Dunyodagi eng katta itlar saqlanadigan joy O`zbekistonda

19.07.2023 00:31

Hukumat xabar olmaydigan dunyodagi eng katta itlar boshpanasi

Yaqinda tarmoqlarda yosh bolalarga ko`cha itlari hujum qilgani haqida videolar tarqaldi. Shundan so`ng O`zbekistonning ba`zi hududlarida daydi itlarni ommaviy qirish boshlangani haqida xabarlar ko`zga tashlanadi. Bu voqealar jamoatchilizk muhokamalariga sabab bo`ldi.

Xush, daydi itlar haqiqatda insonlar uchun xavflimi? O`zbekistonda ko`cha itlari uchun joy yo`qmi? Rost24.uz 6 mingta itni o`z bag`riga olgan "Hayot" nomli dunyodagi eng katta itlar boshpanasiga borib, ularning faoliyatini o`rgandi.

Qibray tumanidan joylashgan "Hayot" boshpanasida 2018 yildan buyon ishlab kelayotgan Dilrabo opa Fayzullaevaning aytishicha, bu joy tadbirkor ayol Iroda Matkarimovaning tashabbusi bilan ochilgan. Dastlab 200 ta kuchukni o`z bag`riga olgan shelterda hozirgi kunda 6 mingta it boqib kelinadi.

«Bundan tashqari klinikalarda, vaqtincha saqlanish joylarida itlarimiz bor. Irodaxonga it so`rab murojaat qilishsa, Rossiyaga jo`natadi, aholiga ham tarqatamiz. Shu kungacha 10 mingta itga g`amxo`rlik qildik, desak bo`ladi. Bizga respublikaning barcha hududlaridan itlar kelib to`radi.

Hozirda 9 kishi ishlaymiz. Ertalab soat 4:00 dan turib taglarini tozalab, suv, ovqat beramiz, davolaymiz. Ishchilarga oylik to`lanadi, oziq-ovqat beriladi.

Bizga hukumat tomonidan shu vaqtgacha faqat er berilgan, moddiy yordam, homiylarimiz yo`q. Ba`an ko`ngillilar yordam beradi.

Shanba-yakshanba kunlari volontyorlar keladi, biz "hasharchilar" deymiz. Tozalash ishlariga yordam beradi, itlarni ovqatlantiradi, ovqat pishiradi», — deya "Hayot" boshpanasidagi ish jarayoni haqida gapiradi Dirabo opa.

— So`nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarni ko`rib, odamlar vahshiylashib ketyaptimi, deb o`ylab qolaman. Bu hayvonlarni ham Alloh yaratgan. Qachon it g`azabnok bo`ladi, odamlardan yomonlik ko`rsa, alamzada bo`lsa. Biz shunday itlarni boqqanmiz, vajohati, agressiyasini ko`rib oldiga yaqinlasholmaysiz, ozgina mehr berib yaxshi gapirsangiz, yosh boladan ham yaxshi bo`lib qolishadi. Ovqat olib borsangiz ovqatni ham emay sizga jovdirab qarab turadi, yana erkalasin deb. Qo`lingizdan kelmaydimi mehr berish, yaxshilik qilish, hech bo`lmasa yomonlik qilib, ozor bermang. Ko`chada itlarning odamlarga tashlanishiga insonlarning o`zi aybdor. Hozir katta odamdan tortib yosh bolagacha itga ko`chada tosh otadi. Itga tegmasangiz, hech qachon sizga tegmaydi. Odamlarga hujum qilgan itlar bundan oldin, albatta, odamlardan ozor ko`rgan bo`ladi. Shuncha yil itlarga qarab shuni bildim, itlarga faqat mehr kerak, ovqat ham kerak emas, ba`zan bergan ovqatingizni ham emaydi.

Turkiya, Germaniyada itlarga munosabatni ko`ring, nima uchun biz ham ulardek bo`la olmaymiz? Odam qadrlanishi uchun hayvonlar ham qadrlanishi kerak. Ota-onalardan so`rardim, hayvonlarni urmasin, bu yomonlik o`ziga qaytmasa ham bolasiga, albatta, qaytadi. Mening hayvonlarga mehrimni uyg`otgan, aslida, qizim bo`ladi. Shu erga kelib, ishlab qolib ketishimga ham qizim sababchi. Biz kelganimizda 1 hafta ishlab keyin ketishni rejalashtirgandik. Keyin qizim “Onajon, biz ketsak bu hayvonlarga kim qaraydi? Kim bizdek mehr bera oladi”, deb yig`lab turib oldi. Shu bilan "Hayot" da qolib ketdik», — deydi Dirabo Fayzullaeva.

E`tiborlisi, ushbu manzilda 13 yoshli Shahzoda ham bor. U ko`p qavatli uyda yashaganiga qaramay bolaligida kuchuk, mushuk, toshbaqa, o`rdaklari bo`lgani, onasidan qaysi hayvonni olib berishini so`rasa, onasi olib berganini aytdi:

— Mushuklarimni kichkinaligimda qutqarib olganman. Mahallamizda yashaydigan kuchuk, mushuklarga qarab, ularni boqib yurardim. Bu erga birinchi kelganimizda o`zim bilan 200 tacha kuchuk olib kelganman. Ular mahallamda yashardi, odamlar tosh otib, haydab yuborardi, men ketsam ularni hech kim boqmaydi, deb hammasini yig`ib shu erga olib keldim. Biz bolalar o`z ota-onamizdan o`rnak olamiz. Ota-onalar farzandlari oldida odamlarga ham, hayvonlarga ham mehribon bo`lishi kerak, deb o`ylayman», —  deydi Shahzoda.

"Hayot" boshpanasidagi itlarning jovdiragan ko`zlariga qarab, ularning mehrga tashna ekanini ko`rish mumkin. Dilrabo opa bu erda egasiz, ko`chaning daydi itlari ham, egasi majburlikdan tashlab ketganlari ham, sotqin odamlar kuchukligida boqib, katta bo`lgandan so`ng yoqtirmay tashlab ketgan uy itlari ham bor ekanini ta`kidladi:

— Daydi itlar uchun bu er jannat, uy itlari uchun bu er do`zax. Uy itlarini tashlab ketishganda 1 haftalab ovqat emaydi, yashashni xohlamaydi, sotqinlikni qabul qilolmaydi, egasini kutadi, egasi ovozli xabar yuborsa qo`yib bersangiz, darrov jonlanib ketadi. Bu er itxonamas, xuddi mehribonlik uyiga o`xshaydi. Mehribonlik uyida bolalar odam kelsa o`zini ko`rsatib, "Meni olib ketsin", deb qanaqa intilsa,  itlar ham xuddi shunday erkalanib, odamlarga ko`zlari mo`ltirab qarab turadi. It, hayvon, odam deb ajratamiz-u o`rtamizdagi farq unchalik katta emas, bular faqat gapirolmaydi xolos, his-tuyg`u, aql, xarakter ularda ham bor. Men shunday niyat qilaman, qaniydi O`zbekistonda hammani uyga o`g`ri tushsa, odamlar bittadan itlarni kelib olib ketsa, bu erda bitta ham it qolmasa».

Rost24.uz muxbiri "Hayot" dagi muammolar haqida so`raganda ish boshqaruvchi Dilrabo opa tashkilotning qarzlari juda ko`p ekanini aytdi:

— 6 mingta itni hech kim, hech qaerda boqmayapti. Bu dunyodagi eng katta itlar boshpanasi. Biz itlarni kastrasiya qildiramiz, narkoz qimmat, veterinarlarga kelib-ketgani uchun ham pul to`lanadi. Ekologiya vazirligi va Ekopartiyadan itlarni hech bo`lmasa kastrasiya qilishda yordam berishlarini so`rardim. 6 mingta it bir yildan so`ng 10 mingta bo`lib ketishi hech gap emas. Yoki 1 kunlik ovqat xarajatiga yordam bersa, xursand bo`lardik. Irodaxonning bir o`zlariga juda qiyin. Itlar kuniga 5 tonna ovqat eydi. Itlarga ovqat bersa ishchilarga oylik berolmaydi, oylik berilsa operasiyaga pul qolmaydi. Shuning uchun odamlardan so`rardim, qo`lgan kelgancha yordam berishsa, bu yaxshilik ularga undan ham ko`p bo`lib qaytadi. Qanday usulda bo`lsa ham, xohlasa ovqat olib kelishsin, agar qurbi etmasa hech bo`lmasa majmuamizga kelib itlarni erkalab, mehr berib ketishsin», — dedi u.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
14
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар