Turk tili bo`yicha milliy sertifikat talabgorlariga nega darajasidan yuqori savol berilgan?
2022 yildan magistraturaga topshiruvchilar uchun til bilish sertifikati joriy etildi. Biroq bu tajriba kutilganidek bo`lmagani bois, qishki qabulni ham o`tkazishga majbur bo`ldik. Bu majburiyat joriy yilda ham o`z kuchida turibdi, shuning uchun til sertifikatiga talabgorlar talaygina.
Oldin, turk tili sertifikatiga har oyda imtihon topshirish mumkin edi. 2023 yilning mart oyidan boshlab, Bilim va malakalarni baholash agentligi qachon imtihon rejalashtirsa shundatashkil qilinadigan bo`ldi. Bundan tashqari xalqaro Tomer sertifikati bekor qilinib, faqat TYS va Milliy sertifikat qoldirildi.
Shu yilning 7-31 may kunlari o`tkazilayotgan turk tilidan milliy sertifikat uchun sinovlarga 18 ming talabgor ro`yxatdan o`tgan. Ularning har biri imtihon uchun 405 ming so`mdan pul to`lagan (jami 7 milliard 290 million so`mdan ortiq).
Agar siz turk tilidan milliy sertifikatga talabgor bo`lsangiz, darajangizni aniq belgilaysiz. Ya`ni, qoidaga asosan B2 darajasini belgilasangiz, shu darajada tuzilgan savollar beriladi.
Turk tilida 6 ta daraja bor: A1, A2, B1, B2, C1, C2. Farqi shundaki, bunda IELTS tizimidagidek balingizga qarab daraja berilmaydi. Balki siz B2 daraja uchun maksimal belgilangan balni yig`ishingiz kerak bo`ladi va bu undan yuqori darajaning topshiriqlari sizga berilmasligini bildiradi. Ammo may oyida o`tkazilayotgan imtihonda B2 daraja talabgorlariga C1 darajasidagi savollar berilgan.
Misol uchun, 7 may kuni o`tkazilgan imtihonning tinglab tushunish bo`limida B2 daraja uchun savol sifatida tushgan "Kültürel karşılaştırmalar sempozyumu", "Sultan şairler" topshiriqlari turk tilini o`rganuvchilar uchun maxsus kitob "Yedi iklim" kitobining C1 darajadagisidan olingan.
Bundan tashqari Milliy sertifikat uchun imtihonga kirib chiqqan talabgorlarning so`zlariga ko`ra, tinglab tushunish bo`limida qo`yib berilgan audiolar ikki karra tezlikda eshittirilib, savollar bilan tanishib chiqish uchun esa atigi 30 soniya vaqt berilgan (Ma`lumot uchun, TYS va Tomer imtihonida esa audio savollar bilan tanishish uchun oldindan 2 daqiqa vaqt beriladi).
Aytgancha, Bilimni baholash agentligining yana bir tajribasi ham bor. Milliy sertifikatga talabgor darajani belgilab kirgani uchun, darajani ololmasa unga hech qanday ball va sertifikat berilmaydi.