Bundan roppa-rosa to`qqiz yil avval Samarqand tumanidan Samarqand shahriga ma`muriy jihatdan bo`ysunishga o`tgan 34 ta mahallaning aksariyatidagi ko`chalarga nom berilmagan, uylar raqamsiz qolib ketgan. Bu esa aholi va bir qator davlat idoralari uchun noqulayliklar tug`dirmoqda.
Kamina ana shunday mahallalardan biri – Bog`imaydon mahallasida yashayman. Mabodo ish yuzasidan Toshkent yoki boshqa shaharga borib qolsam, ro`yxatga olish paytida manzilimni so`rashadi. Men “Samarqand shahri Bog`imaydon mahallasi” deganimda, ko`cha nomini aniqlashmoqchi bo`lishadi-yu ko`chamiz nomsiz, uyimiz raqamsizligini eshitganlar “shahar bo`lsa, qanday qilib ko`chasiz bo`ladi”, deb hayron qoladi.
Biz ham hayratdamiz. Nahotki, 30 ming nafardan ko`proq aholi yashab kelayotgan mahallalardagi ko`chalarga nom qo`yib chiqish uchun to`qqiz yil kamlik qilsa? Buning uchun yana qancha vaqt lozim? Aslida bu ishni kimlar, qaysi tashkilot bajarishi kerak?
Ushbu savol bilan Samarqand shahri bo`yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasining (IIO FMB) Migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo`limi boshlig`i Olim Norqulovga murojaat qilib, quyidagi javobni oldik:
Obodonlashtirish boshqarmasi kadastr idorasi bilan ko`chalar va ularda joylashgan uylar hisobini olib, chizmasini tayyorlagandan so`ng har bir xonadonning raqamini belgilab chiqadi. Odatda oldin ko`chalarga nom beriladi, so`ngra ularda joylashgan hovlilarni tartibli raqamlash amalga oshiriladi. Obodonlashtirish boshqarmasi tayyorlagan hujjat Xalq deputatlari shahar kengashiga yuboriladi. Shundan so`ng Kengash qarori bilan ko`chalar nomi tasdiqlanadi. Qaror nusxasi shahar IIO FMBga yuboriladi. Ana shu asosda Migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo`limi (“pasport stoli”) fuqarolarni “propiska”dan o`tkazadi.
Ko`rinib turganidek, ko`chalarga nom qo`yish ishi uncha og`ir emas ekan. Ammo shaharda shu ishga qunt qilib, uni bajarishga qodir mas`ullar yo`qligi, shunga fahmu farosati etadigan mutaxassis bo`lmaganligi odamni ajablantiradi. Shahar “kattalari” mening bu achchiq gapimdan xafa bo`lishmasin. Chunki ushbu muammoni avvallari ham ko`targan edim. Lekin uni echish uchun harakat qilinmadi.
Xo`sh, nima uchun ko`chalarga nom qo`yish va xonadonlarni raqamlashtirish bunchalik muhim? Bu nafaqat o`sha uylarda istiqomat qiladigan fuqarolar uchun, balki turli davlat organlari uchun ham juda kerak. Kaminaga Bog`imaydon fuqarolar yig`ini raisi sifatida deyarli har kuni ichki ishlar organlari, FHDYo, soliq idorasi, pochta xizmati, sud va qator boshqa idoralardan murojaat qilishadi. Fuqarolarning aniq manzilini topolmasdan sarson bo`lganlar “mahallada o`zi ushbu shaxs yashaydimi” deb kinoya ham qilishadi.
Ko`cha nomining yo`qligi juda katta chalkashlikka sabab bo`lmoqda. Mahallamiz shahar hududiga o`tishdan oldin “Tutiston” deb atalardi. U vaqtda Samarqand tumani va shahrida Bog`imaydon nomli ikkita alohida mahalla bor edi. Keyinchalik ular nomi o`zgardi. Ammo u erdagi ayrim fuqarolar hozirgacha o`z manzilini Bog`imaydon mahallasi deb ko`rsatadi. Shu sababli davlat idoralari ham, fuqarolar ham ushbu chalkashlikdan aziyat chekmoqda.
O`tgan yilning oxirlarida vaziyat o`zgaradigandek bo`ldi. Mahallamizga kadastr xizmatidan ikki nafar yosh xodim kelib, ko`chalarga nom qo`yish va uylarni tartibli raqamlash ishlarini amalga oshirishga mutasaddi etib belgilanganligini bildirdi. Ularga mahallamiz faollaridan birini berkitdik. Ular ikki kun ishlab, vaziyat bilan tanishgach, uyma-uy yurib, tartibli raqamlash uchun tayyorgarlik ko`ra boshladi. Ammo yosh xodimlar qanday kelgan bo`lsa, shunday yo`qoldi. Mana, bir oydan ko`p vaqt o`tdiki, ulardan darak yo`q. Ular kelar, ishini davom ettirar, balki. Ammo ushbu ish bilan bog`liq boshqa bir muammo yuzaga chiqdi.
Ma`lum bo`lishicha, ko`chalarga nom qo`yish va uylarni raqamlash uchun kadastr idorasidan har bir mahallaga xodimlar biriktirilgan ekan. Bu erda bir ko`cha uch-to`rt, ba`zi hollarda bundan ham ko`p mahalla hududidan o`tishi inobatga olinmagan. Bir mahallaga kelgan mutasaddi uylarni raqamlashni o`sha mahalla hududidan boshlasa, bundan bexabar qo`shni mahallalardagilar raqamlashda adashmaydimi?
Masalan, Afrosiyob ko`chasi to`rtta mahalla hududidan o`tgan. Bu erga kelsangiz, qiziq bir hodisa guvohi bo`lasiz. Ko`chaning boshlanish tarafi va oxiri qaerda ekanligini bilmaganlar raqamlashni har ikki tomondan boshlagan. Aslida ko`cha Bog`imaydon mahallasidan boshlanib, Qir mahallasida tugaydi. Xo`sh, ko`chaning boshlanishi qanday aniqlanadi? Belgilangan tartibga ko`ra ko`chaning boshlanish tarafiga shahardan tashqariga qarab yoki asosiy ko`chadan kirish yo`nalishi asos qilib olinadi.
Demak, ko`chaga nom qo`yish va uy-joylarni tartibli raqamlashni to`g`ri amalga oshirish uchun ma`lum tayyorgarlikka ega, bu ishga fahmu farosati etadigan xodimlarni jalb etish kerak ekan. Faqat bitta mahalla doirasida muammoni hal qilmoqchi bo`lganlar xato qiladi.
To`qqiz yil davomida mutasaddilarni bezovta qilmagan muammoga tezroq echim topish shaharning kelajagi uchun ham muhim. Chunki “Samarqand kengayarmish, to`rtta yoki beshta tumanga bo`linarmish, dastlab aholisi 800 mingga, keyinchalik 1 million kishiga etarmish” degan gap-so`zlar yuribdi. Shunday ekan, shahri azimda uy-joylar, ma`muriy, madaniy va maishiy binolarni tartibli raqamlash va ko`cha ko`rsatkichlarini o`rnatish ishini tizimli yo`lga qo`yish vaqti kelmadimikan?
Toshpo`lat Rahmatullaev,
jurnalist