Tashkilot va fuqarolar o`rtasida tuziladigan shartnomalarning ko`p hollarda rus tilida tuzilganiga guvoh bo`lamiz. Ushbu shartnomlarning tili va mazmunini nazorat qilish bo`yicha Adliya vazirligida vakolat bormi?
Rost24.uz muxbiri 11 avgust kuni Adliya vazirligida “Aholiga huquqiy axborotni etkazish va mazkur jarayonlarning monitoringi natijalari” mavzusida o`tkazilgan matbuot anjumanida mutaxassisga ushbu mazmunda savol berdi.
Savolga Adliya vazirligi boshqarma boshlig`i Furqat Tojiev quyidagicha javob berdi:
— Fuqarolik kodeksiga ko`ra, shartnoma tuzish ixtiyoriy bo`ladi, ya`ni taraflar xohish-irodasini bildirib o`tishi kerak va xohishga ko`ra u rus yoki o`zbek tilida bo`ladimi, buni taraflar o`zi belgilaydi. Shartnomaviy munosabatlarda eng birinchi belgi taraflarning erkinligidir. Bu bo`yicha Adliya vazirligida nazorat qilish funksiyasi yo`q. Adliya vazirligi tomonidan maxsus portal ochilgan. Unga rus yoki o`zbek tilidagi namunaviy variantlar kiritilgan. U erdagi shartnomalar huquqiy ekspertizadan o`tgan, shartnomaning iste`molchilar huquqlari buzilmaydigan tayyor nusxasini tayyorlab beradi. Bu xizmat mutlaqo bepul. Uy-joy qurilishidagi shartnomalar tili masalasida taraflar qanday kelishgan bo`lsa, shunday qilinadi. Hozirda uy-joydagi shartnomalar borasida bo`layotgan masalalar tartibga solinib, jumladan shartnomaviy bazani ko`rib chiqish bo`yicha ishlar boshlangan va tez orada qonunchilikdagi bo`shliqlar tartibga olinadi», — dedi Furqat Tojiev.