Chang bo`ronlariga ham tayyor turishimiz kerak — iqlimshunos (2-qism)

14.07.2023 17:13

So`nggi paytlarda ekologik muammolar insonlar e`tiboridan tushmay qoldi. Chunki odamlar, ayniqsa, shahar aholisi shu paytgacha chang bo`ronlari nima ekanini bilmagan, bu cho`l tabiatiga xos bo`lgan hodisa hisoblangan. Lekin O`zbekistonda oxirgi ikki yilda deyarli barcha shaharlarda, shuningdek, poytaxtda chang bo`ronlari kuzatildi. Rost24.uz buning sababi nimada ekani va unga qarshi qanday choralar ko`rish kerakligi bo`yicha iqlimshunos Erkin Abdulaxatovdan javob oldi:

— Iqlim isiganda qurg`oqchilik, ya`ni suv etishmovchiligi, yog`ingarchilik kuzatilmasligi, issiq ob-havoli kunlar davomli bo`ladi. Masalan avvallari faqat yoz oylarida havo harorati 35-40 darajaga ko`tarilgan bo`lsa hozir aprel-may oylaridan boshlab sentyabrgacha yuqori havo harorati saqlanib turibdi. Bu esa tuproqda namlik kamayib, mintaqaning cho`llashishiga sabab bo`lyapti. O`zbekiston maydonida yildan-yilga, nafaqat tekisliklarda, balki tog`oldi va tog`li hududlarda ham cho`llashish jadal davom etyapti. Uzoq muddatli jazirama va yog`insiz kunlardan keyin, nam havo oqimlari kirib kelishidan oldin — fizikada shunday tortishish kuchiga ega bo`lgan jarayon bor, bu jarayon o`ta quruq bo`lgan tuproqni yuqoriga ko`taradi. Agar yashil massa, ildizlari bilan tuproqning mayda zarrachalarini ushlab qoladigan o`simlik va daraxtlar bo`lmasa atmosferaga chang ko`tariladi. Kelgusida O`zbekistonda tuproq, ya`ni er sirtidagi harorat 70-80ʼ gradusgacha bo`lishi kutilyapti. Bu holatda yana nam havo oqimlarining kirib kelishi yomg`irni emas, changni keltirib chiqaradi. Chang yuqoriga balandligi 600-700 metr, hatto 1 km ko`tarilib hududlarga asta-sekin bostirib keladi», — dedi u

Erkin Abdulaxatov, iqlimshunos

Biz qurg`oqchilik va cho`llashishning oldini olish uchun doimiy ravishda hududlarning iqlim sharoiti, sug`orish va yog`ingarchilik imkoniyatlaridan kelib chiqib, u erga mos bo`lgan daraxt va o`simliklarni ekishimiz kerak. Bular ilmiy jihatdan ishlab chiqilgan, isbotlangan va qaysi hududga nima ekilishi reja qilingan. Endilikda qurilish ishlari qanday amalga oshirilsa, daraxt ekish jarayoni ham xuddi shu tartibda bo`ladi, buyurtmachi tender asosida pudratchini tanlaydi va pudratchi o`zi ekkan daraxt uchun 3 yil mas`ul bo`ladi. Daraxtlar holati sun`iy yo`ldoshlar, ekodronlar yoki ekovolontyorlar orqali kuzatib turiladi. Agar bu ishlar qilinmasa, cho`llashish davom etsa, kelgusida O`zbekistonda iqlim muhojirlari ko`payadi. Bu esa yana bir qancha ijtimoiy muammolarni keltirib chiqaradi. Iqlim muhojirligini oldini olishning har xil imkoniyatlari bor. Masalan, Saudiya Arabistoni va BAAda ham odamlar cho`l hududida yashab kelmoqda. Albatta ikkala mintaqadagi cho`llarning farqi bor, lekin yurtimiz ham kelajakda xuddi ular kabi ekstremal cho`l turizmiga o`tadi. Ekstremal turizmga e`tiborni kuchaytirish iqlim muhojiriga aylanishi mumkin bo`lgan aholini o`z hududida qolishga, kichik yashil makonlar yaratishga undaydi. Buning uchun odamlar ba`zi resurslar, internet va uyali aloqa, elektr energiyasi bilan ta`minlangan bo`lishi kerak», — Erkin Abdulaxatov.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар