Mana, bir oy bo`lyaptiki, mamlakatimizda Prezidentning parlamentga qilgan murojaatnomasining targ`iboti davom etmoqda. Targ`ibotdan ko`zlangan maqsad nimadan iborat? Odamlarni yig`ib, Murojaatnomada belgilab qo`yilgan vazifalarni takroran tilga olib o`tish va shu bilan tadbir o`tkazilganligi haqida hisobot tayyorlashmi?
Darhaqiqat, targ`ibot tadbirlari haqidagi hisobotu jurnalistlar reportajlari bilan tanishib hamda muloqotu yig`ilishlarda qatnashib, ular nomigagina, yuqori tashkilotlarga hisobot uchun o`tkazilgandek tuyulmoqda kaminaga. Bu 50 yildan ko`proq vaqt mobaynida targ`ibot tadbirlarini ko`rib kelayotgan shaxsning xulosasi. Tashkiliy jihatdan deyarli hech narsa o`zgarmagan. Davlat rahbari nutqi yoki uning nomidan chop etilgan kitoblar targ`ibotiga bag`ishlangan tadbirlar xuddi shunday o`tkazilardi. Odamlarni bir joyga to`plab, to`rt-besh nafar galstuk taqqan jiddiy ko`rinishdagi otaxonlar chiqib olib, nutqni yoki kitobdagi tezislarni takrorlardi.
Hozir ham ana shu tarzda o`tayotgan targ`ibot tadbiridan tayyorlangan hisobotda “tashkilotlarda Murojaatnomaning mazmun-mohiyatini keng targ`ib qilish yo`lga qo`yildi” deb, qancha odam qatnashganligi, qaerda va necha marta chiqishlar qilinganligi haqida qator raqamlar keltiriladi. “Mazmun-mohiyatini targ`ib qilish” deganda nimani tushunish lozim? Mutasaddilar aksar paytlarda Murojaatnomani takrorlash, ya`ni undagi aniq taklifu jo`yali fikrlarni minbardan turib ilmiy til bilan gapirib berish bilan chegaralanishadi.
Aks holda tayyorlagan bitta ma`ruzani ham fermerlarga, ham talabalarga, ham mahallalardagi uchrashuvlarda takrorlamasdan, vaziyatdan kelib chiqqan holda, ya`ni to`planganlar faoliyat sohasiga qarab Murojaatnomaning aynan aholining ana shu qatlami uchun qanday ahamiyati borligini tahlil qilgan bo`lardi. Aholining tadbirda qatnashayotgan qatlami belgilangan vazifalar hamda yaqin kelajakda rivojlanishning eng asosiy yo`nalishlarini hayotga tatbiq etishda qanday rol o`ynashi mumkin va bu aynan ana shu odamlarga nima beradi, degan savolga javob topilsa, maqsadga muvofiq bo`lmasmidi?
Gapni ko`p qilmasdan, o`tgan haftaning oxirida o`zim ishtirok etgan bir tadbir misolida yuqorida aytganlarimni isbotlashga o`tmoqchiman.
Samarqand shahridagi musiqa maktabining majlislar zalida sektordagi mahalla fuqarolik yig`inlari raislari va ularning o`rinbosarlari va o`rta maktab direktorlari va ularning o`quv ishlari bo`yicha o`rinbosarlari ishtirokida targ`ibot tadbiri bo`lib o`tdi. Unda Respublika targ`ibot guruhi a`zolari ma`ruza qilishdi. Guruh rahbari Toshkentdan kelgan professor, a`zolari esa Samarqand OTMlari olimlari ekan.
Poytaxtdan maxsus kelgan rahbar besh daqiqacha umumiy tarzda so`zlagandan so`ng, ma`ruzachilar bilan tanishtirdi va ular besh nafar bo`lib, Murojaatnomaning mazmun-mohiyati hamda ustuvor yo`nalishlari bo`yicha ma`ruza qilishlarini e`lon qildi. Navbati bilan minbarga chiqqan ma`ruzachilar beshta yo`nalish – (1) davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish, (2) qonun ustuvorligini ta`minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, (3) iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish, (4) ijtimoiy sohani rivojlantirish, (5) xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag`rikenglikni ta`minlash hamda tashqi siyosat yo`nalishlari bo`yicha o`z fikr-mulohazalarini bayon etishdi.
Ha, aynan bayon etishdi. Har biri 10 daqiqacha vaqt davomida Murojaatnomada o`z yo`nalishi bo`yicha nimalar haqida so`z yuritilganligini takrorladi. Zalda savodli insonlar o`tirganligi, ular mazkur hujjat bilan tanish ekanliklari inobatga olinmadi. Aslida, to`planganlar maktab va mahalla vakillari bo`lganligini inobatga olib, shu yo`nalishda Murojaatnomadan kelib chiqqan holda nimalar qilinishi lozimligini chuqur tahlil etish lozim emasmidi?
Masalan, Murojaatnomada shunday deyilgan: “Temir daftar”ga kiritilgan har bir fuqaroni kambag`allikdan chiqarish bo`yicha “motivasiya, ko`nikma va moliyaviy ko`mak” tamoyili asosida yangi mexanizm joriy etiladi”. Xo`sh, bu o`zi qanaqa tamoyil? Hech bir chiqishda, na matbuot yoki televidenieda, na uchrashuvlarda mutaxassislar bu haqda so`z yuritganidan bexabarman.
Yig`ilish tugadi. Tashkilotchilardan hech kim savol va fikr bildiruvchi bormi deb so`ramadi, to`planganlar umumiy gapdan to`ygan edi, eshik tomon oshiqdi. Kamina ma`ruzachilar huzuriga borib, zalda yig`ilganlar qaysi soha vakillari ekanligini inobatga olib, tahliliy chiqish qilsalaring bo`lmasmidi, dedim. Ular bir-biriga navbat bermasdan 10 kundan beri tumanu shaharlarda targ`ibot ishlarini olib borayotganliklarini, tadbir dasturi shunday tuzilganligini, besh nafar ma`ruzachiga 10 daqiqadan vaqt ajratilganligini aytishdi.
Ana shunaqa gaplar. Hali ko`p targ`ibot tadbirlari tashkil etiladi. Endi ularga yondashuvni tubdan o`zgartirib, har biridan nima maqsad ko`zlanganligini aniqlab, undan so`ng o`tkazish zarur. Aks holda faqat hisobot uchun ishlagan bo`lamiz va holat eskicha qolib ketaveradi...
Axir, maqsadni davlatimiz rahbari aniq belgilab bergan: “Barcha darajadagi rahbarlar pastga tushib, o`z sohasi bo`yicha mahallalardagi muammolarni o`rganishi va ularga echim topishi, odamlar sezadigan natijani ta`minlashi shart”.
Toshpo`lat Rahmatullaev,
jurnalist