"Ma`naviyat masalasi milliy xavfsizlik masalasi bilan barobar turadi", deydi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi – Spichrayter Xayriddin Sultonov.
Respublika ma`naviyat va ma`rifat markazida «Yangi O`zbekiston: kuchli iqtisodiyot va kuchli ma`naviyat» respublika ilmiy-amaliy seminari bo`lib o`tdi. Unda qatnashgan Spichrayter Xayriddin Sultonov ma`naviyat ishlarini kuchaytirish lozimligini va nima uchun bu yo`nalishga byudjetdan 90 milliard so`m ajratilayotganini tushuntirdi.
Xayriddin Sultonovning so`zlariga ko`ra, ma`naviyat targ`ibotlariga qarshi chiqqan vazirlar, kompaniya rahbarlari paydo bo`lishi bilan ma`naviyat markaziga e`tibor susaygan. Shu sababli ma`naviyat markazlari xodimlari hokimiyatlarda choy tashuvchi, shahardan mehmon kelsa, olib yuradigan odamlarga aylanib qolgan. Uning aytishicha, endilikda Respublika ma`naviyat markazi faoliyati tubdan yangilanadi. Ma`naviyat va ma`rifat markazlari xodimlarining moddiy ta`minoti yaxshilanadi.
«Ma`naviyat tadbirlari bu sovuq binoga norozi odamlarni yig`ib, telpakni bostirib olib ma`ruza o`qish degani emas... Eng muhim murakkab masala shundaki, bugungi kunda har bir tadbir yoki uchrashuv erkinlik, ochiqlik, plyuralizm shaklida o`tishini inobatga olgan holda unga katta tajribaga ega bo`lgan vatanparvar bilimli mutaxassislarni jalb etish kerak. Auditoriyaning savollari ko`p. Jurnalist, blogerlar ham keladi. Ilgarigidek bir xonaga hammani qamab, ma`ruza o`qib ketishlar yo`q. Bu format ishlamaydi. So`zga chiqqan odam «Meni so`zim qanday aks-sado beradi? Ertaga ijtimoiy tarmoqda «urib tashlashmaydimi?» deb mulohaza qilishi kerak. Ma`ruzalarni yozib olib, bir necha marta tayyorgarlik ko`rib borishi kerak. Ko`p joyda ko`rganman, olimlar so`zga chiqqanida, gapirib gapini tugatolmaydi. Laziz Qayumov degan domlamiz gapirib, fikrini tugatolmaganlarni "qo`nishga aerodrom topolmayapti", derdilar. Jamiyat ochildimi, endi oson bo`lmaydi "ali" desangiz, "vali" deydi bular. Ular haq, bunday deyishga. Shunday ekan, aql, bilim bilan, diskussiya va bahs yuritish madaniyati bilan tayyor bo`lish kerak.
Har qanday muxolif bilan bahs yuritishga tayyor bo`lib minbarga chiqishi kerak. O`tkir-o`tkir savollarga javob bera oladigan mutaxassislarni topishimiz kerak. Pensiyaga ozgina qolgan xodim, yaxshi choy damlaydigan opalarni ishda saqlab olib o`tirish yaramaydi», deydi Xayriddin Sultonov.
Spichrayter o`z ma`ruzasida Sovet davridagi «ideologlar», kolxozdagi yig`ilishlarni ham maqtab o`tdi. Shuningdek, ta`limga ma`naviyatshunoslik darslarini qaytarishni taklif qildi.
«O`rtada «dono» odamlar chiqib, ma`naviyat ma`rifat darslarini yo`q qilishni taklif qilishdi. Buni u xuddi bolani tog`oradagi suvga cho`miltirib, suvga qo`shib bolani tog`ora bilan ag`darib tashlashga o`xshatdi. Eng ma`naviyatli tuman, shahar, qishloq tanlovlarini o`tkazishimiz kerak», deydi u.
Sultonovning fikricha, «ma`naviyat kerakmi» degan odamlar orasida farzandini sotib, puliga Dubayga borib dam olayotganlar, otasini urayotganlar, qizini Dubayga fohishalikka jo`nayotganlar ham topilyapti. Ular ijtimoiy tarmoqlarni, «sariq» gazetalarni, to`y charlarni egallagan», deydi Sultonov.
Tadbir davomida Sultonov uzoq ma`ruza qildi va markazning endilikdagi faoliyati avvalgidek bo`lmasligini eslatdi. Ammo, Respublika Ma`naviyat va ma`rifat markazida o`tgan mazkur yig`ilishda ochiqlik va eskicha formatdan voz kechish haqida gapirgan Xayriddin Sultonov uchrashuv so`nggida jurnalist savollariga javob berishni istamadi. Xususan, rost24.uz jurnalistining quyidagi savollari ochiq qoldi.
Odatda, qonunlar ishlamagan davlatda turli targ`ibot va mafkuraga suyaniladi. Bizda yana ma`naviyat va ma`rifat targ`ibotini kuchaytirishdan maqsad nima? Huquqiy demokratik davlatda fikrlar xilma-xilligi bo`lishi, davlat organlarining targ`ibot bilan shug`ullanmasligi kerak emasmi?
25 yillik ma`naviyat va ma`rifat targ`ibotlari nega o`zini oqlamadi? Shu vaqtgacha davlat darajasida ma`naviyat va ma`rifat targ`ibotlariga kim mas`ul bo`lgan edi?
Nima uchun oqlamagan targ`ibot uchun yana byudjetdan katta mablag` ajratilmoqda?
Bugun “ma`naviyat” va “ma`rifat” so`zlari siyqasi chiqib ketishida, aks ma`no berishida aynan ma`naviyat targ`ibotchilarining hissasi katta emasmi?