Turkiyaning O`zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Mehmet Surayyo Er Toshkentda o`tayotgan «Alisher Navoiy jahon sharqshunoslari nigohida» mavzusidagi xalqaro ilmiy anjumanda ishtirok etdi. Mehmet Surayyo Er anjumanda nutq so`zlar ekan o`zbek tili turk dunyosining asosiy boyliklaridan biri ekanligini e`tirof etdi.
“Bugun Turk dunyosi deb ataganimiz Adriatik ko`rfazidan Xitoy devoriga qadar bo`lgan hududda ko`ngillarni birlashtirgan eng muhim unsur – bu umumiy lisonimiz turkiy tildir. Bu ulkan jo`g`rofiyani uzoq masofalarga qaramay bir-biriga bog`lagan eng mustahkam rishta albatta mushtarak tilimizdir”, deydi Mehmet Surayyo Er.
“Turkiya Jumhuriyatining O`zbekistondagi elchisi sifatida meni eng xursand qilgan narsa, xizmatim davomida o`z mamlakatimda, Anadolu diyorida bo`lgandek his qilishim bo`ldi deb ayta olaman. Oramizda minglab kilometrlik masofa borligiga qaramay mushtarak tilimiz va tamaddunimiz tufayli ayni maqollarni, matallarni va iboralarni qo`llashimiz, bir-birimizning milliy she`r va ashulalarimizni tinglab, ayni zavqni va tuyg`uni his qilishimiz, balki Turk olamining butunjahon miqyosidagi eng katta boyligidir. Shunday yaqinlik tufayli hayotga ayni darchadan boqa olamiz, minglab farsahx olisda bo`lsakda qalblarimiz bitta orzu yo`lida urib turadi. Shu doirada, Prezident Janob Shavkat Mirziyoevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining etmish beshinchi sessiyasida o`z nutqini o`zbek tilida so`zlaganlari butun turk dunyosiga baxt va g`urur baxsh etganini ham bildirishni istayman.
O`zbek tili Movarounnahrning yuragida gullab-yashnagan Turk dunyosining asosiy boyliklaridan biridir. Bu qadimiy zaminda paydo bo`lib, yuksalgan mushtarak tamaddunimiz xazinalarini avloddan avlodga etkazilishini ta`minlagan O`zbek tili; madaniyat, adabiyot, ilmu irfon tili sifatida Turk va Islom olamida alohida o`ringa ega. O`rta asrlar zulmati aro, ikki marta renessans deyish mumkin bo`lgan tamaddun hamlasi bilan butun jahonni ham diniy, ham dunyoviy bilimlar bilan munavvar qilgan olimu ulamoning, hokimu hukamoning, shoiru shuaroning lisonidir bu til.
Shubhasizki, bu tilni eng go`zal tarzda qo`llagan, so`zlarni naqqoshdek saralab, benazir misralar bitgan shoirlarimizning boshida Alisher Navoiy turadilar. Asarlari faqatgina Turkistonda emas, Ozarbayjonda ham, Anadoluda ham katta zavq va hayrat bilan mutolaa qilingan Alisher Navoiyni Usmoniy shoirlari o`zlarining ustozi deb e`zozlaganlar, she`rlariga o`n beshinchi asrdan beri turli naziralar bitganlar. “Navoiy tili” deb atalgan chig`atoy tili asosida rivojlangan o`zbek tili bugun ham unda yaratilgan asarlari bilan butun jozibasini namoyon etib kelmoqda.
Mushtarak qadriyatimiz-turkiy tilning ifoda qudratiga, boyligiga va go`zalligiga yuz yillar oldin e`tiborimizni qaratgan turkiy tilning buyuk ustozi Alisher Navoiy Hazratlarining bugun hislarimizni aks ettirgan, dillarimizni yoritgan, yo`llarimizga mayoq bo`lgan mana bu so`zlarini eslamaslik mumkin emas: “Turkiy til haqida fikr yuritar ekanman, ona tilimning teranliklarini o`ylasam, ko`zlarimga o`n sakkiz ming olamdan ortiq bir olam namoyon bo`ldi” degan edilar...
Bugun bu erda yig`ilishimizning sababi bo`lgan bu muhim anjuman inshoolloh turkiy tilda, turkiy she`riyatda bayroq tortib, butun turk mamlakatlarini yakqalam etganligini ta`kidlagan (“Turk nazmida chu men tortib alam, Ayladim ul mamlakatni yakqalam”) turkiy adabiy tilining asoschisi Alisher Navoiy Hazratlarining ruhlarini yana bir marta shod etadi deb o`ylayman. Bu anjumanning va bunga o`xshash tadbirlarning mushtarak boyliklarimizni asrashda davom etishimizga, xususan, yosh avlodning o`zbek tiliga bo`lgan mehrining dunyo miqyosida ortishiga hissa qo`shishiga ishonaman. So`zlarimni tugatar ekanman, fursatdan foydalanib barchangizni hayajonlantirishiga ishonganim bir xushxabarni siz bilan o`rtoqlashmoqchiman. Prezidentimiz janob Rajab Toyyib Erdo`g`on tomonidan bir necha kun avval imzolangan Qaror bilan 2021 yil-Yunus Emre va Turk tili yili deb e`lon qilindi. Ma`lumingizkim, Yunus Emre vafotining etti yuz yilligi O`zbekistonning ham qo`llab-quvvatlashlari bilan YuNESKOning 2021 yilda nishonlanadigan sanalar ro`yxatiga kiritildi. Ayni tarzda Prezident janob Shavkat Mirziyoev ham o`tgan yili oktyabr oyida imzolagan farmoni bilan Alisher Navoiy Hazratlari tavalludining besh yuz sakson yilligi munosabati bilan amalga oshiriladigan ishlarning yo`l xaritasini belgilab bergan edilar. Prezidentlarimizning bunday oliyhimmat tashabbuslari doirasida ularning shafeligi va shaxsiy ko`rsatmalari bilan 2021 yilda umumiy merosimizning bu ikki buyuk siymosining xotirasi uchun birgalikda qancha ajoyib loyihalarni amalga oshirish hayajoni va faxr tuyg`usi barchamizga nasib qilsin. Yigirma birinchi asrning uzoqni ko`ruvchi liderlari orasidan o`rin olgan Prezidentimiz janob Erdo`g`on va O`zbekiston Prezidenti janob Mirziyoevning qisqa oraliqlar bilan umumiy tilimizning buyuk ustalari borasida qabul qilgan muhim qarorlari ikki davlat arbobining Turk dunyosining mushtarak merosiga katta ahamiyat berganliklarini yana bir marta yaqqol ko`rsatib turibdi”, dedi Mehmet Surayyo Er o`z nutqida.