O`zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning yaqinlari eslaganda eng avvalo uning qat`iyatini va xatolarni kechirmasligini alohida qayd etishadi. Buni o`z qizi Gulnora Karimovaning xatosini ham kechirmaganidan bilish mumkin. Rost24 muxbiri Birinchi prezidentning 1990-1992 yillardagi xos soqchilari boshlig`i bo`lgan Sa`dulla Muhamadqulovning xotiralari bilan qiziqdi.
– Men bir kishi bilan gaplashganimda, Islom aka haqida rus tilida aytganda “umneyshiy chelovek” degandi. Men nega uning gapini eslayapman. Juda kamdan kam rahbarlar hujjatlar bilan ishlaydi. Islom Abdug`anievich shunchalik kuchli inson edilarki, ular har bir hujjatni boshidan oxirigacha ko`rar, kerak bo`lsa qayta ishlar yoki qaytarardi. Bitta konstitusiyani ustida qancha ishlaganlar. Barcha hujjatlarni o`zlari tuzatib chiqardi. Nima uchun? Xatoga yo`l qo`ymaslik uchun. Yana bitta insoniylik xislatlarini aytsam, ular “kam ta`minlanganlar bilan ko`p pul egalarining orasidagi masofani kamaytirish kerak”, derdilar. Bu ularning prinsplari edi. Ya`ni oligarxlar vujudga kelishiga yo`l qo`ymagandilar. Yana bir narsa, tarixni ko`rsangiz agar ularning davrida katta kreditlar, qarzlar olinmaganiga guvoh bo`lasiz. Moliyaviy ishlar bilan bog`liq bo`lgan xalqaro tashkilotlarni ular bir qadam naryog`da ushlab turardilar. Yana bir narsa, Amerika bazasini shu erga olib kelingandan keyin biroz vaqt o`tdida, Andijon voqealaridan keyin bir og`iz so`z bilan mana shu erdan chiqarib yubordilar . Amerikani o`z hududidan chiqarib yuborish uchun qanday katta qat`iyat kerak? Shu ularning kuchi edi. Yana bir narsa vafot qilganlaridan keyin Rossiya Federasiyasi prezidenti Vladimir Putin kelib ularni qabrlariga gul qo`yayotganda bosh egdi va tizzaladi. Nima uchun? Putin u kishini ustozim, deb bilardi. Rossiyada vaqtida shokoterapiya qilinayotgandi. Bular bu narsaga yo`l qo`ymadilar. Og`ir ahvolga xalqni qo`yishni xohlamadilar. Ular haqiqiy inson edilar. Bunday insonlar yuz yilda bir marta keladi.
– Mana siz Xos soqchilar boshlig`i bo`lgan ekansiz ularning hayotlarida eng xavfli kun qaysi kun edi? Eslaysizmi?
– Namangan voqeasi, Nukus voqeasi, Parkent voqeasi, Bo`ka voqeasi, Farg`ona voqeasi…
Farg`ona voqeasi bir oy davom etgandi, 2 iyundan 2 iyulgacha bo`lgan bo`lsa, ular iyundan ishga kelganlar , Farg`onada qancha odamni uyi yonib ketgan bo`lsa, qancha odam halok bo`lgan bo`lsa, bittalab uyiga kirib chiqqanlar. O`z sog`ligi, joni uchun xavf tug`diradigan hech narsadan qo`rqmasdi u. Bilasizmi, Parkent voqealarida odamlar bir-birini o`ldirgan. Bu odam borib o`zlari hal qilganlar shu nizoni ham. Keyin yana bir narsaki, u odam nafaqat qo`rqmas, balki mard inson ham edi. Chunki kuchsizlarni ustidan bular hech qachon hukm surmagan bular kuchlilarga kuch paydo qilishga yordam bergan.
– So`ngi kunlarini qanday eslaysiz?
– Men bu vaqtda ishlamaganman. Lekin, bir narsani aytay sizga, har bir katta loyihani, million dollardan tepada bo`lgan hamma loyihalarni o`zlari nazorat qilardilar. Mana TATA mehmonxonasini bilasiz shuni 39 yarim million dollarga sotganmiz. Men u vaqtda “O`zbekturizm” qo`mitasi raisining o`rinbosari edim. Shu davrda shaxsan o`zlari nazorat qilgandilar. Yoki Samarqanddagi “Afrosiyob” mehmonxonasini ochishda ham nomini o`zlari qo`ygandilar. 6 ta nom bergandik, lekin ularni emas, “Afrosiyob” deb o`zlari nom qo`ygandilar. Shunday narsalargacha e`tibor berardilar. Respublikadagi har bir masalani o`z boshida ushlab turish bu juda katta og`ir yuk hisoblanadi. Shu yukni oxirida ko`tara olmasdan insult bo`ldilar, qon quyilishi bo`ldi. U bo`ldi, bu bo`ldi deganlarga ishonmang . Men ham ishonmayman. U odam hech qachon yomon yo`lga boradigan inson emasdi. Sizga boshqa misolni aytay, Sharof Rashidovich to`g`risida to`qqiz yil turli gaplar gapirildi. O`zini otdi, o`zini zaharladi, deb, lekin maqolamda yozganman, u ham infarkt edi. Odamlar to`qimalarni aytishgan. Aslida infarkt bo`lganiga o`zim guvohman. 4 yil Sharof akaning ham yonlarida men bo`lganman, oxirgi suvni men berganman. Qo`limda jon berganlar. Go`rkovlar bilan birga olib borib qo`yganmiz. Nima uchun bu gaplarni aytayapman. Bu insonlar judayam kamdan kam insonlarda uchraydigan xislatlarga ega bo`lishgan. Shular bilan ishlaganimdan, shularni xavfsizligini ta`minlaganimdan faxrlanaman...