Rost.24.uz tashabbusidan so`ng O`zbekistonda ilk jadidchilik muzeyi ochildi

16.07.2023 21:39

Bir asrlik orzuning amalga oshishi

Buxoroda jadid, ma`rifatparvar Usmon Xo`ja o`g`lining jadidchilik uy muzeyi, kutubxonasi va tadqiqot markazi tashkil etildi.

Avvalroq saytimizda mehmonxona sifatida faoliyat yuritayotgan mazkur tarixiy uy to`g`risida qator tanqidiy-tahliliy materiallar chop etilgandi.

Ushbu maqolalar keng jamoatchilik muhokamalariga sabab bo`lgach, tegishli davlat tashkilotlari masalaga e`tibor qaratdi.

Ma`lumot uchun, o`z davrida jadid maktabi bo`lgan mazkur hovli keyinchalik Buxoro viloyati hokimligi tomonidan tadbirkorga sotib yuborilgan edi.

O`z davrida Usmon Xo`ja bu uyda birinchilardan bo`lib, Turkiyada ta`lim olib qaytgach, Buxoroning yangi usuldagi maktabini ochgan va stol, stul, globus, xaritalar kabi o`quv qurollari bilan maktabni bezab, ilm toliblarini o`qitgan. Maktabda bepul ta`lim berilgan. Gavkushon guzarining bugungi Xo`ja Gulrez ko`chasida joylashgan 13-raqamli bu hovli davlat ixtiyoriga olingach, unda turli tashkilotlar faoliyat olib borgan.

Hovli uzoq yillar Buxoro viloyat prokuraturasi, viloyat sudining idorasi bo`lgan. Shuningdek, yana boshqa qator tashkilotlar ham faoliyat ko`rsatgan. Uning erto`la (podval) larida sudlanuvchi va jinoyatchilar saqlangan. Keyinchalik hovli shahar kommunal xo`jaligi ixtiyoriga o`tkazilib, bir necha qismga bo`lib sotib yuboriladi.

Oradan 150 yildan oshiq vaqt o`tgan bo`lsa-da, hovli bugun asl holatini yo`qotgani yo`q. O`sha davrdagi darvoza, ayvon, naqshinkor xonalarni ko`rib, ajdodlar mehnati, bunyodkorligiga  qoyil qolasiz.

Buxoroning markazida joylashgan va tarixiy ahamiyatini yo`qotmagan hovli, tabiiyki, ishbilarmonlar e`tiboridan chetda qolmadi. Samarqandlik tadbirkor tomonidan davlatdan sotib olingan hovli ayni kungacha qimmatbaho mehmonxona vazifasini bajarib kelayotgandi.

Ammo yaqinda O`zbekiston madaniy meros agentligi tashabbusi va uyning hozirgi egasi o`rtasida muzokaralar olib borildi. Nihoyat, shartnoma tuzilib, binoni milliylashtirishga erishildi.

Endi bu joy Usmon Xo`ja o`g`lining jadidchilik uy muzeyi, kutubxonasi va tadqiqot markazi sifatida tashkil etilmoqda.

«Bu orzuning, bu sog`inchning amalga oshishida, ayniqsa, Prezident Shavkat Mirziyoevga, Madaniyat va san`atni rivojlantirish jamg`armasiga, o`z nomini tilga olishni istamagan ikki tadbirkorga, shaxsiy mulkini davlatga qayta sotishga rozi bo`lgan samarqandlik tadbirkorga, bu masalani tilga olgan o`zbekistonlik ziyolilar va jurnalistlarga alohida minnatdorlik bildiraman, bir asrlik orzu amalga oshdi», – deydi taniqli turkshunos olim, Usmon Xo`ja Po`latxo`jaevning o`g`li Temur Xo`ja.   

Maftuna KARIMOVA, jurnalist.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
2
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар