O`zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi avtosalonlardan shartnoma olib, boshqa shaxsga ma`lum bir mablag` evaziga sotilishini “shar`an joiz emas” deb fatvo berdi.
Buni Fatvo markazi quydagicha izohladi:
Birinchidan, bu erda bir qarashda shartnomaning o`zi sotilayotganga o`xshab ko`ringani bilan, aslida shartnoma predmeti bo`lgan mashina savdo moli bo`lib, unga qilinadigan to`lov shartnoma egasining nomidan amalga oshiriladi va mashina ham uning nomiga chiqadi. Ya`ni sotuvchi hali qo`liga kirmagan mashinani ustiga foyda qo`yib sotadi. Bu ish esa, shar`an joiz emasdir.
Bu haqida fuqaholarimiz shunday deydilar:
“Ko`char mol-mulklarni savdosi ularni qo`lga kiritishdan oldin joiz emasdir. Zero, Payg`ambarimiz sallallohu alayhi va sallam qo`lga kiritilmagan narsaning savdosidan qaytarganlar. Chunki, bu savdoda sotilgan narsa (xaridor qo`liga etib borishidan oldin) halok bo`lishi ya`ni unga talofat etishi mumkinligi e`tiboridan, savdo kelishuvi buzilishi xavfi mavjud” ("Bahrur-roiq" kitobi).
Ikkinchidan, mashinaga to`lov qilayotgan shaxs shartnoma egasining nomidan to`lov qilgani uchun, mashina ham shartnoma egasining nomiga chiqadi va qachonki u notarial idora orqali xaridor nomiga o`tkazib bermagunicha mulk ham uning ixtiyorida bo`lib, xaridor aldanib qolish ehtimoli mavjud. Bu esa, shariatda man qilingan g`arar – aldov ustiga qurilgan savdo hisoblanadi.
Uchinchidan, aksariyat holatlarda bu kabi shartnoma sotuvchilar bir nechta shartnomani qo`lga kiritib, ularni sotishga harakat qiladi. Masalan 134 mln 294 ming so`mlik avtomashina ustiga shartnomani olib bergani uchun 1200 dollar ustama qo`yadi. Tabiiyki bu narsa avtoulov narxining oshishiga sabab bo`ladi. Sun`iy ravishda narxlarni oshirishdan Rasululloh sallallohu alayhi vasallam qaytarganlar: Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam karvondagi dehqonlarning yo`liga peshvoz chiqib, ularni bozorga kiritmasdan mahsulotlarini arzon sotib olib, keyin shahar aholisiga qimmat narxda sotishdan qaytardilar va “Shaharlik kishi tashqaridan kelgan odam uchun sotuvchilik qilmasin”, dedilar. Men so`radim: Ey, Abbosning o`g`li, u zotning: “Shaharlik kishi tashqaridan kelgan odam uchun sotuvchilik qilmasin” deganlarining ma`nosi nima? Shunda, u dedi: “Unga dallollik qilmasin” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
Demak, ushbu hadisi sharif hukmiga ko`ra, narx-navoni sun`iy ravishda oshirishdan qaytarilgan. Bu ishda karohiyat bor.
«Shularni e`tiborga olgan holda avtomashina sotib olish uchun tuzilgan shartnomani sotish shar`an nojoizdir. Vallohu a`lam», — Fatvo markazi.