Maktabgacha ta`lim muassalariga navbatga turish har doim kulgi ostiga olinadi. Sababi esa yillab navbat kelmasligidir. Farzandini bog`chaga berish uchun ota-onalar elektron navbatga turishi kerak. Ba`zan navbatga turganlarning oylab hatto yillab navbati kelmagan holatlarni ham guvohi bo`lyapmiz.
O`zi navbatga qo`ygandan keyin kutish vaqtining ma`lum chegarasi bormi? Agar belgilangan chegarasi bo`lsa, o`sha vaqtdan o`tib ketganda qaerga murojaat qilish kerak?
Rost24.uz muxbirining ushbu savoliga Maktabgacha ta`lim agentligi direktori o`rinbosari Oyatullo Rahmatullaev quydagicha javob qildi:
— Demografiya bizda yaxshi, yiliga 800 tadan 1 mlngacha bola tug`iladi. Yangi chaqaloqlar tug`ilib, mavjud bola soniga qo`shilib boradi. Hozirda 28 foiz 3 dan 7 yoshgacha bo`lgan bola maktabgacha ta`lim bilan qamrab olinmagan. Maktabgacha ta`lim tashkiloti bo`ladimi, maktab bo`ladimi, sig`imidan tashqari bolani qabul qila olmaydi. Biz hozirgi kungacha maktabgacha ta`lim tashkilotlarining sonini investision dasturlar bilan qurish orqali oshirib boryapmiz. Quvvat etmaganidan keyin, tabiiyki, navbat degan tushuncha o`z-o`zidan paydo bo`ladi. 2018 yilda maktabgacha ta`lim agentligi birinchilardan bo`lib shaffof elektron tizimni joriy qildi. Bunda navbat kutishning hech qanday muddati yo`q. Agar navbat kelmasa, bog`chaga talab ko`p bo`lsa, bog`chadagi navbat 2, 3 yoki 4 yilga ham cho`zilishi mumkin. Biz tavsiya sifatida ota-ona bir paytning o`zida 3 ta maktabgacha ta`lim tashkilotiga navbatda turishi mumkinligini aytamiz. Murojaatlar ko`p bo`ladi, bunda biz ularga uyi atrofidagi boshqa bog`chalarni tavsiya qilamiz», — dedi u.
Aslida kutish muddati belgilanishi, hududdagi bog`chalar aholi soniga moslashtirilishi kerak emasmi? Chunki, navbat kutishning chegarasi bo`lmas ekan, mas`ul aytganidek, farzandi maktabga chiqqanda keladigan navbatlar ko`payib boraveradi.