Shundaylar bo`lmasa dunyoda agar...
Yashayotgan hududining xaritada borligiga ham ishonmaydigan ayol hikoyasi
Taqdiriga faqat mehnat yozilgan, borligini, yashayotgan hududini xaritada mavjud ekanligiga ham ishonmaydigan, islohotlar faqat televizor orqali etib boradigan, hayotida bir marta bo`lsa ham go`zallik saloniga kirmagan, bayram va tadbirlarda e`tirof kutadigan o`zbegimning sodda qishloq ayollari...
Ular boshqalar kabi tongni qahva ichish, go`zallik saloniga borish, dugonalari bilan uchrashishni rejalashtirish bilan yoki ertalab “Ishga borsam salqin xonada, mazza qilib ishlayman” deb emas, “Bugun havo isib ketmasin, yaxshiroq ishlab olay” deb boshlaydi.
Ular boshqalar singari biror joyi og`risa, kasalxonaga yugurishni emas, ishga chiqsa u-bu joyi og`rib qolmasligini o`ylaydi.
Ular farzandlarining tug`ilgan kunida o`zi yoki boshqalarning haqqidan ajratib qimmat kiyimlar, qimmat mashinalar yoki shohona ziyofatlar hadya qilmaydi, mehr, tarbiya, halollik hadya qiladi.
Ular oiladagi etishmovchilik sababi erkak kishidan deb hisoblab, o`ziga va farzandlariga jabr qilmaydi. Ular sabr qilishni biladi.
Ular boshqalarning farzandlarini ham o`zining farzandi kabi qabul qiladi.
Ular islohotlar, ayollar bilan bog`liq siyosatlar, amaldorlarning va`dalariga ishonib, umid qilib qolaveradi...
Loyihamizning navbatdagi qahramoni Hafiza Turg`unboeva.
Hafiza opa Sirdaryo viloyati Xovos tumani Bo`ston mahallasida istiqomat qiladi. Qahramonimizning yoshi 65 da. U hali ham daladagi mavsumiy ishlarni bajarishdan nolimaydi. Qolaversa na sog`lig`idan, na moliyaviy kamchiliklardan...
«Oldin dala mehnatini ko`rmaganman, turmush o`rtog`im betob bo`lgani sabab og`ir ishlarga yaramas edi, qizlarim bilan 30 gektar erni 1 haftada chopiqdan chiqardik. Dala ishlaridan ham daromad kelarkan deb yana boshqa ishlar olishni boshlaganmiz», — deydi Hafiza Turg`unboeva Rost24.uz ga bergan intervyusida.
Qahramonimiz bilan suhbatlashar ekanmiz, “Dala mehnati bilan shug`ullanib hali biror joyimiz og`riganini, qon bosimi degan narsa bezovta qilganini ham bilmaymiz. Bizning sharoitimizda ish shunday mavsumiy, bundan foydalanish kerak. Bu erda ham ayollar uchun zavod fabrikalar bo`lishini, ayollar doimiy ish bilan ta`minlanishini xohlaymiz”, dedi H. Turg`unboeva.
Shuningdek, dalada mehnat qilayotgan Hafiza Turg`unboeva va shu kabi ayollarning ham farzandlari boshqa oila farzandlari kabi tayyorlov kurslarida, shaharlarda o`qiyapti. Ular farzandlarini ham o`zlari kabi dala mehnati bilan shug`ullanishini xohlamaydi.
Qahramonimizning "Televizorlarda uni-buni ko`rib havas qilamiz, bizni sharoitimiz shu, qani bizda ham ishlaydigan fabrikalar, zavodlar bo`lsa, ayollarimiz ishlar edi", degan so`zlari minbarlarda ayollar siyosati haqidagi baralla so`zlar uzoq hududlarga etib bormayotganiga misoldir, balki.