa barcha kurs talabalari davlat OTMlarining yotoqxonasidan joy olish uchun faqat elektron ariza berishi kerak bo`ladi.
Shuningdek, qarorda talabalar turarjoyiga joylashish uchun ariza berish 1 avgustdan boshlab o`quv yili yakuniga qadar davom etishi aytilgan.
Qaror orqali talabalarni turarjoy bilan ta`minlash tizimi raqamlashtirilib, ularga qator engilliklar berilishi ham alohida ta`kidlangan.
Talabalarning elektron navbatga turishi muammo emas, ammo, talabalar turarjoylari etadimi, degan savol tug`iladi. Yotoqxona etarli bo`lsa, elektron onlayn yoki oflayn tadbirlari ham shart bo`lmaydi, aslida.
Oliy ta`lim muassasalarida har yili o`qish boshlanishidan oldin Hukumat biror qaror chiqarib, talabalrar muammosini o`ylayotganini eslatib turishi odatiy holga aylangan.
2021 yil 9 sentyabrda ham Vazirlar Mahkamasining "Respublika oliy ta`lim muassasalarida talabalarni turarjoy bilan qamrab olish darajasini oshirish chora-tadbirlari to`g`risida"gi 563-son qarori qabul qilingan edi.
Mazkur qarorda hududlarida talabalar turarjoylarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurish belgilanib, bir qancha subsidiyalar ham ajratilishi aytilgan.
Shuningdek, hokimlarga OTMga yaqin joylardan 0,5 gektar er ajratish majburiyati ham yuklangan edi.
Talabalar uchun ahamiyatli bo`lgan qaror chiqarildi. Biroq uning ijrosini hech kim eslamadi. Oradan roppa-rosa bir yil o`tib talabalarning ko`chada qolishi boshlandi. Ijtimoiy tarmoqlar uysiz talabalar suratlari bilan to`ldi. Shundan so`ng, 2022 yil 9 sentyabr kuni sobiq oliy ta`lim vaziri Abduqodir Toshqulov matbuot anjumani o`tkazishga majbur bo`ldi. O`sha kuniyoq sobiq Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo`jaev talabalarni Yangihayot tumanida joylashgan Tashkent Index savdo majmuasidagi 10 ming o`rinli binoga joylashtirishni taklif qildi. Undan keyingi hodisalar esa o`zingizga ma`lum.
Xususiy oliy ta`lim muassasalari ko`paymoqda. Bu yaxshi. Ammo talabalar turarjoylari qurilishi haqidagi ma`lumotlarni izlab topa olmayapmiz.
Bundan shunday xulosa qilish mumkinki, 2023/2024 o`quv yili ham yotoqxonalar muammosisiz o`tmaydi.
Ammo, hukumatning oldindan yangi qaror bilan ko`rgan chora-tadbirlariga ko`ra, hech kim aybdor bo`lmasligi aniq. Aybdor – yangi qarorga asosan talabalarning o`zlari tomonidan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga qo`yilgan elektron navbat bo`ladi.
Sanoqligina omadli talaba elektron navbat orqali yotoqxonaga ega bo`lishi mumkin. Qolganlar esa 4 yil navbatdan umidvor holda diplomli bo`lish ehtimoli ham yo`q emas.
Taklif kamayib, talab ortganda navbatga qo`yish loyihasi O`zbekistonda allaqachon sinovdan o`tib bo`lgan asl voqiylikdan chalg`itish usuli hisoblanadi. Maktabgacha ta`lim tashkilotlariga bolalarni joylashtirish uchun yillab navbat kutish jarayoni bunga yaqqol misol bo`lishi mumkin. Yana bir misol, milliy mahsulotimiz – JM mashinalariga oldindan to`lov qilib oylab kutish tizimi ham hukumatning imkonsizligini xalqning o`ziga ag`darish uslubi hisoblanmaydimi?
Joriy yil 14 avgust kuni imzolangan Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta`lim muassasalari talabalarini turarjoy bilan ta`minlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi 376-sonli qarorida talabalar uchun mo`ljallangan qulaylikni topa olmadik.
Hukumat uchun qaror chiqarish oson. Ammo uning ijrosi qanday va qaysi tartibda bo`ladi – shu asosiy muammo.