2022 yilda muhofazaga olingan madaniy meros ob`ektlariga zarar etkazish holatlari 122 tani tashkil qilgan. Bu bo`yicha 71 ta jismoniy yoki yuridik shaxslar jarimaga tortilgan. Bundan tashqari 24 ta fuqaro jinoiy javobgarlikka tortilgan. O`zboshimchalik bilan er egallanishi yoki muhofaza qilingan erlarga so`roqsiz kirib borish bo`yicha 27 holat aniqlangan. Ushbu holatlar bo`yicha 7 mlrd 805 mln so`mlik jarimalar qo`llanilgan.
Nega madaniy meros ob`ektlari bilan bog`liq bunday holatlar kuzatilmoqda?
Muhofazadagi ob`ektlarni saqlab qolishda agentlikning qanchalik vakolati bor, bu vakolatlar etarlimi? Ijtimoiy tarmoqlar orqali ko`plab muhokamalarga sabab bo`lgan «Anhor» kafesining bugungi kundagi taqdiri nima bo`ldi?
Madaniy meros agentligi mutasaddilariga yuqoridagi mazmundagi savollar berildi.
Bo`zsuv kanali yonidagi «Anhor» kafesining hozirgi holati bo`yicha Madaniy merosni asrashga doir ishlarni lisenziyalash, ruxsatnoma berish, ilmiy-texnik nazorat qilish boshqarmasi boshlig`i Bahodir Haqqulov, 2023 yil 16 fevral kuni agentlik yonidagi qurilayotgan mehmonxona bo`yicha ishchi guruh borib o`rganganligini, haqiqatdan ham ushbu mehmonxona noqonuniy ekanligi aniqlanganini aytdi. Ushbu loyiha madaniy meros agentligi huzuridagi ilmiy-ekspert kengashidan o`tmagan va noqonuniy deb topilgan. «Anhor» kafesi binosi bo`yicha tegishli tartibda O`zbekiston Respublikasi JK ning 132-moddasi bilan, Vazirlar Mahkamasining 265-sonli qarorining 8-ilovasi, ya`ni madaniy meros ob`ektlariga etkazilgan zararni hisoblash metodikasi bo`yicha hisoblab chiqib, tegishli raqamlar bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Shuningdek, Madaniy meros agentligining vakolatlari bo`yicha berilgan savolga madaniy meros agentligi direktorining birinchi o`rinbosari Tursunali Qo`ziev javob berdi:
- «Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan ilmiy ekspert kengashi bor. Bunda ushbu sohaning yirik ekspertlari, mutaxassislari mavjud. Xususiylashtirilgan madaniy meros ob`ektlariga ilmiy-ekspert kengashiga kirib, bugungi ahvolini ko`rishga ruxsat berilmagan. Aslida ularning ham e`tirozi to`g`ri. Lekin shunga qaramay, ekspert kengashi noqonuniy qurilishni aniqlab, prokuraturaga taqdim qilgan», dedi u.
Aslida bunday vakolat madaniy ob`ektlarini muhofaza qiluvchi tashkilotlarda bo`lish kerak emasmi? Yoki agentlik faqat nomi boru, lekin ta`siri yo`q tashkilotmi?