Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligidagi brifing o`tkazadigan minbar va`dalar-u hisobotlar, qachon amalga oshishi mavhum bo`lgan rejalar o`qib beriladigan joy hisoblanadi, desa adashmagan bo`lamiz..?
Negadir, tashkilotlarning axborot xizmati matbuot anjumanlarini o`tkazish, jurnalistlar bilan ochiq muloqot qilish o`rniga mana shu brifing minbarida turib o`zlari tayyorlab kelgan 5-10 daqiqalik hisobotni o`qib ketishni afzal ko`rmoqda.
Shu o`rinda savol tug`iladi: matbuot xodimlari jamoatchilik bilan aloqa o`rnatuvchi sifatida emas, o`zi ishlaydigan tashkilotning “advokati” sifatida faoliyat olib borishi qanchalik to`g`ri?
Ma`lumot o`rnida, matbuot anjumani — bu tashkilot xodimlarining jurnalistlar bilan ochiq muloqot o`tkazishi, savol-javob tarzida uchrashuv tashkillashtirishidir. Undan farqli ravishda, brifingda bu kabi savol-javoblar bo`lmaydi, matbuot kotiblari o`zlari tayyorlab kelgan bayonotni o`qiydi-yu ketadi.
Umuman olganda, matbuot kotiblari shu yo`nalishda ish olib borishga o`rganib qolgan. Brifing hisobot uchundek, muhimi jurnalist va blogerlarning savollari ularni bezovta qilmasa bo`lgani.
Yil boshidan beri AOKAda 186 marotaba brifing va 45 marotaba matbuot anjumani o`tkazilgan. Ajablanarlisi, aprel oyida bironta ham matbuot anjumani tashkil etilmagan. Vazirliklar kesimida oladigan bo`lsak, oxirgi 3 oyda o`tkazilgan tadbirlar soni vazirliklarning sonidan ham kam bo`lib, jami 19 ta brifing va matbuot anjumani tashkil etilgan.
AOKA misolida yuqoridagi raqamlarga tayanadigan bo`lsak, Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Transport vazirligi, Energetika vazirgigi, Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi, Sog`liqni saqlash vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi savdo vazirligi, shuningdek, Yoshlar siyosati va sport vazirligi biron marta ham matbuot anjumani yoki brifing o`tkazmagan.
Jamoatchilik diqqat markazida qolayotgan, ijtimoiy tarmoqlarda eng ko`p noroziliklarga sabab bo`lgan vazirlik — Ichki ishlar vazirligi esa 3 oy mobaynida hattoki, brifing ham o`tkazmagan.