O`zbekistonda o`tgan yili 19 bolaning umriga zomin bo`lgan yo`tal siroplarini ishlab chiqaruvchi firma Hindistonda zaharli sanoat moddasidan foydalangan, deb xabar bermoqda Reuters agentligi ikki manbasiga tayanib.
Qayd etilishicha, “Marion Biotech” kompaniyasi propilenglikol moddasini (PG) diler “Maya Chemtech India”dan sotib olgan. Ammo “Maya Chemtech India”da farmasevtika uchun mo`ljallangan mahsulotlarni sotish uchun lisenziya bo`lmagan. U “faqat sanoat mahsuloti bilan shug`ullangan”, degan Reutersʼga firmadagi “Marion Biotech” kompaniyasi ishi bo`yicha tergovdan xabardor bo`lgan manba.
«Biz “Marion Biotech” kompaniyasi undan yo`tal siropi tayyorlash uchun foydalanishini bilmas edik, bizga mahsulotimiz qaerda ishlatilishi aytilmagan», — degan tergov qilinayotgan shaxs.
Ikki manbaning ta`kidlashicha, Dok-1 Maks siropi propilenglikol moddasi bilan ishlab chiqarilgan. (Propilenglikol – suyuq yuvish vositalari, antifrizlar, bo`yoqlar yoki qoplamalarda keng qo`llaniladigan va pestisidlarning samaradorligini oshirish uchun ishlatiladigan toksik material bo`lgan sanoat mahsuloti).
«Marion Biotech”, shuningdek, O`zbekistonga sotgan siroplarda qo`llashdan oldin ingredientni sinab ko`rmagan», — deya ma`lum qilgan tergovchi.
Hindiston farmasevtika qoidalariga ko`ra, ishlab chiqaruvchilar o`zlari foydalanadigan ingredientlarning xavfsizligini ta`minlash uchun javobgardir. Kompaniya manbasiga ko`ra, diller “Maya Chemtech India”ga ayblovlar qo`yilmagan, ammo tergov davom etmoqda.
O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligining o`tgan yilgi tahlili shuni ko`rsatdiki, “Marion Biotech” kompaniyasi ishlab chiqargan yo`tal siroplari “Dok-1 Maks” hamda “Ambronol” tarkibida iste`mol uchun mo`ljallanmagan mahsulotlar (dietilenglikol va etilenglikol) mavjudligi ma`lum bo`ldi.
“Yanvar oyida O`zbekistonda 19 kishining o`limiga aloqadorlikda ayblanib, to`rt kishi, jumladan “Marion Biotech” dori-darmonlarini import qilgan kompaniyaning ikki rahbari hibsga olingan”, deb yozadi Reuters hozirda ish qaysi jarayondaligini aniqlay olmaganini qo`shimcha qilib.
O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi bu boradagi belgilanadigan jazolar bo`yicha savolga javob bermadi, deydi nashr. Oxirgi marta “Dok-1 Maks” ishi bo`yicha O`zbekiston Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar bergandi. Agentlik xabarida “bir qator mansabdorlar” degan mavhum jumla va Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligi hamda uning huzuridagi “Dori vositalari, tibbiy buyum va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK direktori K.S. hamda sodir etilgan jinoyatlarga aloqador bo`lgan uning bir nechta jinoiy sheriklari ish bo`yicha ushlanib, ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo`llanganini aytilgandi.
Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti shu oy boshida Reuters agentligiga mazkur ish bo`yicha ma`lum qilishicha, 2021 yilda propilenglikol moddasi narxi oshganida, bir yoki bir nechta etkazib beruvchilar arzonroq zaharli suyuqliklarni kimyoviy moddalar bilan aralashtirishgan.
Hindiston hukumati tomonidan laboratoriyada o`tkazilgan testlarda “Marion Biotech” ishlab chiqargan siroplarning 22 namunasi “soxta” ekanligini aniqlagan.
“Marion Biotech” lisenziyasi bekor qilingan. Polisiya “Marion Biotech”ning uch xodimini hibsga olgan va ikki direktorni hibsga olish uchun order bergan. Keyinroq esa uch nafar xodim garov evaziga qo`yib yuborilgan. Bu haqida nashrga polisiya xodimi ma`lum qilgan. Biroq nashr faqat ulardan biri bilan bog`lana olganini va u kompaniyada ishlashni to`xtatganini aytganini qayd etgan.
Ollohobod Oliy sudida ishtirok etgan “Marion Biotech” ikki direktorining advokati “mahsulot standart sifatiga ega emas, ammo soxta ham emas. Mijozlarim Hindistonning hech qanday qonunini buzmagan, chunki dorilar faqat eksport uchun mo`ljallangan”, deya oqlashga harakat qilgan.
O`zbekistondagi o`limlardan tashqari, o`tgan yili Gambiyada ham 70 nafar bola Hindistondagi boshqa bir kompaniya tomonidan ishlab chiqarilgan yo`tal siroplarini iste`mol qilgani sababli vafot etgan. Indoneziyaning o`zida ishlab chiqarilgan yo`tal siroplari ham 200 nafar bola o`limiga sabab bo`lgan edi.
Toksinlar boshqa hind kompaniyasi “Maiden Pharmaceuticals” tomonidan Gambiyaga eksport qilingan yo`tal siroplarida topilgan. JSST bu siroplarni bolalar o`limi bilan bog`lasa-da, “Maiden Pharmaceuticals” kompaniyasi barcha javobgarlikni rad etgan.
Hindistonda ishlab chiqarilgan siroplar bilan bog`liq o`limlardan keyin, Gambiya Hindistonning dori vositalarini tartibga soluvchi tashkilotga barcha farmasevtika mahsulotlarini Hindistondan jo`natilishdan oldin Hind eksportchisi hisobidan tekshirilishi va sinovdan o`tkazilishi majburiy bo`lishini aytgan.
Hozirga kelib, Hindiston kompaniyalarga yo`tal siroplarini eksport qilishdan oldin sinovdan o`tkazishni majburiy qildi.